Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 18:20

O‘zbekiston muzeyidan o‘g‘irlangani gumon qilingan 13 asar Moskvada sotuvga qo‘yildi


Ufimsev chizgan "Samarqandga posilka jo‘natish" asarining oldin Angren galereyasida bo‘lgani aytiladi.
Ufimsev chizgan "Samarqandga posilka jo‘natish" asarining oldin Angren galereyasida bo‘lgani aytiladi.

O‘zbekistonda yashab ijod qilgan taniqli rassom Viktor Ufimsevga oid 13 asar Moskvadagi rasm tijoratiga oid Kupitkartinu.ru portalida joriy hafta boshida sotuvga qo‘yildi. Bu asarlar ikki o‘zbek san’atshunosi iddaosiga ko‘ra¸ Angrendagi Ufimsev galereyasidan o‘g‘irlangan 66 ta rasmning bir qismidir.

Ozodlikka bu haqda davlat komissiya a’zolaridan biri ma’lum qildi. San’atshunosga ko‘ra¸ to‘rt oy taftish o‘tkazgan ekspertlar Ufimsev asarlaridan oltitasining almashtirilib qo‘yilgani ¸ oltmishtasining esa tag-tubi bilan yo‘q bo‘lganini aniqlagan.

“Mamlakat muzeylarida saqlanayotgan avangard rassom Ufimsevga oid 1 ming 100 asardan 60 tasi yo‘q. Ulardan eng kamida 6 tasi qalbakiga almashtirib qo‘yilgan. Eng kamida deganim shuki, hozir Ufimsev asarlari jiddiy ekspertizadan o‘tkazilmoqda. Bu ekspertiza mobaynida yana qalbaki asarlar chiqib qolish ehtimoli yuksak”, deya ta’kidladi taftishda ishtirok etgan san’atshunos.

Ufimsev asarlari g‘oyib bo‘lgani rasmiylar tarafidan fosh qilinganidan 4 yil o‘tib Moskvadagi Kupitkartinu.ru portali bu rassomning 13 asarini sotuvga qo‘ydi.

Ufimtsev asarlari sotilaëtgan sahifa
Ufimtsev asarlari sotilaëtgan sahifa

Bundan oldin sovet davriga oid tasviriy san’at asarlari savdosi bilan shug‘ullanadigan Moskvadagi “SOVKOM” auktsioni O‘zbekiston davlat muzeyidan o‘g‘irlangani da’vo qilinayotgan oltita kartinani shu yilning mart oyida sotuvga qo‘ygan edi.

Muammosiz asarlar savdosi?

Ozodlik muxbiri shu kunlarda Kupitkartinu.ru portalida sotuvga qo‘yilgan asarlar tarixi bilan qiziqdi.

"Ufimsevga oid ikki qarich kattalikdagi surat salkam bir million rus rubliga sotilmoqda"¸ deydi Kupitkartinu.ru tujjori Ozodlik bilan suhbatda:

-Ufimsevga talab katta. Umuman 30-yillarda Turkistonda ijod qilgan rassomlarga qiziqish kuchaygan¸ deydi portal sotuvchisi.

Sotuvga qo‘yilgan asarlarning O‘zbekiston muzeylaridan o‘g‘irlanganiga oid gumonlarga javoban bu san’atshunos:

- Biz buni sinchiklab tekshiramiz. Iloji bor qadar muammosiz asarlarni sotuvga qo‘yishga harakat qilamiz. Lekin siz ham xaridor sifatida tekshirsangiz¸ ziyon qilmaydi¸ dedi Ozodlik bilan suhbatda.

Mulozimlar sarosimada

Ozodlik muxbiri Angren muzeyidan o‘g‘irlangan asarlarning Moskva tujjorlari qo‘liga tushish ehtimoli haqida O‘zbekiston Madaniyat vazirligining Muzeylar boshqarmasi xodimi bilan gaplashdi.

Ismi aytilishini istamagan bu mulozim Angren galereyasidagi 1100 asardan iborat kolleksiya O‘zbekiston Davlat san’at muzeyi balansiga o‘tkazilganligini ma’lum qildi.

Muzeyda ishlaydigan xodimlardan birining Ozodlikka aytishicha¸ Ufimsev asarlari 2005 yildan beri Davlat san’at muzeyi xazinasida saqlanadi:

- Bungacha bu asarlar Angren galereyasida saqlangan. KP kitobi (asarlar kirim qilinadigan kitobi) muzey talablariga ko‘ra yuritilmagan. Qoidaga ko‘ra¸ bu kitobda rasm opisaniyasi va eng kamida bitta fotosurat bo‘lishi kerak. Bu narsalar bo‘lmagani uchun biz o‘g‘irlangan asarlarni topa olmaymiz. Akt bo‘yicha¸ Ufimsevning 60 asari o‘g‘irlangan va oltita rasm almashtirilgan. Lekin bu asarlar aynan Moskvadagi Kupitkartinu.ru portalida sotuvga qo‘yilgan asarlar¸ deb aytishga 100 foiz isbotimiz yo‘q. Mana Shavkat Miromonovich hozir Moskvaga rasmiy tashrif bilan bordi. Shu masalani Rossiya tergov idoralari tekshirib¸ asarlarni qaytarsa¸ degan umidimiz bor¸ deydi muzey xodimi.

