Линклар

Шошилинч хабар
25 декабр 2025, Тошкент вақти: 14:52

Narpaylik shaxs o‘z xotinini bo‘g‘ib o‘ldirganlikda gumonlanib hibsga olindi


Samarqand viloyati Narpay tumanining Guliston mahallasida yashaydigan 36 yashar shaxs xotinini bo‘g‘ib o‘ldirganlikda gumonlanib, hibsga olindi. Qotillikning 6 mart kuni sodir bo‘lganini tasdiqlagan Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasi rasmiysi¸ fojiaga qaynona-kelin urushi sabab bo‘lganini bildirdi.

36 yashar narpaylik A.T. 34 yashar xotini N.T.ni o‘ldirganlikda gumonlanib, tuman ichki ishlar xodimlari tomonidan hibsga olindi.

Bu haqda Ozodlikka xabar bergan A.T. mahalladoshlaridan birining aytishicha, ayol eri tomonidan 6 mart kungi janjal oqibatida bo‘g‘ib o‘ldirilgan.

“Bugun soat 11da o‘sha ayolning janozasi bo‘ldi. Eru-xotin qattiq janjallashib qolgan va eri achchiq ustida xotinini bo‘g‘ib qo‘ygan. Ularning to‘rtta farzandi bor edi, kattasi 5- sinfda o‘qiydi”, dedi Guliston mahallasida yashovchi manba.

Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasining o‘zini tanishtirmagan mulozimi hibsga olingan shaxs O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 97-qasddan odam o‘ldirish moddasi bilan ayblanayotganini aytdi.

“A.T. hozir Narpay tumani Ichki ishlar bo‘limida tergov qilinmoqda. Uning ustidan jinoyat ishi ochilgan. Dastlabki tergovdan ma’lum bo‘lishicha, ayol erining onasini qattiq xafa qilgan. O‘rtada qattiq janjal chiqqan, keyin eri xotinini uyga olib kirib, odeyaloni og‘zi burniga bosib bo‘g‘gan. Ayol o‘sha joyning o‘zida o‘lgan. Ekspertiza xulosasida ham ayolning bo‘g‘ilishdan o‘lganligi aytilgan”, dedi mulozim.

Ismi sir qolishini so‘ragan Guliston mahallasi faollaridan birining aytishicha, bu oiladagi janjal bir necha yildan buyon davom etib kelgan.

“A.ni yaxshi taniyman, ilgari Rossiyada mehnat muhojiri bo‘lgan, hozir esa Toshkentga borib ishlab kelardi. Bular oilasida tez-tez janjal bo‘lib turardi. Asosan¸ kelin bilan qaynona chiqishmas edi. O‘tgan yilning noyabr oyida kelini qaynonasini urib, ko‘kartirib, kasalxonaga yotqizgan edi. Avval ham ular qattiq janjallashib, ajrashgan va keyinchalik yana yarashgan edi”, dedi mahalla faoli.

O‘zbekistonda maishiy muammolar negizida bunday fojialar tez-tez ro‘y berib turadi.

2015 yilning noyabrida Xorazmning Urganch tumani G‘oybu qishlog‘ida 30 yoshli ayol oilada yetishmovchilik sabab ikki farzandini pichoqlagan edi. Oqibatda 7 yoshli qizi hayotdan ko‘z yumgan, 10 yoshli o‘g‘li og‘ir yaralangandi.

O‘tgan yilning iyul oyida Samarqandning Bulung‘ur tumanidagi Pastki Qo‘shtamg‘ali qishlog‘ida ayol piyonista erini pichoqlab o‘ldirgani haqida Ozodlik xabar bergan edi.

2015 yilning fevral oyida esa Navoiy viloyati Karmana tumanida yashovchi 28 yashar ayol o‘z otasini bolta bilan chopib o‘ldirganlikda gumonlanib hibsga olingan edi.

XS
SM
MD
LG