Линклар

Шошилинч хабар
15 ноябр 2019, Тошкент вақти: 13:35

Novosibirsk gubernatori viloyatdagi muhojirlar sonini keskin kamaytirmoqchi


Novosibirsk - Rossiyaning eng yirik megapolislaridan biri

Rossiyaning Novosibirsk viloyat gubernatori Vladimir Gorodetskiy o‘zi boshqarayotgan hududda mehnat muhojirlari xizmatidan deyarli voz kechishga qaror qildi. Endilikda Novosibirskda patent asosida ishlayotgan o‘zbek muhojirlari asosan quruvchi va farrosh bo‘lib ishlashlari mumkin.

Novosibirsk viloyat gubernatori Vladimir Gorodetskiy tashkilotlarga migrantlarni ishga qabul qilishni taqiqlovchi o‘tgan yil avgustida imzolagan qarori muddatini uzaytirdi¸ ayni paytda mintaqada muhojirlar faoliyatini cheklovchi ro‘yxatni kengaytirdi. Endi xorij vatandoshlariga Novosibirskda16 ta emas, 33ta yo‘nalish bo‘yicha ishlash taqiqlandië

Gubernatorning 2017 yil 22 martida qabul qilingan 50-sonli qarorida migrantlar ishlashi taqiqlangan kasblar ro‘yxati keltirildi.

Novosibirsk gubernatori bundan oldingi qarorida mehnat muhojirlarining baliq ovlash, ov qilish, yer osti boyliklarini qazib olish ishlari, o‘qituvchilik qilish, bolalar oziq-ovqati va umuman oziq-ovqat ishlab chiqarish, avtobus va taksi haydovchisi bo‘lib ishlashini taqiqlangan edi.

Yangi ro‘yxatga binoan endilikda ularga alkogol va pivo ishlab chiqarish hamda ulgurji savdo qilish sohalarida ishlash, dori-darmon, tamaki mahsulotlari, yog‘och-taxta ishlab chiqarish va hatto call-markazlarida operatorlik qilish yoki nogiron va keksalarga qarash ham man’ etiladi.

Vladimir Gorodetskiy viloyatga kelayotgan ishchi kuchi oqimini kamaytirish maqsadida 2016 yilda ishchi kvotalarini 5425 dan 1001 taga tushirgan edi. Xorij ishchilarning Novosibirsk xalq xo‘jaligidagi faoliyatini cheklash tadbirlarini Gorodetskiy migrantlarning malakasizligi bilan izohlashga urindi:

- Masalan, Tojikistonda haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lish, u yerda cho‘lda haydovchilik qilish bilan bir yarim millionlik katta shaharda, ulkan megapolisda mashina haydashning farqi bo‘lsa kerak! Xavf bormi? Bor! - dedi Novosibirsk gubernatori.

Viloyat gubernatori migratsiya oqimini nazorat ostiga olish orqali Rossiya Federatsiyasi grajdanlarining mehnat huquqi ham ta’minlanayotganini bildirdi.

Novosibirskda 4 yildan buyon mehnat qilayotgan toshkentlik Zamiraxon Ozodlik muxbiri bilan suhbatda mahalliy hukumat qaroriga qaramasdan¸ muhojirlar sonining kamaygani ko‘zga tashlanmayotganini aytadi. U mehnat muhojirlari asosan mahalliylar bajarmaydigan ishlarga jalb qilinmoqda, deydi:

- Men magazinda patent bilan ishlayman. Bizga ishlash mumkin emasligini eshitganimiz yo‘q hali! Bizning ayollarimiz, masalan, nonvoyxona, kafe, bog‘chalarda, shifoxonalarda ishlashayapti. Avtobus-marshrutkalarda o‘zbek-tojiklar juda ko‘p. Grajdanligi yo‘qlar ham bemalol shartnoma tuzib ishlab yurishibdi. O‘zbeklar ham, tojiklar ham ko‘p shaharda. Biznikilar hamma yoqda: qaerga qaramasangiz – O‘zbekiston-Tojikistonda yurgandek bo‘lasiz, deya kuladi Novosibirskda bunday qonun borligini bilmasligini aytgan Zamiraxon.

Novosibirskdagi o‘zbeklar jamiyati faoli Dilxush Obitov o‘zbekistonlik muhojirlar gubernatorning bu qarorisiz ham eng kam haq to‘lanadigan va og‘ir ishlarga jalb qilib kelinganini gapiradi:

- Novosibirskda ishlar o‘z yo‘lida ketayapti. Yaqinda Andijon oblasti hokimi delegatsiya bilan keldi, gubernator bilan uchrashdi. May oyida yangi bozor ishga tushadigan bo‘layapti! Xullas, ishlayman, degan ish topayapti. O‘zbekiston grajdanlari¸ asosan¸ qurilish, maishiy xizmat ko‘rsatish, klining markazlari, dvornik, hammol, katta korxonalarda mayda ishlarni bajaruvchi bo‘lib ishlashayapti. Masalan, 5-6 oy bo‘lib qoldi - haqiqatan ular haydovchi bo‘lib ishlay olmay qoldi. Novosibirsk Rossiya sharqidagi eng katta megapolis bo‘lib, Qozog‘iston chegarasiga yaqin, tranzit shahardir. Hamma shu erdan o‘tadi, dedi ko‘p millionli shaharning strategik joylashuvi ish izlab kelayotgan muhojirlarni o‘ziga jalb qilishni davom ettirishini bashorat qilgan Dilxush Obitov.

Novosibirsk viloyatida patent asosida mehnat qilayotgan qator soha mutaxassislariga ishlash taqiqlangani to‘g‘risida Ozodlik xabar bergan edi.

Novosibirsk gubernatori Vladimir Gorodetskiy imzolagan hujjatga ko‘ra, mintaqada jamoatchilik transporti, bolalar muassasalari, buxgalteriya, er osti boyliklarini qazish, moliya, o‘rmonchilik, baliqchilik, taksichilik va yana bir qancha boshqa sohalarda mehnat muhojirlarini yollash qonun tomonidan man etilgan edi.

XS
SM
MD
LG