Линклар

Шошилинч хабар
26 декабр 2025, Тошкент вақти: 09:12

Mirziyoev o‘zbekistonliklarni kitob o‘qishga rag‘batlantiruvchi farmoyish chiqardi


O‘zbek yoshlarining mumtoz adabiyot¸ xususan¸ Navoiy asarlarini o‘qimasligiga oid Eltuz rassomi chizgan karikatura.
O‘zbek yoshlarining mumtoz adabiyot¸ xususan¸ Navoiy asarlarini o‘qimasligiga oid Eltuz rassomi chizgan karikatura.

12 yanvar kuni O‘zbekiston prezidenti“Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida” farmoyish berdi.

Mirziyoev bu farmoyish orqali Bosh vazirga O‘zbekistonda badiiy, ma’rifiy, ilmiy-ommabop, tarbiyaviy, yoshlarning intellektual salohiyatini oshirishga qaratilgan adabiyotlarni chop etish, ular bilan ta’lim muassasalarini ta’minlash, milliy va jahon adabiyoti namoyandalarining yetuk asarlarini saralash, tarjima qilish ishlari puxta o‘ylangan tizim tashkil etishni boshlashni buyurdi.

Prezident topshirig‘iga muvofiq Bosh vazir Abdulla Aripov bir oy ichida tuzadigan ishchi guruh mutaxassislari aholi¸ ayniqsa¸ yoshlar orasida kitob o‘qish va kitobxonlik madaniyatini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar hozirlashi¸ ikki oy ichida esa¸ kitob chop etish va tarqatish sohasidagi davlat siyosatini yurutuvchi vakolatli davlat organini belgilashi lozim bo‘ladi.

Farmoyishda milliy va tarjima asarlari chop etishni ko‘paytirish¸ ularni arzonlatish¸ ayni paytda¸ yoshlarni kitob o‘qish an’anasiga qaytarish ko‘zda tutilmoqda.

Bu farmoyishni olqishlagan O‘zbekiston Kitob palatasi sobiq rahbari¸ adabiyotshunos olim Zuhriddin Isomiddinov¸ davlatning bu sohada, xususan bolalar va yoshlar orasida kitob o‘qish madaniyatini shakllantirishdagi asosiy roli kitob chiqarish va sotishga imtiyozlar berishdan boshlanishi lozimligini aytadi:

- Birinchidan¸ ota-ona bolasiga kitob sotib olmoqchi ekan¸ qiynalmasin¸ ya’ni kitoblar narxi tushirilsin. Bu sohaga davlat dotatsiya ajratmasa bo‘lmaydi. 2011 yili hukumat bir qaror chiqargan edi. Bolalar uchun¸ nogironlar uchun kitob chiqaruvchi shirkatlariga solinadigan soliq yuki 50 foizga kamaytirilgan edi. Lekin bu narsani tegishli idoralar yaxshi tushunmadi shekilli¸ kitoblar arzonlamadi¸ aksincha¸ deydi respublika Milliy kitob palatasi sobiq direktori Zuhriddin Isomiddinov.

Sariosiyolik tarbiyachi Gulbahor opa bolalarini kitob o‘qishga rag‘batlantirishini aytar ekan¸ kitob do‘konlarining kamayib ketgani¸ boridagilarda sotilayotgan kitoblarning ko‘pini olib berishga chog‘i yetmasligini e’tirof etadi:

- Sariosiyoda bor-yo‘q ikkita kitob magazini bor. Uzun (qo‘shni tuman – tahr.)da shu ham yo‘q. Qishloqlarda¸ masalan¸ bizning qishloqda¸ kitob magazini yo‘q. Shaharga tushganda¸ bolamga chiroyli rasmlik ertak kitob olmoqchi bo‘lib¸ narxini so‘rasam¸ 20 ming so‘m dedi. Bitta kitobni buncha pulga olib berishga menga o‘xshaganlarning qurbi yetmaydi. Maktab kutubxonasida boshlang‘ich sinf o‘quvchilari o‘qiydigan ertaklar bor¸ lekin¸ mustaqilikkacha chiqqan kitoblarning ko‘pi yo‘q bo‘lib ketgan. Kichik sinflarda kitob o‘qigan bola ham katta sinfga o‘tganidan keyin¸ yaxshi kitob topolmay¸ o‘qimay qo‘yadi¸ deydi maktabda ishlagan bu suhbatdosh.

