Линклар

16 декабр 2017, Тошкент вақти: 20:01

Yaqinda Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahrida hakima Oydin Solihning “Haqiqiy tibbiyot (Yo‘qotilgan shifo izidan)” kitobi rus tilida bosmadan chiqdi. Oydin Solih 1943 yili Luganskda tug‘ilgan. Otasi polyak, onasi esa ukrain millatiga mansub edi. O‘zbek shoiri va siyosatchisi Muhammad Solihga (u O‘zbekistonning mutavaffo prezidenti Islom Karimovning asosiy raqibi bo‘lgan) turmushga chiqqanidan keyin Oydin xonim Islom dinini qabul qilgan.

Oydin Solih biolog olima, yuqori malakali shifokor bo‘lgan. U uzoq yillar muqobil tibbiyot sohasida tadqiqotlar olib borgan. Hakimaning “Haqiqiy tibbiyot (Yo‘qotilgan shifo izidan)” kitobi dastavval turk tilida Istanbulda nashr qilingan. Bu asar qisqa vaqt ichida bestsellerga aylandi, kitob qayta-qayta chop etilib, dunyodagi boshqa tillarga tarjima qilinmoqda. Oydin xonim huzuriga kelgan bemorlar orasida jahonning turli mamlakatlaridan kelgan taniqli siyosatchilar va jamoat arboblarini uchratish mumkin edi.

“Haqiqiy tibbiyot”ning originalligi nimada edi?” degan savolga qisqa qilib shunday javob berish mumkin: Oydin Solihning kitobi inson sihatiga oid ilmning uch yo‘nalishi birlashmasi, sintezidir. Bular – 1. Tibbi nabaviy (Payg‘ambarlar tibbi); 2. Ibn Sino tibbi; 3. Xalq tabobati.

Kitobda muallif tibb ilmini ochiq-oshkor, yashirmay-netmay Islom dini, Yaratganning qonunlari bilan bog‘lagan, Ibn Sino va xalq tabobatining ham faqat Qur’oni karim va Payg‘ambar (sallollohu alayhi vasallam) hadislariga muvofiq kelgan nuqtalarini topib, ularni uyg‘unlashtirgan. Qur’oni karimni o‘rganishga chuqur kirishish ortidan Oydin Solihga muhim kashflar yuz ochdi.

"Bugungi ixtirolar fonida 14 asr avval Allohu Taolo tarafidan indirilgan Qur’oni Karimning azamati insonni hayratga soladi. Biologiyadan xabarim bo‘lmasaydi, balki bu muqaddas Kitobning har satri bir mo‘’jizadan iborat ekanligini ko‘raolmasdim. "Niso" surasi 119-120-oyatlarida berilgan bilgi o‘sha mo‘’jizalardan biri ekanligini ko‘rishni nasib etdi.

Bu oyatlar qarshisida xuddi ikki dengiz suvining bir-biriga qorishmay turganini kashf qilgan, so‘ngra buning 14 asr avval musulmonlarning muqaddas Kitobida aytilganini ko‘rib, boshi sajdaga kelgan kapitan Kusto kabi lol qotdim: "(Shayton), Ularni yo‘ldan uraman, behuda gumon va xomxayollarga mubtalo qilaman, ularga hayvonlarning quloqlarini yorishni, Allohning yaratganlarini o‘zgartirishni buyuraman, (dedi). Kim Allohni tashlab, shaytonni do‘st tutsa, albatta muqarrar ziyon ko‘radi. (Shayton) ularga va’dalar beradi, xomxayollarga mubtalo qiladi. Holbuki, shaytonning va’dalari aldovdan boshqa narsa emas". ("Niso" surasi 119-120)", deya yozgan edi Oydin Solih o‘zining "Haqiqiy tibbiyot" kitobida.

“Tasdiqlovchi oyat va hadis topolmasam, kashfni qo‘llamadim”, degandi yana Oydin xonim Bi-Bi-Siga bergan intervьyularidan birida.

