Линклар

11 декабр 2017, Тошкент вақти: 14:36

Koreyaga bormoqchilar noroziligi ortidan 1 aprel kungi onlayn test bekor qilindi


1 aprel kuni "koreys tili bo‘yicha test"da berilgan savollar ijtimoiy tarmoqlarda hajv qilindi¸

O‘zbekiston Mehnat vazirligi Tashqi mehnat migratsiya masalalari agentligi 1 aprel kuni o‘zi o‘tkazgan birlamchi onlayn test natijalarini o‘zi bekor qildi. Agentlikning bunday qaror qabul qilishiga Janubiy Koreyaga ishga borish niyatida test topshirganlarning keskin noroziligi sabab bo‘ldi.

Testda qatnashganlarning aytishicha¸ 1 aprel kungi testda test topshiruvchilarga koreys tili darajasini aniqlashga umuman aloqasi yo‘q savollar berilgan.

Natijalar bekor qilingach, 3 aprel kuni takroriy test o‘tkazildi va bu gal test oliy matematika va fizikaga oid murakkab savollardan iborat bo‘ldi.

Natijalari bekor qilingan test

1 aprel kuni Tashqi mehnat migratsiya masalalari agentligi “Janubiy Koreyaga “erkin yollash tizimi” asosida mehnat faoliyatini amalga oshirish maqsadida “koreys tilidan” onlayn test o‘tkazdi.

1 aprelь kungi savollardan yana biri.
1 aprelь kungi savollardan yana biri.

Bu testda qatnashish uchun beriladigan bir martalik imkondan foydalanishga qaror qilgan Koreyaga ishga ketishga talabgorlar orasida¸ berilgan 20 ta savoldan birortasiga javob bera olgani¸ Ozodlik suhbatlashgan testchilarga ko‘ra¸ deyarli topilmagan.

“Test topshiradiganlarga yordam berish uchun koreys tili mutaxassislari¸ institutda dars beradigan odamlar ham bo‘ldi. Hatto ular ham savollarning birortasiga javob bera olmadi. Men bilganlarning hammasi yiqildi”¸ deydi 1 aprel kungi testda qatnashganlardan biri.

Onlayn firibgarlik?

1 aprel kungi testda qatnashganlar¸ nafaqat savollarning "almoyi-jalmoyi" ekani¸ balki har bir savolga berilishi aytilgan vaqtda ham g‘irromlik qilinganidan shikoyat qildilar.

1 aprelь kungi test savollaridan biri Gana bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi diplomatik aloqalarga oid.
1 aprelь kungi test savollaridan biri Gana bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi diplomatik aloqalarga oid.

"Test eslatmasida har bir savol uchun 45 sekund berilishi yozilgan¸ amalda 10 sekundga borib-bormay¸ keyingi savolga o‘ting¸ degan yozuv chiqib¸ oldingi savol javobsiz qolib ketdi. Savollar ochilguncha o‘zi 10 sekund tugab bo‘ldi. Buniyam ataylab qilishganga o‘xshaydi"¸ deydi Ozodlikka bog‘langan test topshiruvchilaridan biri.

Agentlik aybni koreyslarga yukladi

O‘zbekistonlik ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari orasida tarqab ketgan telefon suhbatida Tashqi migratsiya masalalari agentligi rasmiysi testda qatnashganlardan birining uning o‘tkazilishiga nisbatan shikoyatiga javob bera turib¸ "savollarning koreyaliklar tomonidan tuzilgani"ni qayta-qayta pisanda qilgani anglashiladi.

Savollarning Koreyada tuzilganini iddao qilgan migratsiya rasmiysi¸ mardikor tanlash uchun koreyslar nega aynan "Qutadg‘u bilik"ka oid bilimni sinashga qaror qilganiga izoh bermadi.
Savollarning Koreyada tuzilganini iddao qilgan migratsiya rasmiysi¸ mardikor tanlash uchun koreyslar nega aynan "Qutadg‘u bilik"ka oid bilimni sinashga qaror qilganiga izoh bermadi.

"Bu savollarni biz tuzmaganmiz¸ Koreya tomonidan tuzilgan savollar. Bizga ham noma’lum edi qanaqa savollar tushishi. Hozir ko‘pchilik telefon qilib¸ shikoyat bilan chiqishayapti. Biz ham eshitib hayron bo‘lib o‘tiribmiz"¸ deydi bu suhbatdan Migratsiya agentligi vakili ekani tushuniladigan rasmiy.

O‘zining portalga shikoyat bilan chiqqanini aytgan testda qatnashgan qizning aytishicha¸ testda "Sirdaryoda necha kilo baliq bor?", "O‘zbekiston bo‘yicha nechta qo‘y bor?" degan savollar bor. Migratsiya rasmiysi ekani anglashilgan suhbatdosh bu savollarga javob topishning imkoni yo‘qlini¸ ular javobini o‘zi ham bilmasligini e’tirof etadi.

