Surxondaryoda 23 ta bolalar bog‘chasida kunduzi bolalar jismoniy jazolanadigan, tunda esa fohishaxona tashkil qilingani holatlari aniqlangach¸ O‘zbekiston bo‘ylab barcha bog‘chalarda maxsus tekshiruv va reydlar o‘tkazilmoqda. Hozirda mamlakatdagi har bir bog‘chaga hokimlikdan maxsus vakil nazoratchi o‘laroq tayinlangan.
Tekshiruvga barcha idoralar jalb qilingan
Huquq-tartibot idoralari, mahalliy hokimliklar va mutasaddi tashkilotlardan iborat 5-6 ta maxsus guruh bir paytning o‘zida alohida-alohida ravishda mamlakat bog‘chalarini taftish qilmoqda.
Bu haqda Ozodlikka gapirgan O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligidagi ma’sul xodimning aytishicha, Surxondaryodagi bog‘chalarda fohishaxona tashkil qilingani voqeasi barcha idoralarni “oyoqqa turg‘izgan”.
“Prokuratura idoralari bog‘chalardagi jinoyatchilik holatlarini o‘rganmoqda. Ichki ishlar xodimlaridan iborat maxsus guruh ham o‘z tekshiruvini olib borayapti. Hokimlik ham o‘z guruhlarini bog‘chalarga jo‘natgan. Xalq ta’limi bo‘limlari bog‘cha xodimlarining diplomlarini tekshirayapti. Mehnat birjalari esa bog‘cha mudiralari qarindosh-urug‘chilikka yo‘l qo‘yganmi-yo‘qmi, shuni o‘rganayapti. Bu idoralar o‘z tekshiruvlarini bir-biridan mustaqil ravishda alohida o‘tkazmoqda. Bunga qo‘shimcha huquq-tartibot idoralari reydlar ham o‘tkazayapti”, dedi Xalq ta’limi vazirligi mas’uli.
Ishdan bo‘shatishlar avjida
Vazirlik mas’uliga ko‘ra, tekshiruvlar boshlanganiga 2-3 kun bo‘lganiga qaramay, ba’zi viloyatlarda mutasaddi xodimlar ishdan olingan.
“Hali tekshiruvlar yakunlanmagani uchun aniq raqam aytish qiyin. Shu 5-6 ta viloyatda Xalq ta’limi boshqarmalaridagi bog‘chalar uchun mas’ul shaxslar ishdan bo‘shatildi. Masalan, Samarqandda o‘tkazilgan tekshiruvlarda aniqlangan qonunbuzilishlar natijasida viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi metodisti Mamlakat Ravshanova va uslubchi Dilfuza Azizova ishdan olindi”, dedi vazirlik ma’suli.
Mas’ul ma’lumotiga ko‘ra, hozircha o‘tkazilayotgan tekshiruvlarda Surxondaryodan tashqari boshqa viloyatlar bog‘chalarida tungi fohishaxonalar tashkil qilish holatlari aniqlanmagan.
Hokimliklar bog‘chalarni nazoratga oldi
Mamlakat bo‘ylab o‘tkazilayotgan bog‘chalar tekshiruvi mahalliy hokimliklar nazoratida o‘tmoqda.
Bu haqda Ozodlikka gapirgan Qashqadaryo viloyat hokimligi mulozimiga ko‘ra, bog‘chalar bilan bog‘liq vaziyat hokimlikning dolzarb masalalaridan biriga aylangan.
“Qo‘shnimiz Surxondaryodagi bog‘chalarda fohishaxona tashkil qilingani haqidagi xabardan so‘ng ishchi guruhlar tashkil qilindi. Viloyat hokimi o‘rinbosarlari va tuman hokimliklari o‘rinbosarlari bog‘chalardagi vaziyat uchun javobgar tayinlandi. Bog‘chalarga hokimliklardan vakil tayinlandi. Shu vakil bog‘chada biror noxushlik sodir etilmasligini nazorat qiladi”, dedi Qashqadaryo viloyat hokimligi mulozimi.
Surxon bog‘chalarini tekshirish davom etmoqda
Surxondaryoda ham bog‘chalarni kompleks tekshirish jarayoni davom etmoqda.
Viloyatda mavjud 290 ta bog‘chadan hozircha 100 ga yaqini taftish qilingan va ularning 23 tasida tungi fohishaxona borligi aniqlangan.
Surxondaryo viloyat hokimligi xodimiga ko‘ra, tungi fohishaxonasi bor bog‘chalar soni yana oshish xavfi yo‘q emas.
“Hali tekshiruvlar yakunlanmadi. Priton-bog‘chalar soni ham hozircha noma’lum. Lekin jiddiy tekshiruv ketayapti. Reydlar davom etayapti. Balki yana priton-bog‘chalar topilar, buni tekshiruv natijalari e’lon qilinganda bilamiz endi. Yaqinda Toshkentdan ham maxsus guruh kelib, bog‘chalarni tekshirib ketdi", dedi hokimlik xodimi.
Surxondaryo mulozimlaridan olingan ma’lumotga ko‘ra, bog‘chalardagi tekshiruvlar ortidan 17 ta bog‘cha mudirasi, yana o‘nga yaqin mulozim ishdan olingan. Shuningdek, Surxondaryo mahkamasi jami besh kishini bog‘chani fohishaxonaga aylantirish aybi bilan ozodlikdan mahrum qilgan.
Tarmoqni larzaga solgan “priton bog‘cha” videosi
Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryoning Denov, Angor va Termiz shaharlaridagi bolalar bog‘chalarida tungi paytlarda qo‘shmachilik va fohishaxona saqlash faoliyati yuritganlik holatlari aks etgan visdeotasvir muhokama qilinmoqda.
Bu videolavha o‘tgan yilning noyabrida Surxondaryodagi bog‘chalarda olib borilgan IIB tadbirlari materiallariga asoslangan.
Videolavhada Surxondaryoning Denov, Angor va Termiz shaharlaridagi bog‘chalarning kechqurunlari fohishaxonaga aylangani aks etgan.
Unda¸ xususan¸ bog‘cha qorovullari bolalar dam oladigan xonani pul evaziga jinsiy xizmat ko‘rsatadigan ayollarga bergani ham ko‘rsatiladi.