1993 yili rasmiylar ta’qib-tazyig‘i tufayli Solih oilasi O‘zbekistonni tark etishga majbur bo‘ldi.

Muhammad va Oydin Solihlarning yagona qizi Umida Solih Ozodlikka bergan suhbatida onasi, “Haqiqiy tibbiyot (Yo‘qotilgan shifo izidan)” kitobining paydo bo‘lish tarixi, Oydin Solihning Toshkentdagi va muhojirotdagi hayotidan bahs etadi.

Kitobning ta’lif etilish tarixi

Ozodlik: Umidaxon, yaqinda Oydin Solihning “Haqiqiy tibbiyot (Yo‘qotilgan shifo izidan)” kitobini rus tilida bosmadan chiqdi. Kitob avvalida oyingiz uning tartibga keltirilishida bevosita ishtirok etgan kishilarga minnatdorchilik bildiradi va ular orasida Sizning ismingizni ham keltiradi. Bu kitobning paydo bo‘lishida sizning ishtirokingiz nimadan iborat bo‘lgan?

Umida Solih: Dastavval men oyimga tarjimon o‘laroq yordam bera boshladim. Oyim matnlarni rus tilida yozardi, u turkcha gapira olsa-da, bu tilda yozolmasdi. Shuning uchun men uning barcha maqola va materiallarini turk tiliga tarjima qilganman. Ya’ni, avval-boshda ishni tarjimon o‘laroq boshlaganman, keyin esa oyimga ma’lumotlar to‘plashda ko‘maklashganman, birga faktlarni muhokama qilardik, xulosalarni yozardik. Ammo asosiy ishim tarjimonlik bo‘lgan.

Oydin Solihning rus tilida chiqqan “Haqiqiy tibbiyot (Yo‘qotilgan shifo izidan)” kitobi.
Oydin Solihning rus tilida chiqqan “Haqiqiy tibbiyot (Yo‘qotilgan shifo izidan)” kitobi.

Ozodlik: Kitob ta’lif etish g‘oyasi qaerdan paydo bo‘ldi? Avvalroq men Oydin Solih odamlarni davolab yurgani, kunlarning birida kimdir unga: “Oydin xonim, davolash usulingiz haqida kitob yozsangiz bo‘lmaydimi?” deganini eshitgandim.

Umida Solih: Oyimning ko‘plab shogirdlari, Turkiyaning barcha shaharlaridan kelgan bemorlari bor edi. Tabiiyki, barcha ma’lumotni u og‘zaki tarzda – yig‘inlarda, ma’ruzalarda odamlarga yetkazishiga to‘g‘ri kelardi. Oyim biror mavzuda gapira boshlasa, shogirdlari va bemorlari bu gaplarni yozib olardilar. Vaqt o‘tishi bilan ular bu yozuvlardan nusxa ko‘chirib, bir-birlariga tarqata boshladilar. Oyim anchadan beri kitob yozish haqida o‘ylab yurardi. Ammo bu g‘oya Turkiyada odamlar uning o‘gitlari bitilgan sahifalarni sota boshlaganidan keyin pishib etildi va oyim kitob yozishga qaror qildi.

Ozodlik: Oydin xonimning ilk kitobi turk tilida bosildi, shunaqami?

Umida Solih: Ha. Bu, adashmasam, 2005-2006 yillar edi, o‘sha paytlarda u Turkiyada yashardi. Aynan o‘sha paytda u turk tilidagi kitob ustida ishlay boshlagan.

Xarakteridagi asosiy xususiyat: hech qachon hech narsadan shikoyat qilmaslik

Ozodlik: Otangiz - muxolif qarashdagi siyosatchi Muhammad Solihning siyosiy faoliyati tufayli oilangiz hayotining katta qismi muhojirotda kechdi. Kitob hijratda yozildi. Tabiiyki, bunday sharoitda odam katta qiyinchiliklarga duch keladi. Bunaqa paytlarda oyingiz o‘zlarini qanaqa tutardilar? Hech taqdiridan noliganmilar?

