Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 04:44

Mirziyoev Navro‘zni Karimovdan o‘zgacha nishonladi (video)


Prezident Shavkat Mirziyoev Navro‘z munosabati bilan O‘zbekiston televideniesi orqali xalqqa tabrik yo‘lladi. Bu yil Navro‘z bayrami O‘zbekistonning barcha shahar va qishloqlarida xalq sayillari ko‘rinishida nishonlanmoqda. Bayram arafasida mamlakat bo‘ylab o‘tkazilgan maxsus amaliyotda esa 634 odam qo‘lga olindi.

20 mart kuni O‘zbekistonda Navro‘z bayramiga bag‘ishlangan bayram tadbirlari Toshkentning Abdulla Qodiriy nomidagi parkda bo‘lib o‘tdi.

Unda ishtirok etgan prezident Shavkat Mirziyoev Navro‘z munosabati bilan o‘zbek xalqini tabrikladi va bu yilgi bayram "Xalq bilan muloqot yili" bois, xalq sayillari shaklida nishonlanayotganini ta’kidladi:

"Aziz vatandoshlar! Ona diyorimizga, barchamiz orziqib kutgan, go‘zal va dilbar fasl – Navro‘zi olam kirib kelmoqda. Ana shu ulug‘ ayyom – sharqona yangi yil bilan, kattayu kichik barcha yurtdoshlarimizni, chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman. Mana shu qutlug‘ kunda siz azizlarga, sihat-salomatlik, baxt va omad, oilalaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka tilayman!"

Bu yil O‘zbekistonda Navro‘z bayrami munosabati aholiga 3 kunlik ta’til berildi. Prezident Shavkat Mirziyoev bu borada 16 mart kuni imzolagan farmonda, jumladan: “Navro‘z umumxalq bayramining mamlakat ma’naviy hayotidagi ulkan roli va ahamiyati hisobga olgan holda hamda aholining dam olishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida 18 mart -shanba kungi dam olish 20 mart-dushanba kuniga ko‘chirildi", deyiladi.

Odatdagidek, bu yil ham 19 mart kuni 21:00 dan boshlab, Toshkentda ayrim ko‘chalarda transport vositalarining harakati vaqtincha cheklandi. Bundan tashqari, xalq sayllari o‘tkaziladigan joylar yaqinida ham, zarurat tug‘ilgan taqdirda, harakat vaqtincha to‘xtatilishi mumkinligi bildirildi.

O‘zbekistonda Navro‘z bayrami arafasida o‘tkazilgan “Tozalash – Aksilterror” amaliyoti davomida esa turli qonunbuzarliklarni sodir etgani uchun qidiruvda bo‘lgan 634 odam qo‘lga olindi.

Jurnalistlarga bu borada axborot bergan ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Davron Nazarmuhammedvoning aytishicha, amaliyot davomida doimiy yoki vaqtincha propiskasiz yashayotgan vatandoshlarni, vatandoshligi yo‘q shaxslarni va mamlakat hududida bo‘lish tartibini buzgan xorijliklarni aniqlashga alohida e’tibor qaratilgan.

Vazir o‘rinbosari Navro‘z kuni sayllar o‘tkaziluvchi 262 hududda xavfsizlik kuchaytirilgan tartibda qo‘riqlanishini ma’lum qildi. Bundan tashqari jamoat tartibini va yong‘in xafsizligini ta’minlash bo‘yicha choralar ham kuchaytirildi.

Bu yilgi Navro‘z bayrami arafasida ham Vazirlar Mahkamasi farmoyishi bilan 11-12 mart - shanba va yakshanba kunlari umumxalq xayriya hashari bo‘lib o‘tdi.

Bundan tashqari, Navro‘z munosabati bilan O‘zbekiston bo‘ylab mahalliy hokimiyatlar korxona va tashkilotlar xodimlaridan bir kunlik ish haqini "Mahalla" xayriya jamoat fondiga o‘tkazishni so‘ralganidan shikoyat bo‘ldi.

Ozodlik qo‘lga kiritgan hujjatga ko‘ra, ayni tadbir O‘zbekiston vazirlar mahkamasi tomonidan 2 martda qabul qilingan 208-F sonli farmoyish asosida amalga oshirilgan.

Ozodlik suhbatlashgan mahalliy hokimiyat va "Mahalla" xayriya fondi vakillari bir kunlik maoshni to‘plash ixtiyoriy-majburiy ravishda olib borilayotganini e’tirof etdilar.

XS
SM
MD
LG