Линклар

Шошилинч хабар
30 июн 2022, Тошкент вақти: 09:17

Toshkent militsiyasi hech bir izohsiz “Jizzax” kafesiga reyd uyushtirib¸ yuzga yaqin odamni ushlab ketdi


2010 yildan boshlab O‘zbekiston bo‘ylab "qora maskalilar" shousi kuchayib¸ tadbirkorlar ko‘ngliga qattiq qo‘rquv solib kelayotgan edi. Bu surat 2013 yil Bo‘stonliqda uyushtirilgan reydga oid.

Toshkent shahar Chilonzor tumani Qatortol ko‘chasida joylashgan “Jizzax” kafesiga 3 mart kuni kechqurun itlar bilan qo‘qqisdan bostirib kirgan militsiya xodimlari xo‘randa va kafe xodimlarining hammasini avtobusga bosib, ichki ishlar bo‘limiga olib ketdi. Olib ketilgan mijozlardan birining Ozodlikka aytishicha, ular tongga qadar ko‘chada ushlab turilgan va turli jarima solingandan so‘ng, qo‘yib yuborilgan.

Shikoyat

"Jizzax" kafesi boshqaruviga aloqador xodimning 8 mart kuni Ozodlikka aytishicha¸ 3 mart kungi kutilmagan militsiya reydi kafe mijozlari orasida kuchli sarosima tug‘dirgan va kafe faoliyatiga jiddiy zarar yetkizgan.

Shu munosabat bilan "Jizzax" kafesi direktori militsiya reydi va o‘z ishchilarining nohaqdan jarimaga tortilishini o‘rganib chiqib¸ mijozlar yo‘qotilgani ortidan etgan iqtisodiy zararni qoplashda yordam so‘rab Prezident xalq qabulxonasi va Bosh prokuraturaga arz qilmoqchi.

"Men kafening direktorini taniyman, Jasur degan bir yigit. O‘sha kuni u militsiya xodimlariga "nima asosda itlar bilan bostirib kirdilaring, qani tekshirishga hujjatlaringni ko‘rsatinglar" desa ham, hech kim quloq solmadi. Itlar bilan hamma yoqni iskatib chiqishdi. Menimcha narkotik izlashdi, lekin hech narsa topisholmadi. Xo‘randa va kafe ishchilarini turtib-surib avtobusga tiqishdi. Oddiy odamlarga ham xuddi ashaddiy jinoyatchini ushlaganday muomala qilishdi. Jarima qilinmagan odam qolmadi, hisob. Doimiy mijozlar qo‘rqib, kafega kelmay qo‘ydi, ", dedi kafe faoliyatidan yaxshi xabardor Ozodlik suhbatdoshi.

Reyd tafsilotlari

3 mart kuni kechqurun soat 10 lar atrofida "Jizzax" kafesiga uyushtirilgan reyd paytida ayni kafeda bo‘lgan mijozlardan biri o‘zi guvoh bo‘lgan kutilmagan "bosqin"ni Ozodlikka batafsil hikoya qildi:

- Biz, xo‘randalarni ham ayamay Isuzi avtobusiga tiqishdi. Ichki ishlar bo‘limida, tonggi soat 5 gacha tashqarida, sovuqda turdik. Bir yigit nima uchun turganini so‘ragan edi, ikki militsiya xodimi uni urib izolyatorga olib kirib ketishdi. Hammaning pasporti tekshirildi. Kimning pasporti yo‘q bo‘lsa¸ izolyator qilindi. Kimni vaqtinchalik propiskasi bo‘lmasa, jarimaga tortildi. Vodiydan kelgan bir maktab direktori bor ekan. Uning xizmat safari guvohnomasi ham bor ekan. O‘shani ko‘rsatuvdi¸ militsiya xodimi uni yirtib tashladi va endi hujjat yo‘qligini aytib¸ jarimaga tortdi, deydi 3 mart kungi reyd guvohi.

Reyd mahali "Jizzax" kafesida ovqatlanib o‘tirgan boshqa bir xo‘randaning Ozodlikka aytishicha¸ to‘satdan bostirib kirgan militsiya xodimlari kafe direktoriga ham hech qanday hujjat ko‘rsatmagan¸ reyd sabablari haqida izoh bermagan.

