Линклар

Шошилинч хабар
14 декабр 2025, Тошкент вақти: 03:16

Tojikistonda ayollarga 24 kun atlas va adras kiyish buyurildi


Tojikiston Maorif va fan vazirligi 1 martdan Navro‘z bayrami yakunlanguniga qadar o‘qituvchi ayollar, o‘quvchi va talaba qizlarga o‘quv dargohlariga faqat atlas yoki adras kiyib kelish majburiyatini yukladi.

Tojikiston maorif va fan vaziri o‘rinbosari Odinazoda imzolagan ko‘rsatmaga binoan o‘qituvchi ayollar, o‘quvchi va talaba qizlar 1 martdan boshlab Navro‘z bayrami yakunlanguniga qadar maktab hamda universitetlarga atlas, adras kabi matolardan tikilgan milliy kiyimlarni kiyib kelishi shart qilib qo‘yildi.

Vazirlik matbuot kotibi Ehsoni Hushvaqtning Ozodlik radiosi tojik xizmatiga bergan intervyusida aytilishicha, bunday qarorning qabul qilinishi “tojik xalqining qadimiy an’analarini targ‘ibot qilish hamda qayta tiklash" intilishi bilan izohlanadi.

Dushanba pedagogika instituti xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Salomat Quvvatova oliygohga vazirlik qarori 3 fevralda yetib kelganini aytdi. Unga ko‘ra, bundan avvallari Maorif va fan vazirligi Navro‘z bayrami arafasida ayollar va qizlarga o‘qish joylariga atlas kiyib kelishni tavsiya qilar edi. Ammo joriy yilda qabul qilingan qarorda milliy kiyimlarni kiyish shart qilib qo‘yildi. Qarorga binoan o‘quvchi va talaba qizlar maktab formasini kiymasligiga ruxsat beriladi.

Xabarlarda aytilishicha, mazkur tashabbus Tojikiston prezidenti qoshidagi ayollar va oila ishlari bo‘yicha qo‘mitasi tomonidan vazirlikka taklif qilingan.

Bundan ikki yil oldin Tojikistonda Onalar kuni sifatida nishonlanadigan 8 mart kunida prezident Emomali Rahmon faollar bilan uchrashar ekan, mamlakat shahar va qishloqlarida “tojik madaniyati hamda an’analariga zid ravishda” qora kiyim kiyib yurgan tojik ayollari paydo bo‘lganidan tashvish bildirgan edi.

“Prezident o‘sha chiqishida “hijob” degan so‘zni tilga olmagan bo‘lsa-da, ko‘pchilik o‘shanda hukumatdagilar hijob urf bo‘layotganidan norozi ekanini anglagan edi”, deb yozadi Ozodlik radiosi tojik xizmati.

Bundan avvallari ham Tojikistonda “tojikcha an’analar va qadriyatlarni targ‘ib qilishga” qaratilgan qator qonunlar qabul qilingan edi.

Masalan, o‘tgan yilning 29 aprelida Tojikistonda yangi tug‘ilgan chaqaloqlarga ruslarga xos qo‘shimcha bilan tugaydigan familiya berishni man etuvchi qonun kuchga kirdi.

2016 yil boshida Tojikiston parlamenti arabcha va “xorijiy” eshitiladigan ismlarni man qiluvchi qonun loyihasini qabul olgan edi.

Ismlarni tojikchalashtirishni familiyasidan ruscha -ov qo‘shmchasini olib tashlash bilan 2007 yilda mamlakat prezidenti Emomali Rahmon boshlab bergan.

XS
SM
MD
LG