Линклар

Шошилинч хабар
24 декабр 2025, Тошкент вақти: 06:14

Strasburg sudi o‘zbek qochqinini berib yuborgan Rossiyani jarimaga tortdi


Rossiya qamoqxonasidan ozod etilgan M.Hamidqoriev advokati va rafiqasi bilan
Rossiya qamoqxonasidan ozod etilgan M.Hamidqoriev advokati va rafiqasi bilan

Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi o‘zbek prodyuseri Mirsobir Hamidqorievni O‘zbekistonga berib yuborgan Rossiya hukumatini 19 ming 500 yevro jarimaga tortdi. Sud qaroriga ko‘ra, Rossiyada siyosiy boshpana so‘ragan toshkentlik Moskvadan maxsus xizmatlar tomonidan o‘g‘irlanib, Rossiya hukumati yordamida Toshkentga olib chiqilgan.

Rossiya 19,5 ming yevro jarima to‘laydi

Inson huquqlari bo‘yicha Strasburg oliy sudi o‘zbekistonlik muxolifatchi-prodyuser Mirsobir Hamidqoriev 2014 yilning 9 iyunida Rossiya maxfiy xizmatlari yordamida Toshkentga olib chiqilganini e’tirof etib, Rossiyani jarimaga tortdi.

Bu xabarni Ozodlikka “Memorial” tashkiloti advokati Illarion Vasilyev tasdiqlab berdi.

-Kecha, 26 yanvar kuni Mirsobir Hamidqoriev ishi yuzasidan hukm chiqarildi.Yevropa sudi Yevropa Konvensiyasining 3 va 34 moddalari buzilgan deb topdi va 19 ming 500 yevro jarima soldi. Jarimani Rossiya Federatsiyasi to‘laydi. Hozircha u qaror ustidan shikoyat qilishga yana 3 oy ketadi. O‘ylaymanki, uch oydan keyin qaror baribir kuchga kiradi, dedi Illarion Vasilyev.

Himoyachi shu tariqa Mirsobir Hamidqoriev ishi yuzasidan xalqaro tashkilotlar nazorat qilib borayotganini bildirganini aytdi.

U Mirsobir Moskvadan o‘g‘irlab ketilganidan keyin berilgan 8 yillik qamoq jazosini Namanganning Uyg‘ursoyida o‘tayotganini aniqlaganini aytadi:

- Sobir 2014 yildan buyon o‘tiribdi. Yana 5 yil o‘tiradi. Uni xotini borib kelibdi qamoqxonaga. O‘zbekiston televideniesida bizning NTVga o‘xshagan buyurtma shaklida berilgan “kuchli” intervyusi namoyish etilibdi. Unda Mirsobir o‘zini “terrorchi”, “yomon odam” ekaniga iqror bo‘lgan, xalqdan kechirim so‘ragan. Shu intervyudan keyin unga qiynoq qo‘llashni to‘xtatishibdi. Uni hozir tosh konida qattiq ishlatishayapti ekan, vaholanki uning beli singan. Sharoit yomonligidan tishlari to‘kilib ketibdi, deya Mirsobir Hamidqoriev ahvoli bo‘yicha so‘nggi ma’lumotlarni berdi advokat Illarion Vasilьev.

“Memorial” vakili Mirsobir Hamidqoriev taqdiri kuplab xalqaro tashkilotlar nazoratida qolayotganini tasdiqlab, yaqin orada Amnesty International uning himoyasiga maxsus aktsiya o‘tkazganini ham yodga oldi.

Inson haqlari himoyachisi so‘nggi paytlarda Rossiya hukumati tomonidan o‘zbekistonlik diniy va siyosiy qochqinlarni berib yuborish holatlari kuzatilayotganidan taassuf bildirdi.

Mirsobir tarixi

O‘zbekiston maxsus xizmat idoralariga ko‘ra¸ Mirsobir Hamidqoriev o‘z tarafdorlari bilan 2009 yili “Islom jihodchilari” tashkilotini yaratgan.

Mirsobir Hamidqoriev O‘zbekistonda taqiqlab qo‘yilgan “Nafs” filmiga prodyuserlik qilgan.

Hamidqoriev Toshkentdagi 1,5 million dollarlik mol-mulkidan ayrilgan. Unga tegishli "Mir elektroniki" do‘koni olib qo‘yilgan.

O‘zbekistonda prodyuser Mirsobir Hamidqorievga 2011 yil 3 yanvarda sirtdan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Mirsobir Hamidqoriev 2011 yil 1 aprelda qidiruvga berilgan, 7 iyunda Rossiya IIV federal qidiruv xizmati ro‘yxatiga kiritilgan.

Bu ayblovlar ortidan u o‘tgan yil yozida Moskvadagi huquq-tartibot idoralari tomonidan qo‘lga olingan edi.

O‘zbek prodyuseri Rossiya tergov izolyatorida
O‘zbek prodyuseri Rossiya tergov izolyatorida

7 avgust kuni esa Moskvaning Golovinskaya tumanlararo prokuraturasi Hamidqorievni O‘zbekistonga topshirishga asos yo‘qligi bois hibsdan ozod qilganidan keyin o‘zbek kinoprodyuseri o‘z advokatlari orqali Rossiyadan siyosiy boshpana so‘ragan edi.

37 yashar kinoprodyuser va tadbirkor Mirsobir Hamidqoriev dushanba, 9 iyun kuni kechki soat 7 larda Moskvaning qoq markazidagi "Chistiye Prudi" mavzesida rafiqasi va bolasi ko‘z oldida noma’lum shaxslar tomonidan o‘g‘irlab ketilgani xabar berilgandi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi 18 noyabr kuni unga 8 yillik qamoq jazosi tayinlagan edi.

"Memorial" ma’lumotlarga ko‘ra , "Islom jihodchilari" diniy guruhiga aloqadorlik aybi bilan 40 kishi ushlangan.

"Memorial" faollari o‘z qo‘llaridagi hujjatlarga asoslanib, ushlanganlardan 30 nafari 60 ming dollargacha bo‘lgan pora evaziga ozodlikka chiqarilgani va qolgan 9 kishi, jumladan, Hamidqorievning akasi ham uzoq muddatli qamoq jazolariga hukm qilinganini aytishadi.

O‘g‘irlanguniga qadar Rossiyada istiqomat qilib kelgan Mirsobir Hamidqoriev o‘zining taqiqlangan diniy-ekstremistik oqimlarga aloqadorligi haqida o‘zbek rasmiylari qo‘yib kelgan ayblovlarni tamoman rad qilgan.

XS
SM
MD
LG