Umida Solih: Bilasizmi, oyimning xislatlaridan eng ko‘p eslaydiganim shu – umri mobaynida uning biror marta bo‘lsin bir narsadan shikoyat qilganini xotirlayolmayman. U umrining har onidan rozi edi. Garchi, bilasiz, uning hayoti og‘ir bo‘lgan. Ammo men qizi o‘laroq uning o‘z taqdiridan shikoyat qilganini hecham eslolmayman. Faqat bir voqeani eslayman, bu 2004 yil bahorida bo‘lgandi. Oyim otam bilan Germaniyada yashardi, men esa Turkiyada edim. O‘shanda ularning ziyoratiga bordim. Borganimda juda hayron qoldim. Ular yarmi buzilgan eski nemis uyining ikkinchi qavatida yashayotgan ekanlar. U erda chog‘roq ikki xona bor edi, ammo ichkarisi iliq va shinam edi. Oyim qaerga bormasin, hamma joyni saranjom-sarishta qilib, qulay sharoit yaratib olishga harakat qilardi. Ammo o‘sha yerdagi bir holatni unutolmayman – oshxonaga kirib, javonni ochsam, bor-yo‘g‘i to‘rtta likop, to‘rtta finjon, to‘rttadan qoshiq va sanchqi turibdi. Ajablanib, “Oyi, nega to‘rttagina likop bilansizlar?” deb so‘radim. Oyim yuzimga mehr bilan qarab: “Bibi (u meni “Bibi” deb chaqirardi), bilasanmi, men juda charchadim. Muttasil ko‘chib yurishdan charchadim. Bir yerga kelib, endigina ko‘nikib, hamma narsani joylab tursang, yana hamma narsani tashlab ketishga to‘g‘ri keladi, shuning uchun men navbatdagi ko‘chishni kutib, hech narsa xarid qilmay qo‘ydim”, dedi. Bu mening xotiramda qolgan yagona voqea. O‘shanda ham u shikoyat qilmagandi, shunchaki charchaganini aytgandi. O‘limidan bir yil oldin uning hamma narsasi bor edi: uyi, atirgullar to‘la go‘zal bog‘i (oyim atirgullarni juda yaxshi ko‘rardi va o‘z qo‘li bilan o‘tqazgandi), oilasi, nabiralari. Oyim kasal bo‘lib yotganlarida, ichimda: “Nihoyat oyim orzu qilgan narsalarning hammasi bor, shunday bir paytda ketishiga to‘g‘ri kelyapti”, deb o‘yladim. O‘shanda ham u biror marta bo‘lsin taqdiridan noligan emas. U yal-yal yonib yotgan ko‘yi “Haqiqiy musulmon ayollarday o‘lim topsam, naqadar go‘zal bo‘lardi”, deya orzu qilardi.

Oydin Solih.
Oydin Solih.

Ozodlik: Oilangiz O‘zbekistonni tark etishga majbur bo‘lganidan keyin oyingiz qancha yil hijratda yashadilar?

Umida Solih: Biz 1993 yili ketdik. U 21 yil muhojirotda yashadi.

Ozodlik: Oyingiz aynan Turkiyada necha yil xotirjam yashay oldilar?

Umida Solih: Ota-onam Turkiyaga 2005 yili qaytishdi, o‘shandan beri otam shu mamlakatda yashayaptilar. Oyim bu erda bor-yo‘g‘i 10 yil xotirjam yashay oldilar.

Hayotdagi asosiy vazifa

Ozodlik: Umidaxon, hozir Siz Germaniyada ota-onangiz yashagan yarimta uy haqida gapirib berdingiz. Odamlar ba’zan siyosatchi Muhammad Solihning puli ko‘p, deb gapirishardi. Ota-onangizning Turkiyada tushgan suratlarini ko‘rgan kishilarning ko‘pi “Oydin Solih doim to‘kin-sochinlikda yashagan”, deb o‘ylagan. Aslida ham shundaymidi?

