Линклар

Шошилинч хабар
28 январ 2021, Тошкент вақти: 00:50

CPJ: Janob Mirziyoev, salafingiz Karimovning qatag‘on siyosatidan voz keching!


O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev.

Qarorgohi Nyu-Yorkda joylashgan Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi (CPJ) O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoevga ochiq xat bilan murojaat qildi. Xatda Mirziyoevga xalq bilan muloqotni jonlantirish uchun mamlakatda ommaviy axborot vositalariga qarshi qatag‘on siyosatidan voz kechish taklif etilgan.

CPJ “edvokasi” bo‘limi rahbari Kortni Radsh nomidan bitilgan maktubda Mirziyoevga saylovoldi kampaniyasi chog‘ida hukumatning xalq oldidagi javobgarligini oshirish haqidagi va’dalari eslatiladi va bunday javobgarlikni ta’minlashning eng to‘g‘ri yo‘llaridan biri mustaqil ommaviy axborot vositalariga qatag‘ondan qo‘rqmay ishlash imkoniyatini kafolatlash ekani urg‘ulanadi.

“O‘zbekistonning ikkinchi prezidenti sifatida qasamyodga keltirilganingizdan bir oy o‘tib Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi ommaviy axborot vositalariga nisbatan salafingiz, mutavaffo (vafot etgan – tahr.) prezident Islom Karimov o‘tkazgan qatag‘on siyosatidan voz kechish va mamlakatda jurnalistlar faoliyatiga oid cheklovlarni bekor qilish chaqirig‘i bilan murojaat qiladi”, deyiladi maktubda.

Kortni Radshning yozishicha, Islom Karimov 2005 yildan buyon tanqidiy materiallar yozgan jurnalistlarning ayrimlarini qamoqqa yo‘llab, qolganlarini quvg‘in qilib, O‘zbekistonda mustaqil va tanqidiy kayfiyatdagi ommaviy axborot vositalarini qariyb yo‘q qilgan.

“O‘zbekiston Konstitutsiyasi so‘z erkinligi, axborot yig‘ish va tarqatish huquqini (29-modda) hamda ommaviy axborot vositalari erkinligini (67-modda) kafolatlashi, senzura esa qonun bilan taqiqlanganiga (67-modda) qaramay, O‘zbekiston Markaziy Osiyo mintaqasida jurnalistlar eng ko‘p mamlakat bo‘lib hisoblanadi”, der ekan CPJ vakili mamlakatda kamida to‘rt nafar jurnalist kasbiy majburiyatlarini bajargani uchun panjara ortida o‘tirgani, kamida yana bir kishi o‘z ixtiyoriga zid ravishda ruhiy kasallar shifoxonasiga yo‘llanganini qo‘shimcha qiladi.

Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, muxolifatdagi “Erk” partiyasi muxbirlari Muhammad Bekjon va Yusuf Ro‘zimurodov jahonda eng uzoq muddat qamoqda o‘tirgan jurnalistlar bo‘lib hisoblanadi. Har ikkalasi ham 1999 yil sentabrida siyosiy sabablarga ko‘ra ozodlikdan mahrum etilgan.

Muhammad Bekjon 14 yilga, Ro‘zimurodov esa 15 yilga qamalgan. 2012 yil yanvarida M.Bekjonning qamoq muddati tugashiga oz qolganda rasmiylar “qamoqxona ichki tartibini buzdi” degan bahona bilan uni yana besh yilga ozodlikdan mahrum qilganlar. 2014 yil mayida ozodlikka chiqishi kerak bo‘lgan Yu.Ro‘zimurodovga ham shu kabi bahona bilan uch yil qo‘shib berganlar.

Samarqand viloyatida fermerlar huquqi buzilayotgani haqida bong urgan Dilmurod Sayyid 2009 yili ta’magirlikda ayblanib, 12,5 yilga qamalgan.

