Линклар

Шошилинч хабар
26 июн 2022, Тошкент вақти: 17:22

Vazir o‘rinbosari “tez yordam” nochor ahvolda ekanini tan oldi


Farg‘onada virtual qabulxona murojaatlariga bepisand mansabdor javobgarlikka tortildi. Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari O‘zbekistonda “tez yordam” bilan bog‘liq dolzarb muammolar borligini e’tirof etdi. Qashqadaryoda poraxo‘r yo‘l noziri ozodlikdan mahrum etildi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

_______________________________________________________________

Virtual qabulxona murojaatlariga javob yo‘llashni paysalga solgan mansabdor javobgarlikka tortildi

Farg‘ona viloyatidagi “Vodiygazta’minot” unitar korxonasi rahbari A.Ergashev virtual qabulxonaga kelgan murojaatlarga javob yo‘llashni paysalga solgani uchun ma’muriy javobgarlikka tortildi (“Huquq”, 16 fevral). Davlat korxonasi mansabdorlari belgilangan bir oy muddat o‘tib ketsa-da, virtual qabulxona orqali kelgan 47 ta murojaatni ko‘rib chiqish chorasini ko‘rmagan. 232 ta ko‘rib hal etilgan murojaatga javob yo‘llash ham kechiktirilgan. “Vodiygazta’minot” davlat korxonasiga yo‘llangan yana 31 ta murojaat Pm.gov.uz saytidan tegishli tartibda yuklab ham olinmagan. Qayd etilishicha, Farg‘ona viloyatining turli tumanlaridan davlat korxonasiga yo‘llangan murojaatlarning aksari gaz yo‘qligi yoki gaz bosimi kamligi haqidadir.

Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari: Tez yordamning kechikish hollari rasmiy statistikadan ham ko‘proq

O‘zbekiston bo‘yicha tez tibbiy yordamning kechikib kelishi hamon dolzarb muammo bo‘lib qolmoqda (“Darakchi”, 16 fevral). Rasmiy statistikaga ko‘ra, kechikish 15-20 foizni tashkil etadi. Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari, Respublika shoshilinch tibbiy yordam markazi bosh direktori Abduhakim Hojiboevga ko‘ra esa, bu ko‘rsatkich rasmiy statistikadan ko‘proq. Qayd etilishicha, 32 millionli aholiga tez tibbiy yordamni me’yorida tashkil etish uchun 2400 ta avtomashina kerak. Ayni paytda esa 1800 tadan ko‘proq mashinadan foydalanilyapti. Ammo ularning yarmidan ko‘pi texnik talabga javob bermaydi. Vazir o‘rinbosari bu masalani ikki oyda hal etishga va’da bergan.

“O‘zstandart” agentligi sifatsiz oziq-ovqat mahsulotlarini fosh etdi

“O‘zstandart” agentligi mamlakatdagi savdo rastalaridan 34 xil kundalik oziq-ovqat mahsulotini sinov tariqasida xarid qilib, laboratoriyalarda tekshiruvdan o‘tkazdi. “Darakchi” nashri xabariga ko‘ra, tekshiruv asnosida mahsulotlarning tvorog, qaymoq, kefir, osh tuzi, margarin, kolbasa kabi 13 xili me’yoriy sifat talablariga javob bermasligi aniqlangan. “Bu tekshiruv natijalarining achinarlisi shundaki, sifati talabga javob bermaydigan aksariyat mahsulotlarning asosiy iste’molchilari bolalardir”, deydi agentlikning Toshkent shahar sinov va sertifikatlashtirish markazi mutaxassisi Hilola Toshpo‘latova. Sifatsiz mahsulotlar aynan qaysi savdo rastalarida fosh etilgani ochiqlanmagan.

Ichki ishlar xodimi poraxo‘rligi uchun ozodlikdan mahrum etildi

Qashqadaryo viloyati IIB yo‘l-patrul xizmati batalyoni inspektori Sh. Toshboev nafsi hakalak otib, tamagarlik qilgani uchun ozodlikdan mahrum etildi (“Postda”, 11 fevral). Inspektor viloyatning Yakkabog‘ tumani hududida mashinani hujjatsiz boshqarib ketayotgan haydovchi J.Odilovdan 300 ming so‘m pora talab qilgan. Haydovchi qolgan pulni keyin keltirish va’dasi bilan 150 ming so‘m bergan. Inspektor Sh.Toshboev bir nechta marta J.Odilovni to‘xtatib, pulning qolganini qachon berishini so‘rab holi-joniga qo‘ymagan. “Bundan sabr kosasi to‘lgan haydovchi oxiri pichoq borib suyakka taqalganini his qildi. Bu haqda huquq-tartibot organlariga xabar berdi”, deb yozadi IIV nashri.

XS
SM
MD
LG