Umida Solih: Oxirgi o‘n yil Turkiyada oyim g‘ayrat bilan ishladi. Umrining so‘ngida u pul topdi. Nihoyat u qanday xohlasa, shunday yashay olardi. Ammo to‘kin-sochin turmush uchun puli yetarli bo‘lgan paytda ham oyim dabdabali hayot kechirgan emas. Shogirdlarining hammasi uni shu holda eslaydi. U bitta kiyimni kiyib yuraverardi, bir vaqtning o‘zida besh sidra libosi hech qachon bo‘lgan emas. Ikkita, nari borsa uchta bo‘lishi mumkin edi. Uning mashhur firmaga oid bitta kichkinagina jigarrang sumkachasi bo‘lardi, men uni 1997 yili o‘zim uchun sotib olgan, keyin esa oyimga sovg‘a qilgandim. Oyim umrining oxirigacha shu eskirib ketgan sumkachani tutib yurdi. Bir kuni shogirdlari: “Oydin xonim, keling, biz buni ustaga berib kelaylik”, deyishib, ta’mirlatib kelishibdi. U uzun yillar shu sumkani ko‘tarib yurdi va boshqa sumka sotib olmadi. Umrining oxirida yetarli sarmoyaga ega bo‘lgan paytda unga: “Oyi, do‘konga borib, Sizga xuddi shunaqa, ammo yangi sumka olaylik”, dedim. O‘sha paytda u holsizlanib qolgandi. Menga qarab, “Bibisha, nima keragi bor? Menga shuning o‘zi ham yetadi”, dedi. Shu bilan olamdan o‘tib ketdi. Oyim shunaqa odam ediki, aytib, adog‘iga etolmayman.

Ozodlik: Toshkentda yashagan paytlarida ham oyingiz shunaqa edilarmi?

Umida Solih: Ha, u doim shunday edi. Oyim har doim juda kamtar inson bo‘lgan. Ammo Toshkentda uning boshqa tashvishlari bor edi. Oyim doim oqila bo‘lgan, ammo uning bu yerdagi missiyasi boshqa edi. Biz hech qachon as’asayu dabdaba bilan hayot kechirmaganmiz. Ota-onam qariganlarida osuda va yaxshi turmush kechira boshlagandirlar, biroq oilamiz, ba’zi odamlar aytganlaridek, hech qachon boy-badavlat yashagan emas. Aytish lozimki, oyim juda ko‘p ishlardi. So‘nggi o‘n yil mobaynida u uydan ertalab soat 8 da chiqib ketib, oqshomgi soat 7 da qaytardi. U 70 ga kirib qolgandi. Otam ba’zan: “U hali ham ishlayapti, u yoqdan-bu yoqqa chopib yuribdi, qachongacha shunaqa qiladi, axir horib-charchaydi-ku”, deya shikoyat qilib qolardi. Bir kuni u mening oldimga qahva ichgani kelganida, men: “Oyi, nega bunaqa ko‘p ishlayapsiz? Axir yoshingiz ulug‘ bo‘lib qoldi. Ozroq dam olishingiz kerak-ku”, dedim. O‘sha paytdayoq u holsizlana boshlagandi, dam olishi kerak edi. O‘shanda oyim menga: “Ishlasam, o‘zimni yaxshi sezaman. Odamlarga yordam berayotgan paytimda o‘zimni to‘laqonli odamdek his qilaman. Men qilayotgan ish butun hayotimdagi asosiy vazifamdir”, degandi. Oyim oxirgi kuchi qolguncha ishladi.

Oydin Solih qizi Umida va nabiralari bilan.
Oydin Solih qizi Umida va nabiralari bilan.

