Линклар

Шошилинч хабар
21 ноябр 2019, Тошкент вақти: 03:02

AQSh yetakchiligidagi koalitsiya Suriyada ilk marotaba havodan harbiy tashladi


SDK Raqqaga eltuvchi so‘nggi asosiy yo‘lni oy boshida zabt etib, shaharni shimol, sharq va g‘arb taraflardan qurshab olgan edi.

“Islom davlati” ekstremistik guruhiga qarshi kurashayotgan AQSh yetakchiligidagi koalitsiya Suriyaning strategik shahri yaqinida havodan harbiy tashladi. Bu haqda Pentagon bildirdi.

AQSh harbiylari suriyalik arab jangchilarni Tabqa shahri yaqiniga eltib qo‘yib, ularga havodan yordam ko‘rsatgan. Mazkur amaliyotning asosiy maqsadi “Islom davlati” jangarilari boshqaruvida qolayotgan to‘g‘onni ozod etishdir.

“Frot to‘g‘oni” nomi bilan ham ma’lum bo‘lgan Tabqa to‘g‘oni atrofdagi mintaqani elektr toki bilan ta’minlaydi. Agar jangarilar uni qulatsa, unga yaqin yerlarni suv bosishi mumkin. “Islom davlati” to‘g‘onni uning yaqinidagi havo bazasi bilan birgalikda 2014 yili qo‘lga olgan.

Koalitsiya matbuot kotibi polkovnik Josef Skrokka amaliyotda Apache vertolyotlari, harbiy-dengiz flot artilleriyasi, AQSh maxsus amaliyotlar kuchlari hamda bir necha armiya reynjeri ishtirok etganini bidirdi.

Skrokka amaliyotga ishtirok etganlarning 75-80 foizi Suriya arab koalitsiyasi a’zolaridan iborat ekanligini, qolganlarni esa suriyalik kurdlar tashkil etishini aytdi.

Harbiy amaliyotni “o‘ta muhim” deya ta’riflar ekan, u bir necha hafta davom etishi mumkinligini qo‘shimcha qildi.

“Bu birinchi marta Suriya arab koalitsiyasi bilan birga havodan yurish qilib, ular bilan birga havodan hujum qilishimizdir. ... Bu oxirgisi bo‘ladimi, yo‘qmi, bilmayman”, dedi Skrokka.

Kotibga ko‘ra, Tabqa atrofidagi hudud “G‘arbga qarshi terror hujumlarini buyurish va boshqarish markaziga” aylangan. Skrokka yana hududda bir necha jangari tayyorlash lageri borligini aytdi.

“Tabqani qo‘lga olish [koalitsiya]ni strategik ustuvorlik hamda Raqqani ozod etish uchun boshlash nuqtasi bilan ta’minlaydi”, dedi kotib. AQSh arab hamda kurd jangchilaridan iborat Suriya demokratik kuchlari (SDK) harbiy birlashmasini qo‘llab keladi.

SDKning bildirishicha, AQSh yetakchiligidagi koalitsiya to‘g‘onni qayta qo‘lga olish bilan birga Suriya hukumati kuchlarining g‘arbdan olg‘a siljishiga to‘sqinlik qilishni istaydi.

Skrokkaning aytishicha, havodan tashlangan kuchlar Tabqa g‘arbidagi to‘rt kichik qishloqni zabt etgan hamda Raqqa, Dayr uz-Zur hamda Halab viloyatlarini bog‘lab turuvchi avtomobil yo‘lini egallagan.

SDK Raqqaga eltuvchi so‘nggi asosiy yo‘lni oy boshida zabt etib, shaharni shimol, sharq va g‘arb taraflardan qurshab olgan edi.

Hozir Raqqaga kirish yoki chiqish imkonini beruvchi yagona yo‘l Frot daryosi ustidan o‘tuvchi yo‘ldir.

SDK Raqqani koalitsiya ko‘magi bilan qurshab olar ekan, jangari guruh boshqaruvidagi boshqa hududlarni Rossiya dastaklayotgan Suriya armiyasi, Turkiya qo‘llayotgan isyonchilar hamda AQSh dastaklayotgan Iroq kuchlari qayta egallamoqda.

Mazkur oyda AQSh yetakchiligidagi koalitsiyaning Raqqa yaqinidagi havo hujumlari jadallashdi.

22 mart kuni koalitsiya havo hujumlari Tabqa shahrini larzaga keltiridi. Hujumlar natijasida non do‘koni hamda boshqa imoratlar barbod bo‘ldi. Bu haqda Britaniyadagi “Suriya inson huquqlari observatoriyasi” bildirdi. Tashkilotga ko‘ra, hujumlar ortidan 40 odan oshiq oddiy fuqaro halok bo‘lgan yoki jarohat olgan.

Skrokka AQSh hududda havo hujumlarini amalga oshirganini tasdiqladi, ammo yuqorida tilga olingan imoratga hujum qilinmaganini ta’kidladi. Kotib AQSh armiyasi mazkur iddaolarni ko‘rib chiqishini qo‘shimcha qildi.

XS
SM
MD
LG