Uznews nashrida ishlagan, “Ozodlik” va “Amerika ovozi” radiolari bilan hamkorlik qilgan qoraqalpog‘istonlik Solijon Abdurahmonov esa giyohvand modda saqlaganlik aybi bilan 2008 yildan buyon 10 yillik qamoq jazosini o‘tamoqda. Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi S.Abdurahmonovga qarshi surilgan ayblovlarni uning jurnalistlik faoliyati uchun o‘ch amaliyoti, deya baholagan.

Mutavaffo prezident Islom Karimovning jiyani Jamshid Karimov mintaqadagi og‘ir ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat to‘g‘risidagi reportajlari uchun 2012 yil yanvaridan buyon Samarqanddagi psixiatrik shifoxonada saqlanmoqda. J.Karimov 2006 yil sentyabridan 2011 yil noyabrigacha ham o‘z ixtiyoriga qarshi ruhiy kasallar shifoxonasida ushlab turilgan.

CPJ mazkur jurnalistlarning hammasida salomatchilik bilan bog‘liq mummolar borligi, ularning kasallari qamoqda yanada zo‘raygani, xususan, M.Bekjon, Yu.Ro‘zimurodov va D.Sayyid silga chalingani, S.Abdurahmonov va J.Karimov oshqozon-ichak kasalliklaridan aziyat chekayotganini qayd etadi.

Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi murojaatida yozilishicha, O‘zbekiston Markaziy Osiyoda 32 milliondan ko‘proq aholi istiqomat qiladigan yirik mamlakat bo‘lib hisoblansa-da, mamlakat Tashqi ishlar vazirligi qoshida (2017 yil 3 yanvaridagi holatga ko‘ra) bor-yo‘g‘i 33 nafar chet ellik jurnalistga akkreditatsiya berilgan, ular ham asosan 10 mamlakatning davlat axborot agentliklarini tamsil etadi.

2005 yil may oyida Andijon shahrida norozilik namoyishining yuzlab ishtirokchisi xavfsizlik kuchlari tomonidan o‘ldirilganidan keyin hukumat Bi-Bi-Si, “Ozod Yevropa/Ozodlik” radiosi,“Assoshieyted Press” agentligi, “Nemis to‘lqini” teleradiokompaniyasi hamda Urush va tinchlikni yoritish instituti kabilarning byurolarini yopgan.

Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi tadqiqotlariga ko‘ra, chet ellik jurnalistlar mamlakatdan badarg‘a qilingan, o‘zbekistonlik muxbirlar esa qamoqqa tushishgan yoki davlat tuzilmalari tomonidan o‘zlari va oila a’zolari ta’qib-tazyiqqa uchraganlari uchun xorijga qochishni maqbul bilganlar.

“Biz Sizni o‘z mamlakatingiz vatandoshlari oldida hukumat mas’uliyati va javobgarligini oshirish haqidagi saylovoldi va’dalaringizni turmushga tatbiq etish uchun davlat vakolatlaridan foydalanishga, buni M.Bekjon, Yu.Ro‘zimurodov, D.Sayyid, S.Abdurahmonov va J.Karimovni ozod qilish haqida zudlik bilan farmon chiqarishga, shuningdek, Sizning hukumatingiz jurnalistlarni faoliyatlari uchun qamoqqa tashlamasligi haqida aniq-tiniq bayonot berishga chorlaymiz”, deyiladi qo‘mita murojaatida.

CPJ vakillariga ko‘ra, O‘zbekiston vatandoshlari Internetdan yangiliklar o‘qish imkoniyatiga ega bo‘lishlari va O‘zbekistondagi voqealarni cheklovsiz yoritish uchun mamlakatga chet ellik jurnalistlarning qaytishi yo‘lidagi barcha g‘ovlarni bartaraf etish Shavkat Mirziyoevning matbuot erkinligiga sodiqligi dalolati bo‘lishi mumkin.

Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi vakillari bu dolzarb masalalarni O‘zbekiston prezidenti bilan bevosita muhokama qilish uchun u bilan shaxsan uchrashishdan mamnun bo‘lajaklarini izhor etganlar.

XS
SM
MD
LG