Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 14:59

Aliment to‘lamayotganlarni javobgarlikka tortishga mahalla va militsiya ham qo‘shildi


Toshkent shahar hokimligi o‘tgan hafta milliardlab so‘mni tashkil etayotgan aliment bo‘yicha qarzdorlikni undirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlarga oid yangi tashabbusini jamoatchilikka e’lon qildi.

Bu tashabbusga ko‘ra¸ qarzdorlikni undirish jarayonida sud ijrochilariga yordam berishga bundan buyog‘iga mahalla qo‘mitalari¸ uchastka militsiya nozirlari va mehnat birjalari vakillari jalb etiladi.

Bunday hamkorlik¸ aliment to‘lamaslikka ishsizligini bahona qiluvchilarga qarzdorlikni uzish uchun imkon berish maqsadida taklif qilingan. Aytilishicha¸ mahalla faollari va uchastka noziri bilan aliment bo‘yicha qarzdorga o‘z majburiyatini eslatadigan mehnat boshqarmasi vakillari¸ ishsiz qarzdorga ish taklif qiladi¸ vakansiyadagi ishlar rad qilingan holda¸ ishning jinoiy sudga o‘tkazilishidan ogohlantiradi.

Respublika Sud departamentining Toshkent shahar hududiy boshqarmasi xodimlaridan biri Ozodlik bilan suhbatda bu tashabbusni nihoyatda ko‘payib ketgan aliment bo‘yicha qarzdorlik muammosini hal etish yo‘lidagi yaxshi niyat qadami¸ deb baholadi :

- Ey¸ nimasini aytasiz¸ qarzdorlar ko‘payib ketgan. Faqat sud ijrochilarining o‘zining qo‘lidan hech narsa kelmayapti¸ shularga yordam beringlar¸ degan ma’noda bo‘layapti bu. Mahalla va militsiyaga majburiy emas¸ ulardan yordam so‘ralayapti. Bolasi bor oilalarni¸ avvalambor¸ yarashtirishga harakat qilinglar. Yarashmasa¸ majburiyatlarini tushuntiringlar¸ deyilayapti. To‘lasin¸ o‘zini bolasi uchun axir¸to‘lamasa¸ qamalib ketishidan ogohlantiringlar¸ deyishayapti¸ dedi Ozodlik gaplashgan sud ijrochilaran biri.

Bu suhbatdosh hozircha poytaxtda boshlangan bu tashabbus qarzdorlikni qisman kamaytirishga ërdam bersa-da¸ xorijga ketib¸ aliment to‘lamay yurganlardan pul undirishga yaramasligini e’tirof etadi:

- Qochib ketganlarga respublika hududida qidiruv e’lon qilingan¸ kelgan zahoti ular ushlanadi. Qachondir keladi va yig‘ilib qolgan qarzi undiriladi¸ bo‘lmasa qamalib ketadi. O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasida qidiruvdagi shaxslarni topshirishni ko‘zda tutuvchi Minsk konvensiyasi bor¸ lekin aliment to‘lamay qochib yurganlar hozircha bu kelishuvga tushmaydi. Shuning uchun ularni Rossiyadan ushlab olib kelolmaymiz¸ deydi sud ijrochilaridan biri.

Samarqandlik Dilorom opaning qizi 2014 yilda sobiq eridan voyaga yetmagan farzandi uchun aliment undirib berishni so‘rab sudga murojaat qilgan. Qo‘lida sud qarori bo‘lishiga qaramay¸ hozirda 7 ëshga kirgan bola uchun Rossiyada qochib yurgan ota bir tiyin ham aliment to‘lamagan:

- Aprelda uch yil bo‘ladi¸ aliment to‘lamayapti. Sud ijrochiga necha marta borsak¸ har gal bir gapni aytadi – qachon kelsa¸ o‘shanda ushlab¸ qarzini undiramiz¸ deydi. Biz u odamni qidiruvga berganmiz¸ faqat O‘zbekiston bo‘yicha¸ deb aytadi. Rossiyada boshqa xotinga uylanib¸ uning bolalarini boqayapti ekan¸ o‘zining farzandiga bir tiyin ham bermaydi¸ deydi Dilorom opa.

Jizzaxlik mahalla oqsoqollaridan biri Ochil Mirzaev ajralishlar¸ uning ortidan aliment to‘lamaslikning butun O‘zbekiston bo‘ylab jiddiy ijtimoiy-iqtisodiy muammoga aylanganini o‘z mahallasi misolida tasvirlashga urinadi:

- Odamlar chindan ham to‘lamay qo‘ygan. Bir xili 30 million qarz¸ bir xili 7-10 million qarz. To‘la-to‘la¸ deymiz¸ to‘lamasa¸ qamab yuboramiz. Sudning qarori bor¸ sud ijrochilari hisoblab bergan summa bor¸ shuni to‘lamayapti¸ deb hujjat qilsa¸ jinoiy ish ochilib¸ qamalib ketadi¸ deydi baxmallik mahalla oqsoqoli.

Alimentlar bo‘yicha qarzdorlikning ko‘payib ketishiga¸ sud ijrochilarining ishlik va ishsizlardan aliment undirishda qo‘llaydigan ikki xil hisob-kitobi ham sabab bo‘lganini qayd etgan bu oqsoqol¸ O‘zbekiston hukumati aliment hisoblash va undirish mexanizmini soddalashtirishi lozim¸ degan ishonchda:

- Har bir bola uchun projitochniy minimumdan kelib chiqib¸ bir xil miqdor¸ masalan¸ 50 ming¸ 75 ming qilib belgilash kerak¸ unga inflyatsiya darajasi qo‘shib borilishi kerak. Hozirgi tartibda¸ ishi borga kamroq¸ ishsizga esa¸ katta aliment belgilanayapti. Shunga to‘layman desa¸ ko‘pchilikning qurbi etmaydi¸ deydi Ochil Mirzaev.

O‘tgan yil oktabrida ajrashishlar muammosiga bag‘ishlab o‘tkazilgan maxsus majlisda Toshkent shahar hokimi Rahmonbek Usmonov Toshkent shahri ajrashish bo‘yicha O‘zbekistonda birinchi ekani¸ poytaxtda qayddan o‘tgan oilalarning 32 foizi qisqa vaqt ichida ajrab ketayotganini ta’kidlagan edi.

Bu muammoga echim topishni shaxsan Shavkat Mirziëev o‘z nazoratiga olganini aytgan Usmonov¸ ajralishlar sonini kamaytirish maqsadida keskin choralarni ishga solajagi¸ xususan¸ ajralganlar ismi-sharifini "Toshkent" telekanalida o‘qib-eshittirishni yo‘lga qo‘yajagini bildirgan edi.

XS
SM
MD
LG