Adabiyotshunos olim Zuhriddin Isomiddinovga ko‘ra¸ 31 million aholisi bor O‘zbekistonda kitob chop qilish¸ kitob savdosi bilan shug‘ullanish keskin kamayib ketgan:

- Tadbirkor kitob chop etish¸ kitob sotish bilan o‘zini eplay olmay qolgan. Hozirda kitoblar tiraji nihoyatda qisqargan. Bolalar uchun kitoblar ko‘pi bilan 5000-10 000 tirajda chiqadi. Vaholanki O‘zbekistonda 6¸5 million o‘quvchi bor va bu juda katta raqam. Birinchi qadam sifatida¸ har bir o‘quvchi boshiga bir yilda bitta badiiy¸ bitta ilmiy adabiët chop etishni yo‘lga qo‘yib¸ keyin buni ko‘paytirib borsa¸ maqsadga muvofiq bo‘ladi¸ deydi olim.

Nega aksar o‘zbekistonlik¸ xususan¸ yoshlar kitob o‘qimay qo‘ydi?

Ozodlik o‘tganda ham bu mavzuni ko‘p bora muhokama qilgan va SSSRdagi eng ko‘p kitob mutoalaa qiluvchilar beshligida bo‘lib kelgan o‘zbekistonliklar hayotidan kitoblar¸ xususan¸ badiiy adabiyotning chiqib ketgani sabablarini o‘rganishga harakat qilgan.

Prezident farmoyishi munosabati bilan Ozodlik aksar foydalanuvchilari yoshlar bo‘lgan Odnoklassniki va Facebook ijtimoiy tarmog‘ida kichik so‘rov o‘tkazdi.

Unda mushtariylardan:

O‘zbekistonda yoshlarning kitob o‘qimay qo‘ygani sabablari nimada?

1. Kitoblar qimmatligi; 2. Yaxshi kitoblar yo‘qligi; 3. Adabiyot o‘qitishning yomonlashgani; 4. Umumiy savodxonlik darajasining pasayib ketgani; 5. Yoshlarning pul topish bilan bandligi; 6. Yuqoridagilarning hammasi; 7. Boshqa sabablar (buni kengroq yozib yuboring)” deb so‘raldi.

Birinchi soat davomida kelgan javoblar orasida “o‘qituvchilar obro‘sining traktorchinikidan ham pastligi (Hojiboy Tojiboev hikmatlar kitobidan)”¸” yuqoridagilarning hammasi ham sabab¸ lekin ko‘proq savodxonlik darajasining pasayganligi”¸ “ko‘p kitob o‘qib ilmli bo‘lganlar hozir piëda va ijarada o‘tiribdi. Kitob o‘qiymay to‘p tepib yurganlar Malibu va 2 etajli kottejlarda. Hozirgi yoshlar bundan xulosa chiqarib kitob o‘qimay qolishdi”¸ degan javoblar keldi.

Ozodlik so‘rovida qatnashganlar¸ yoshlar orasida kitob o‘qishga qiziqish yo‘qolib borayotganiga elektron axborot vositalari¸ xususan¸ aqlli telefonlardagi yuklamalar¸ xususan¸ ijtimoiy tarmoqlar ham jiddiy sabab ekanini ta’kidlashdi.

“Hozirgilar talashib-tortishib telefon¸ planshetning yangi rusumini ota onasidan talab qilishadi. Maktabni, o‘qtuvchini ayblash juda oson. Ota-onachi - o‘zi o‘qimasa¸ boladan nimani so‘raydi? Qush inida ko‘rganini qiladi”¸ “hozirda bolalar har xil o‘yinlarga qiziqib ketaëtganligi menimcha. Masalan Playstation va chilim va boshka narsalarga... Bunga ota-onalarning pul topaman deb¸ tarbiyaga qaramayotgani katta sabab”¸ degan izohlar ham yuborishdi Ozodlik so‘rovida qatnashgan o‘zbekistonliklar.

Ozodlikning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga kirib¸ yoxud ushbu maqola ostidagi sharh katakchasi orqali¸ siz ham bu so‘rovda qatnashish¸ o‘z fikr-mulohazalaringizni bildirishingiz mumkin.

XS
SM
MD
LG