Линклар

Шошилинч хабар
14 декабр 2025, Тошкент вақти: 11:54

Toshkent televideniesi Istanbul hujumchisini "millatdoshimiz" deb atadi


Toshkent kanali Masharipov suratini namoyish etdi
Toshkent kanali Masharipov suratini namoyish etdi

Toshkent telekanali yangi yil kechasi Istanbuldagi Reina tungi klubiga qurolli hujum uyushtirgan Abdulqodir Masharipovni "millatdoshimiz" deya tilga oldi. Ammo O‘zbekiston hukumati yoki rasmiy matbuoti Abdulqodir Masharipov haqida bugunga qadar biron bir ma’lumot bergani yo‘q. ​

"Ko‘ngildagi qora dog‘lar" nomli ko‘rsatuvning asosiy qismi porno hamda diniy targ‘ibot filmlarini xorijdan qo‘l telefonlari orqali O‘zbekistonga olib kirish urinishlariga qarshi maxsus guruh olib borayotgan kurashga bag‘ishlangan.

Telekanal orqali 2 fevralda namoyish etilgan ko‘rsatuvda Abdulqodir Masharipov nomi, uning O‘zbekiston vatandoshi ekani tilgan olinmagan.

Filmda hujum joyi Istanbul emas balki Turkiya poytaxti deya noto‘g‘ri qayd etilgan esada, hujumchining "o‘zbek ekanligi hammamizni iztirobga soldi" deya ta’kidlanadi.

15 yarim daqiqalik ko‘rsatuvda Abdulqodirov Masharipovga roppa-rosa yarim daqiqa ajratilgan.

"Ming afsuski, bugun dunyoning olovli nuqtalarida turli terroristik teraktlarni amalga oshirayotganlar orasida millatdoshlarimiz ham uchrab turibdi. Uzoqqa borish shart emas - 2017 yilning ilk kunida Turkiya poytaxtida qo‘poruvchilik harakatini sodir etib, o‘nlab insonlarning umriga zomin bo‘lgan kimsaning ham o‘zbek ekanligi har birimizni iztirobga soldi. Azaladan bag‘ri keng va mehribon o‘zbek xalqining ichidan bunday sotqin va razil yoshlar qachon etib chiqishga ulgurdi, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Aslida bunga bir qarashda ko‘zga tashlanmaydigan loqaydlik va e’tiborsizlik sabab bo‘lmayapti-mi?" - deydi ekran ortidagi ko‘rsatuv boshlovchisi.

Ko‘rsatuvda shuningdek, O‘zbekistonga 2016 yil davomida 102 ming dona noqonuniy materiallarning olib kirilishiga chek qo‘yilgani ta’kidlangan.

Ozodlik 2015 yil dekabrida O‘zbekistonda ekstremist tashkilotlarga aloqador shaxslarni aniqlash bo‘yicha maxsus guruhlar ish olib borayotgani va xorijdan kelgan yo‘lovchilarni maxsus suhbatdan o‘tkazayotgani haqida xabar qilgandi.

Toshkent televideniesi xodimlaridan birining Ozodlikka aytishicha, huquq-tartibot organlari faoliyatiga oid ko‘rsatuvlar "aksar hollarda" ayni organlar tomonidan ularga tayyor holda keltiriladi.

"Aksar hollarda militsiya, bojxona, chegara yoki xafsizlik xizmatlari faoliyatiga oid ko‘rsatuvlarni biz tayyorlamaymiz. Bizga tayyor matn va montaj qilingan materiallar keltiriladi. Bizning xodimlari bunday ko‘ratuvlarga ovoz berishadi xolos," dedi Ozodlik suhbatlashgan Toshkent televideniesining xodimi.

Abu Xurosoniy

34 yashar Abdulqodir Masharipov 1 yanvarga o‘tar kechasi Reina tungi klubiga qurolli hujum qilib, 39 kishini otib tashlagan va yana 69 odamni yaralangan edi.

Hujum uchun mas’uliyatni “Islomiy davlat” radikal guruhi o‘z zimmasiga oldi.

Abu Muhammad Xurosoniy laqabli Masharipov Turkiya bo‘ylab 16 kun davom etgan qidirish amaliyoti natijasida Istanbulda ushlandi.

Masharipov Turkiyaga 2016 yil yanvarida Eron orqali kelgani, bir muddat Ko‘nyo shahrida yashagani, keyin “Islomiy davlat” mas’ullaridan Istanbulda terror xuruji uyushtirish amrini olganini bildirgan.

Ammo O‘zbekiston hukumati yoki rasmiy matbuoti Abdulqodir Masharipov haqida bugunga qadar biron bir ma’lumot bergani yo‘q.

Istanbuldagi hujumdan bir kun o‘tib RIA Novosti agentligi O‘zbekistondagi huquq-tartibot idoralaridagi manbasiga tayanib, maxsus xizmatlar Masharipovning qo‘lga olinishi bilan bog‘liq vaziyatni o‘rganayotganini bildirdi.

Keyinroq Turkiyaning Onado‘li agentligi Abdulqodir Masharipov O‘zbekistonning Qo‘qon shahridan bo‘lgani, Farg‘ona shahrida istiqomat qilgani va O‘zbekistonni olti yil avval tark etib, Afg‘onistonga o‘tib ketgani haqida xabar qildi.

Agentlikka ko‘ra, Masharipov terror guruhiga a’zoligi tufayli O‘zbekistonda qidiruvdagi shaxslar ro‘yxatida bo‘lgan.

Agentlikning ilova qilishicha, O‘zbekiston xavfsizlik xizmati vakillari Turkiya tomoni bilan Abdulqodir Masharipov ishi bo‘yicha yaqin aloqada ekani, terrorchining harakati bo‘yicha tergovda mavjud ma’lumotlarni taqdim etishga tayyorligini ma’lum qilgan.

XS
SM
MD
LG