O‘zbekistonga Sho‘rolar davrida Islom Karimovgacha rahbarlik qilgan Inomjon Buzrukxo‘jaevich Usmonxo‘jaev 17 mart kuni 87 yoshida vafot etdi. O‘zbekistonga 5 yil davomida rahbarlik qilgan va “Paxta ishi”da ayblanib 12 yilga qamalgan Usmonxo‘jaev 2016 yilning noyabrida to‘la oqlangan edi.
Farg‘onalik huquq faoli Abdusalom Ergashev “Ozodlik” radiosiga Inomjon Usmonxo‘jaev bugun ertalab olamdan o‘tganini ma’lum qildi.
- Marhumning janozasi Farg‘onaning Yormozor hududidagi jom’e masjidida o‘qiladi. Men hozir Inomjon akaning uyida o‘tiribman. Hozir u kishi bilan vidolashib chiqdim. Uni Rishton tumani Pandigon qishlog‘idagi qabristonga, Buzrukxo‘ja otaning yonlariga dafn etishar ekan, -dedi Abdusalom Ergashev Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda.
Huquq faoli hozircha Inomjon Usmonxo‘jaev janozasiga hukumat va mahalliy hokimiyat vakillari qatnashishi yoki qatnashmasligi noma’lum bo‘lib qolayotganini aytdi.
Inomjon Usmonxo‘jaev 1983-88 yillarda O‘zbekiston Kommunistik partiyasi 1-kotibi lavozimlarida ishlagan edi.
1989 yilda Usmonxo‘jaev “paxta ishi” bo‘yicha ayblanib, 12 yilga qamalgan edi. Biroq u oradan ko‘p o‘tmay, 1990 yilda qamoqdan ozod qilingan, biroq to‘la oqlanmagan edi.
Inomjon Usmonxo‘jaev ustidan SSSR Oliy sudi 1989 yilda chiqargan hukm prezident Islom Karimov vafot etganidan so‘ng 2016 yilning 18 noyabr kuni O‘zbekiston Oliy sudi tomonidan bekor qilingan.
Shu munosabat bilan Ozodlik bilan o‘tgan yil dekabrida suhbatlashgan Usmonxo‘jaev¸ bu qarorni 25 yil kutganini aytib¸ nihoyat adolat qaror topganidan mamnunlik bildirgan edi.
- Bu kunni 25 yil kutdim. Nega buncha cho‘zilganini o‘tgan boshliqlarning o‘zlari biladi. Bu nafaqat men uchun¸ balki “o‘zbek ishi” bo‘yicha adolatning qaror topishi. O‘zi bu ish o‘ta yomon va xato ish bo‘lgan. Bunday qaror uchun bugungi rahbarlarga minnatdorchilik bildiraman¸ - degan edi Ozodlik bilan suhbatda Inomjon Usmonxo‘jaev.
Inomjon Usmonxo‘jaev 1930 yilning 21 mayida Farg‘onada tug‘ilgan. Partiya arbobi. O‘rta Osiyo politexnika institutining arxitektura fakultetini tugatgan (1955). Marg‘ilon shahri bosh me’mori (1959), Farg‘ona viloyati partiya komiteti instruktori (1960), Farg‘ona viloyati ijroiya qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i (1961), Farg‘ona shahri ijroiya qo‘mitasi raisi (1962-64), Sirdaryo viloyati partiya komiteti kotibi (1965-69), KPSS MK instruktori (1969-72), Namangan viloyati ijroiya qo‘mitasi raisi (1972-74), Andijon viloyati partiya komiteti 1-kotibi (1974-78), O‘zbekiston SSR Oliy Soveti Prezidiumi raisi (1978-83). O‘zbekiston Kompartiyasi MK 1-kotibi (1983-88).
“I. Usmonxo‘jaev respublikaga rahbarlik qilgan yillarda siyosiy va iqtisodiy vaziyat yomonlashdi, u qat’iyatsizligi va jur’atsizligi tufayli Markazning tazyiqiga dosh bera olmay, 1984-88-yillarda O‘zbekistonning ko‘plab xo‘jalik va partiya arboblarini “paxta ishi” va “o‘zbeklar ishi” degan soxta siyosiy ayblovlar natijasida qatag‘on qilinishiga, xalqning milliy g‘ururi va qadriyatlari kamsitilishiga yo‘l qo‘yib berdi”¸ degan siësiy baho ayni kunlarda ham o‘zbek internet nashrlarida ko‘chirib bosilib kelinayotgan edi.