Moskvada O‘zbekiston tomonining so‘rovi asosida "Novaya gazeta" muxbiri Ali Feruz qo‘lga olingan. Rossiya matbuoti xabariga ko‘ra, asli ismi Xudoyberdi Nurmatov bo‘lgan o‘zbekistonlik bu yigit Rossiyaga “noqonuniy kirib kelganlik” va “radikal islomiy tashkilotga da’vat qilganlikda” ayblanmoqda.
16 mart kuni ertalab Moskvada O‘zbekiston vatandoshligiga ega “Novaya gazeta” nashri muxbiri Ali Feruz politsiyachilar tomonidan hibs etildi.
Bu habarni Ozodlik Radiosiga tasdiqlab bergan “Novaya gazeta” nashri rasmiy vakilasi Nadejda Prusenkova Ali Feruz hozirda Moskvaning “Presnya” politsiya bo‘limida ushlab turilganini bildirdi.
- Biz tasdiqlaymizki u ertalab hibs etildi va hozir “Presnya” bo‘limida qolmoqda. Uning oldiga hozir advokat kiritildi, surishtiruv ishlari olib borilayapti. Bizning ma’lumotimizga ko‘ra, politsiyaning shaxsan unga nisbatan hech qanday e’tirozi yo‘q. Rasmiy javobga ko‘ra, u hujjat tekshirish paytida qo‘lga olingan. Ammo uni FSB xodimlari so‘roq qilayotgani ma’lum. Buning hammasi O‘zbekistondan kelgan so‘rov bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini taxmin qilib turibmiz. Life kabi nashrlarda paydo bo‘lgan ayblovlarning hammasini bemani gap deb bilamiz. Ali bizda 1 yildan ortiq vaqt ishlayapti va u oddiy jurnalist – hech qanday “da’vatchi” yoki “ekstremist” emas. Bu ayblovlarni biz shaxsan o‘zimizga qaratilgan provokatsiya deb bilamiz. U ko‘plab inson haqlari himoyasi va volontyorlik tashkilotlari bilan hamkorlik qilgan. Biz u uchun oxirigacha kurashamiz, dedi nashr rasmiy vakilasi Nadejda Prusenkova.
“Novaya gazeta” darhol o‘z saytida o‘zbekistonlik qochqin himoyasiga maqola chop etdi.
Gazeta bosh muharriri Dmitriy Muratov Ali Feruz O‘zbekistonga topshirilsa uni u yerda o‘lim kutayotgani haqda aytdi.
Dmitriy Muratov asl ismi Xudoyberdi Nurmatov bo‘lgan Ali Feruz O‘zbekistonda tug‘ilgani, biroq onasi rossiyalik bo‘lgani sababli Gorno-Altaysk shahrida yashab, maktabni tugatgani, keyin O‘zbekistonga qaytib ketganini eslatdi.
8 yil muqaddam Ali O‘zbekiston Milliy Xavfsizlik Xizmati bosimi ostida Rossiyaga qochib keladi va Amnesty International tashkiloti bilan hamkorlik qila boshlaydi. Rus tili va Markaziy Osiyoning bir qancha tillarini mukammal bilgan, qalami o‘tkir o‘zbekistonlik bu yigit Rossiyaning eng nufuzli “Novaya gazeta” nashriga muxbir sifatida ishga qabul qilinadi.
2012 yilda u O‘zbekiston pasportini yo‘qotib, hozirgacha qochqinlik maqomini ololmasdan yurgani aytildi.
Ferghananews.com nashriga ko‘ra, Ali Feruz Rossiyada qonuniy asosda yashab kelgan.
Ayni paytda, “Presnya” politsiya bo‘limi eshigi ostida o‘tirgan Life nashri muxbirlari allaqachon “Nurmatov 2007 yilda “At-Takfir val xijra” radikal tashkilotiga da’vat etganlik” ishi yuzasidan qidiruvda bo‘lgani, Qozon politsiyasi uni anchadan buyon qidirib yurganini “aniqladi”.
“At Takfir val Xijra” tashkiloti 1970 yillarda Misrda tashkil etilgani va radikal tashkilotlardan biri ekani aytib kelinadi. 2010 yilda Rossiya sudi “At Takfir val Xijra”ni ekstremist tashkilot sifatida tanib, uning faoliyatini taqiqlagan edi.
Diniy ekstremizm bo‘yicha ekspertlar bunday diniy guruhning hozir borligini inkor etishadi.
Rossiya matbuoti xabariga ko‘ra, 30 yashar tambovlik Aleksey Nikitin ismli shaxs Ali Feruz uni ekstremistik tashkilotga da’vat etganlikda ayblab, ariza yozgan.
Shuningdek, maxfiy xizmatlar Ali Feruzni “Rossiya chegarasini noqonuniy kesib o‘tganlik”da ayblayotgani xabar qilindi.
Ozodlik “Novaya gazeta” muxbiri Ali Feruz ishini kuzatib, xabar berib boradi.