Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:41

BMT o‘tkazgan monitoring Eronda siyosiy qatag‘onlar, qatllar avj olganini ko‘rsatdi


BMTning Eron bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Asma Jahongir.
BMTning Eron bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Asma Jahongir.

Eronda inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyatni o‘rganayotgan BMT rasmiysi mamlakatda islohotchilar tazyiq ostida ekanligini, qo‘lga olinganlar tahqirlanib, qiynoqqa tutilayotganini hamda kishini xavotirga soladigan darajada ko‘p odam qatl etilayotganini bildirdi.

BMTning Eron bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Asma Jahongir 13 mart kuni BMT Inson huquqlari qo‘mitasi chiqish qilib, “Barcha hisobotlar fuqarolar qattiq nazorat qilinayotganini hamda demokratik erkinliklar keskin cheklanganini ko‘rsatadi”, dedi.

19 mart kuni Eronda prezident saylovi bo‘lib o‘tadi. Jahongir o‘z nutqi davomida saylovga to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘xtalmadi, ammo 2009 yilgi saylov natijalarini shubha ostiga olgan uch muxolifatchi – sobiq bosh vazir Mir Husayn Musaviy, uning rafiqasi Zahra Rahnavard hamda sobiq din peshvosi Mehdi Karribiy deyarli 6 yildan beri rasmiy ayblovsiz uy qamog‘ida qolayotganini ta’kidladi.

Jahongir yana hukumat matbuot vakillariga tazyiq o‘tkazib, senzurani kuchaytirayotganidan xavotir bildirdi.

Jahongir 6 mart kuni e’lon qilgan hisobotda yozilishicha, 2016 yiling 13 dekabrigacha “kamida 24 jurnalist, blogger hamda ijtimoiy tarmoq faoli o‘zining tinch faoliyati uchun qo‘lga olingan yoki jazoga hukm qilingan”.

Jahongirning aytishicha, Eron vebsaytlarni bloklashni, Internet foydalanuvchilari, blogger va ijtimoiy tarmoq faollarini qo‘rqitib, tazyiq ostiga olishni hamda Internet tezligini cheklashni davom ettirmoqda.

6 mart kuni e’lon qilingan hisobotda Jahongir Eronda juda ko‘p odam qatl etilayotgani yuzasidan xavotir bildirgan. Hisobotga ko‘ra, o‘tgan yilda mamlakatda 530 odam qatl etilgan. Yil boshidan beri esa 156 nafar odam qatl etilgan.

2016 yilda qatl etilganlarning kamida 5 nafari jinoyat sodir etgan paytida hali 18 ga to‘lmagan bo‘lgan. Jahongirning ta’kidlashicha, o‘tgan 10 yillikda Eron boshqa davlatlarga solishtirganda eng ko‘p balog‘atga yetmagan jinoyatchilarni qatl etgan.

Jahongir Eron rasmiylarini “zudlik bilan, hech bir cheklovsiz bolalarni o‘lim jazosiga hukm qilishni man qilishga hamda 18 yoshga to‘lmasdan qo‘l urilgan jinoyatlar uchun chiqarilgan o‘lim jazosi hukmlarini engillatish bo‘yicha keng qamrovli jarayonni boshlashga” chorladi.

BMT rasmiysi yana Eronni o‘lim jazosiga moratoriy qo‘yishga chaqirdi.

Eron dunyoning eng ko‘p odam qatl etiladigan davlatlaridan biridir. Qatl etilganlarning aksari giyohvand moddalar bilan bog‘liq jinoyatlarda aybdor deb topilgan.

Jahongir o‘tgan yilda hozirgi lavozimiga tayinlanganidan beri qiynoqlar, jumladan, amputatsiya, ko‘r qilish, kaltaklash kabi jazolar keng qo‘llanilayotgani haqida bir necha hisobot olganini aytdi.

Jahongir yana bolalarning oila qurishi masalasiga ham e’tibor qaratdi. Rasmiy Eronni bolalar oila qurishini man etishga hamda mazkur udum haqida tushuntirish ishlarini olib borishga chorladi.

BMT rasmiysi yana Erondagi tan olingan va olinmagan ozchiliklar ahvoli haqida ham xavotir izhor qildi.

6 martdagi hisobotda: “Bahoiylar sistematik tarzda diskriminatsiya qilinmoqda va ishlash huquqidan judo qilinmoqda”, deyiladi.

Jahongir yana Eron hukumati xristian dinini qabul qilganlarni va sufiy guruhlarni siquvga olayotganini aytdi.

“Ushbu guruhlarni asossiz qo‘lga olish, tahqirlash, qamash davom etmoqda. Ular ko‘pincha “milliy xavfsizlikka qarshi chiqish” yoki “hukumatga qarshi targ‘ibot qilish” kabi milliy xavfsizlik bilan bog‘liq jinoyatlarda ayblanadi”.

XS
SM
MD
LG