Tojikiston IIV va Bosh prokuraturasi Suriyadagi jangovar harakatlarda ishtirok etishda gumonlanib hibsga olingan 8 kishini ozod qildi. Qariyb to‘qqiz oy hibsda ushlab turilgan yigitlar o‘zlarining hech qachon Suriyada bo‘lmaganini aytishdi.
Joriy yilning mart oyida Tojikiston IIVning Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash boshqarmasi Do‘sti tumanining Kajbed, Qulobod va Zafarobod qishloqlarida istiqomat qilgan 32 kishini Suriyadagi janglarda ishtirok etganlikda gumonlab, hibsga olgan edi. Keyinchalik ularning 24 nafari qo‘yib yuborilgan.
Tojikiston Bosh prokuraturasi xodimlaridan birining Ozodlikka aytishicha, faoliyati taqiqlangan IShID ekstremistik guruhining Rossiyadagi a’zolari Do‘sti tumanidan bo‘lgan 8 mehnat muhojirini aldov yo‘li bilan Suriyaga jo‘natgan. Mulozim so‘zlariga ko‘ra, bu yigitlarga Suriyadan ish topib berish va’da qilingan, lekin ular jang maydoniga tushib qolgan.
“Qo‘lga olinganlar o‘z xatolarini anglab yetishdi va shuning uchun ular jinoiy javobgarlikdan ozod qilindi”, dedi prokuratura mulozimi.
Biroq Kajbed qishlog‘ida yashaydigan 28 yashar Shamsiddin Fathiddinov Ozodlik bilan suhbatda, ular tuhmatga uchraganini aytdi:
“So‘roq paytida men qanday qilib Suriyaga borib qolganim haqida so‘rashdi. Men u erda bo‘lganim yo‘q, bunaqa davlat borligini ham bilmayman, dedim. Aytishlaricha, “mening go‘yoki Suriyaga borganimni” ularga mening tanishlarim aytgan. Menimcha, kimdir bizga tuhmat qilgan va shu tuhmat sabab bizni qariyb bir yil SIZOda saqlashdi”, dedi Shamsiddin.
Hibsdan ozod qilingan boshqa bir gumonlanuvchi, Do‘stmurodning otasi Musta’ol Aliev uning o‘g‘li ham tuhmatga uchraganini Ozodlikka aytdi:
“Mening o‘g‘lim hech qachon Suriyada bo‘lmagan. 2013 yilda uni Rossiyadan deportatsiya qilishgan edi. U keyin bir muddat Qozog‘istonda, akasi bilan birga ishladi va Tojikistonga qaytgan edi”, dedi Musta’ol Aliev.
Bundan avval Musta’ol Aliev qiynoqlar vositasida o‘g‘liga “aybini” tan oldirishga harakat bo‘lganini aytgan edi.
Joriy yilning yozida bir qancha ota-onalar mamlakat prezidenti Emomali Rahmonga murojaat qilib, bu ishga aralashishni iltimos qilgan edi:
“Bizning farzandlarimiz hech qanday asossiz hibsga olingan, ular Suriyadagi urushlarda go‘yo qatnashganligi haqidagi ayblovlarni qiynoqlar ostida tan olgan”, deb yozishgan ota-onalar.
Otalardan biri Mahmadulla Mahmadaminovning Ozodlikka aytishicha, uning o‘g‘li Islomiddinni ham 2014 yilning iyun-avgust oylarida Suriyadagi janglarda qatnashganlikda ayblashgan:
“Bu g‘irt yolg‘on. Mening o‘g‘lim 2014 yilning 7 iyulida Rossiyadan qaytib kelgan edi va 12 avgustda uning nikoh to‘yi bo‘lgan”, dedi Mahmadullo Mahmadaminov.
Ammo, Tojikiston Bosh prokuraturasining terrorizmga qarshi kurash maxsus boshqarmasi boshlig‘i Muzaffar Yusufiyning Ozodlikka aytishicha, bu yosh yigitlarning Suriyadagi janglarda ishtirok etganligi faktlar bilan tasdiqlangan:
“Ular advokatlari ishtirokida o‘z ayblariga iqror bo‘lishgan”, dedi Yusufiy.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Tojikistondan qariyb 1100 kishi Suriya va Iroqdagi janglarga ketgan. Ularning 150 nafari janglarda o‘lgani aytiladi.