Migratsiya agentligi ma’lumot markazining Ozodlik suhbatlashgan vakili ham agentlikning bu savollar tuzilishiga aloqasi yo‘qligini ta’kidladi.

"Men bu savollarni kim qaerda tuzganidan bexabarman¸ bu savolga javob berish mening vakolatimga kirmaydi. Aytishim mumkinki¸ bizning markazga tinimsiz bo‘layotgan qo‘ng‘iroqlarning hammasi shu haqda"¸ dedi Ozodlik gaplashgan agentlik rasmiysi.

Mehnat vazirligi matbuot xizmatining Ozodlik gaplashgan vakiliga ko‘ra¸ katta mojaroga sabab bo‘lgan bu test bilan bog‘liq vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida 3 aprel kuni Migratsiya agentligi maxsus matbuot anjumani o‘tkazgan.

"Bu press konferensiyada shaxsan qatnashmaganim uchun¸ nimalar deyilganidan bexabarman. Test savollarini kim¸ qaysi mantiqdan kelib chiqib tuzganini men ham bilmayman. Buni agentlik rahbarlaridan so‘rash kerak"¸ dedi Mahnat vazirligi matbuot xizmati vakili.

O‘zbekiston Mehnat vazirligi rasmiy sayti - mehnat.uz traffik nihoyatda ko‘payib ketganidan¸ 3 aprel kuni ishlamay qoldi. Vazirlikning Ozodlik bog‘langan yana bir rasmiysi bu voqeaning ham koreys tili bo‘yicha 1-3 aprel kunlari o‘tkazilgan test sinoviga aloqador shikoyatlar bilan bog‘liqligini e’tirof etdi.

Bekor qilindi

“Koreys tili bo‘yicha test savollari”ning koreys tili¸ qolaversa¸ ularning u yoki bu shaklda Koreyaga ishga ketish jaraëniga mutlaq aloqasi yo‘qligi test topshirganlarning shu qadar keng noroziligiga sabab bo‘ldiki¸ agentlik 1 aprelь kungi testni bekor qilib¸ uni topshirganlarning testda takror qatnashishiga ruxsat berishga majbur bo‘ldi.

1 aprelь kungi test natijalarining bekor qilingani oid rasmiy e’lon.
1 aprelь kungi test natijalarining bekor qilingani oid rasmiy e’lon.

Mehnat vazirligi rasmiysining Ozodlikka aytishicha¸ ishonch telefoni va virtual qabulxonaga kelib tushgan shikoyatlar ko‘pligidan¸ agentlik o‘zi o‘tkazgan testning naqadar noadekvatligini tan olib¸ 3 aprel kuni takror test o‘tkazilishini o‘z saytida e’lon qilgan.

3 apreldagi test

3 aprel kuni agentlik saytidagi yagona matn bo‘lgan e’longa ko‘ra¸ “savollarga faqat bir marta javob berish imkoni berilgan har bir qatnashuvchiga 20 ta savolga javob berish uchun jami 15 daqiqa¸ har bir savolga esa¸ uzog‘i bilan 45 sekund vaqt beriladi. “Savol-javob yakunida” natija ko‘rsatilishi aytilsa-da¸ 20 ta savoldan nechtasiga to‘g‘ri javob berilsa¸ testdan “o‘tdi” deb hisoblanishi aytilmagan.

1 aprel kungi onlayn testda qatnashib¸ undagi biror savolning qay maqsadda berilganiyu¸ javobi nimaligini bila olmaganini aytgan o‘zbekistonlikdan biri Ozodlik bilan suhbatda 3 aprel kungi savollarning ham avvalgisidan ko‘p ham farq qilmaganini aytadi.

“1 aprelь kuni “eshshak qancha yashaydi”¸ “Alp tog‘lariga yomg‘ir yoqqanda¸ qaysi tarafga ko‘proq tushadi” degan ahmoqona savollar berishgan bo‘lsa¸ 3 aprel kuni asosan matematika¸ fizikaga oid qiyin savollarni qo‘yishgan. Ochig‘i¸ biz Koreyaga mardikorlikka ketamiz. U yerga borib yo mol boqamiz¸ yo mahalliylar ishlashni xohlamaydigan kimyoviy zavodlarda qora ishchi bo‘lamiz. Bu ish uchun bizga elementar koreys tilini bilish yetadi. O‘tgan yillari bolg‘a¸ mixning koreyschasini toping¸ degan nisbatan ishga aloqador savollar berilardi. Bu yilgisini na tilga¸ na biz qiladigan ishga aloqasi yo‘q”¸ deydi o‘tmishda ham Koreyada ishlab qaytib¸ yangidan hujjat topshirgan o‘zbekistonliklardan biri.

1 va 3 aprel kungi testda qatnashgan bo‘lsangiz¸ bu haqda Ozodlikka shaxsingizni ochiqlamagan holda¸ hikoya qilish imkoniga egasiz.

Buning uchun Ozodlik bilan Telegram va WhatsApp tarmog‘i orqali bog‘lanishingiz mumkin.

XS
SM
MD
LG