"Ufimsev asarlari avval ham o‘g‘irlangan"

O‘zbekiston davlat muzeylari ustidan nazorat sohasida uzoq yillar ishlagan sobiq mulozim sovet zamonida mashhur bo‘lgan Ufimsev asarlari 1991 yil - O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan keyingi 20 yillik muddat davomida oz-ozdan o‘marilgan, deb iddao qiladi.

Angren galereyasi ahvolidan xabardor mahalliy inson huquqlari himoyachisi Dmitriy Tixonov iddaosicha, Ufimsev asarlarining mamlakat galereyalaridan “g‘oyib bo‘lishi" 1990 yildan 2004 yilgacha muntazam tarzda kuzatilgan:

​- Angren galereyasida 1986 yili Viktor Ufimsevga oid ikki mingdan ziyod asar bo‘lgan. Hozir shulardan qanchasi qolgani ham noma’lum, - deydi huquq faoli bevosita o‘zi ko‘rgan hujjatlarga asoslanib.

Ufimsev asarlari bo‘yicha taftishdan xabardor bo‘lgan toshkentlik yana san’atshunosning shaxsi ochiqlanmaslik sharti bilan aytishicha, Angrendagi taftishga galereya jamlamasining asosiy hujjati bo‘lgan KP daftari (kniga postupleniy) yo‘q bo‘lib qolgani turtki bo‘lgan.

Inson huquqlari himoyachisi Dmitriy Tixonov iddaosicha, galereya rahbariyati rasmlarni saqlashga sharoit yo‘q¸ degan “afsonani yaratib"¸ yo‘qolgan asarlarni "yerto‘lada namdan chirib ketdi", degan vaj bilan hisobdan chiqarishga ham uringan.

Marhum prezidentning to‘ng‘ichi ham Ufimsevga ishqiboz edi

2013 yili O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qiziga oid uyni ishg‘ol qilgan o‘zbek faoli Safar Bekjon bu uyda O‘zbekiston muzeylari fondiga oidligi taxmin qilingan 60 ta o‘zbek tasviriy san’ati durdonasi borligini aniqlagan edi.

​Safar Bekjon e’lon qilgan kartinalarning fotosuratlarini ko‘rgan san’atshunoslar bular orasida 1964 yili olamdan o‘tgan Viktor Ufimsev mo‘yqalamiga oid uchta rangtasvir asari borligini aniqladi. Bu kartinalarning asl¸ yoxud qalbaki ekani haqida Ozodlikda aniq ma’lumot yo‘q.

Ufimtsev asari
Ufimtsev asari

O‘zbekiston Madaniyat vazirligi qoshidagi ekspertiza bo‘limining ismi sir qolishini istagan mulozimiga ko‘ra, Viktor Ufimsev asarlarini mamlakatdan olib chiqishga izn berilmaydi:

- Mavjud qonunga ko‘ra,1964 yilgacha chizilgan rasmlarning O‘zbekiston chegarasidan tashqariga chiqarilishiga izn berilmaydi. Siz rasmning egasi bo‘lsangiz ham uni olib chiqa olmaysiz. Viktor Ufimsev kabi taniqli rassomlarning asari bo‘lgan holatda bu taqiq yanada qat’iylashadi. Bu taniqli rassomlarning asarlari 1964 yildan keyin yaratilgan bo‘lsa ham, bu asarlar durdona ekani bois¸ mamlakatdan chiqarilishiga izn berilmaydi, - dedi O‘zbekiston Madaniyat vazirligi qoshidagi ekspertiza bo‘limi mulozimi.

Futurist rassomining sovet o‘tmishi

1899 yili Rossiyaning Janubiy Uralida tug‘ilgan Viktor Ufimsev "afsona izlab" Samarqandga kelgan va tarixga "Turkiston avangardi" rassomlari deb kirgan musavvirlardan biri.

1923 yilda ilk bora Samarqandga kelgan rassom Viktor Ufimsev asarlarida ërqin rang va sharqona unsurlar aks eta boshlaydi.

1937 yili formalist rassomlar tazyiqqa uchraganidan keyin Ufimsev futurizm yo‘nalishidagi izlanishlarini bir chekkaga qo‘yib¸ sotsialistik realizm uslubida ijod qila boshlaydi.

1946 yili KPSS safiga kirgan rassom kommunistik mavzudagi asarlari bilan hukumat e’tiboriga tushadi.

1963 yili Ufimsev yoshligida yaratgan ikki mingga yaqin asarini Angrendagi galereyaga hadya qiladi. Bu asarlarning aksari “Turkiston avangardi” va “futurizm” uslubida yaratilgan.

1964 yilda olamdan o‘tgan rassomning ayni uslubdagi asarlari jahon bozorida qadrlanadi.

O‘zbekiston Xalq rassomi Ufimsev 1960 yilda Mehnat qizil bayroq ordeni bilan mukofotlangan.

XS
SM
MD
LG