"Oddiy odamlarga ham xuddi ashaddiy jinoyatchini ushlaganday muomala qilishdi. Mening pasportim bo‘lsa ham Toshkentda propiskang yo‘q ekan deb, jarima qilishdi. Jarima qilinmagan odam qolmadi, hisob", dedi kafe mijozlaridan yana biri.

Militsiya tasdiqladi

Chilonzor tumani Ichki ishlar bo‘limining o‘zini tanishtirmagan mulozimi, 3 mart kuni shunday reyd bo‘lgani va "Jizzax" kafesi mijoz va ishchilarining o‘sha tunda militsiya bo‘limiga olib kelinganini tasdiqladi.

«Bizda faqat kechasi ishlaydigan «Manzil-6» guruhi bor. Ular Isuzi avtobusida tungi navbatchilikka chiqishadi. Asosiy vazifasi - hujjatsiz yurgan fuqarolarni ushlab olib kelish va jarimaga tortish. Lekin nima sababdan "Jizzax" kafesiga borishgan, buni bilmayman. Balki biror signal tushgandir», dedi mulozim.

Toshkent shahar militsiyasida ishlagan sobiq zobit Ozodlik bilan suhbatda bu tadbirning militsionerlarga solingan jarima planini bajarish uchun uyushtirilgan bo‘lishini taxmin qiladi.

"Toshkent shahrida ishlaydigan militsiya xodimlariga solingan jarima plani bor. Mening, eshitishimcha, har bir xodim 4 million so‘mlik jarima manbai topib kelishi kerak. Bu reja bajarilmay qolgan va Chilonzor tumani IIB byudjet oldidagi qarzdorligini yopish uchun shunday tadbir olgan bo‘lishi mumkin", dedi sobiq ichki ishlar zobiti.

Ozodlik hozircha bunday reydning qaysi asosda uyushtirilganiga oid rasmiy ma’lumotga ega emas.

Mirziyoev tadbirkorlik sub’ektlarini tekshirishni deyarli taqiqladi¸ ammo...

O‘zbekiston prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoev 5 oktabrda imzolagan “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni ga asosan, 2017 yil 1 yanvaridan tadbirkorlik sub’ektlarini rejadan tashqari tekshirishning barcha ko‘rinishlari taqiqlandi.

Bozorlardagi savdogarlar¸ qolaversa¸ kattayu kichik biznes sub’ektlari yillar davomida "qora maskalilar" deb atalgan sirli guruh bosqiniga uchrab kelgan O‘zbekistonda bu farmon tadbirkorlarni nazorat tizimlari bedodligidan qutqarish chorasi sifatida ko‘rilgan edi.

Ammo Shavkat Mirziyoevning o‘zi prokuroratura xodimlari bilan 7 yanvar kungi uchrashuvda davlat nazorat organlarining tadbirkorlar faoliyatiga noqonuniy aralashuvi davom etayotganini e’tirof qilgan edi:

-Tadbirkor yo‘liga qarshi chiqish davlat siyosatiga, prezident siyosatiga qarshi chiqishdir. Afsuski, bu borada aytilayotgan gaplar, ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga qaramasdan mansabdor shaxslar tomonidan tadbirkorlarga nisbatan ta’magirlik holatlari hali-beri uchrab turibdi. Bu esa tadbirkorlarda haqli norozilik uyg‘otmoqda. Bunday holatlarning har biri bo‘yicha aybdor shaxslarni aniqlab,so‘zsiz jinoiy javobgarlikka tortish shart, -degan edi Mirziyoev.

Shavkat Mirziyoev prokurorlar bilan uchrashuv¸ qolaversa boshqa yig‘inlarda ham tadbirkorlik faoliyatiga to‘sqinliklar qo‘yilishi ishsizlikning ko‘payishi, buning ortidan esa jinoyatchilik o‘sishiga sabab bo‘lishini ta’kidlagan.

XS
SM
MD
LG