Ozodlik: Umidaxon, “Haqiqiy tibbiyot (Yo‘qotilgan shifo izidan)” kitobi keyinchalik o‘zbek tiliga tarjima qilindi. O‘zbekistonliklarning ko‘pi bu kitob bilan qiziqib qolishdi, ko‘pchilik kitob bilan xorijda tanishdi, ammo yana ko‘pchilik uni O‘zbekistonga olib kirishga qo‘rqardi, ayrimlar yashirib olib kirib ketishdi. Buning sababi otangizning siyosiy faoliyati bilan bog‘liq. Aytingchi, bu hol Oydin xonimga qanday ta’sir qilgan. O‘zbekistondagi siyosiy rejim tufayli odamlar uning siyosatga mutlaqo aloqasi bo‘lmagan kitobi bilan tanisholmayotganidan oyingiz hech iztirobga tushganmilar?

Umida Solih: Oyim juda dindor ayol bo‘lganlar. Bunaqa holatlarni o‘ta bosiqli, xotirjamlik bilan qabul qilardilar. U Ollohning irodasiga va taqdirga astoydil ishonardi. U o‘z kitobi mamlakatimizga, Parvardigor qachon istasa, aynan o‘sha paytda kirib borishiga shubha qilmasdi. Ya’ni, u bu haqda hech qachon qayg‘urgan emas. Nimadandir xafa bo‘lish yoki nimadandir qattiq iztirobga tushish uning xayoliga ham kelmasdi. Qizi sifatida oyim eng ko‘p o‘z farzandlari – men va ukam Temur uchun tashvish chekardi, deb o‘ylayman.

Kitobga qarshi chiqqanlar

Ozodlik: Turkiyada “Haqiqiy tibbiyot” kitobi qanday kutib olindi?

Umida Solih: Kitob chiqmasidan avval ham bu yerda oyimning muxlislari ko‘p edi. Oyim oldin ham tabib sifatida mashhur edilar. Tabiiyki, ixlosmandlarning bu kitobdan boshlari ko‘kka etgan. Ammo, bilasizmi, islomiy tibbiyotga va umuman Islomga shubha bilan qaraydiganlar ham kam emas. Nafsilamrini aytganda, bu kitob qariyb butunligicha Islom haqida, ya’ni musulmon odamning turmush tarzi haqida-ku. O‘z kitobida oyim haqiqiy musulmon qanday hayot kechirishi lozimligini bayon etgan. Shu bilan birga, bu kitob salomatlik haqida hamdir. Bu kitob qanday yashash va qay yo‘sinda sog‘lom bo‘lish, buning musulmon kishi uchun naqadar muhimligi va u o‘z sog‘lig‘i uchun ne qadar mas’ul ekani haqidadir. Ammo Turkiyada ham bu kitobga qarshi chiqqan odamlar ko‘p bo‘ldi. Birinchi navbatda, u Islom dinini asos olgani uchun, ikkinchidan, zamonaviy meditsinaga qarshi bo‘lgani uchun.

Ozodlik: Turkiyada bu kitobga shifokorlar qarshi chiqdimi?

Umida Solih: Shifokorlar qattiq qarshilik ko‘rsatdi, deb aytolmayman. O‘sha paytda bu keng ko‘lamda yoyilgan emasdi. Hozir esa Turkiyada muqobil tibbiyot avvalda bo‘lgani kabi biqiq-bo‘g‘iq holatda emas. Bu kitobga qarshi qat’iy norozilik bo‘lganini eslolmayman. Ammo kitobda yozilganlar zamonaviy tibbiyotga oid tushunchalarga tamoman zid kelardi.

Islomga doxil bo‘lish

Ozodlik: “Haqiqiy tibbiyot (Yo‘qotilgan shifo izidan)” kitobida Oydin Solih ba’zi xastaliklarni davolash usulini Toshkentda yashagan paytidayoq kashf etgani haqida yozganlar. Masalan, u kishi ayrim kasalliklarni davolashda bug‘doy nishlarining foydasi haqida bayon qiladilar. Oyingiz O‘zbekistonni tez-tez eslab turarmidilar? Bu mamlakat haqida eslaganlarida, nimalarni gapirardilar? O‘zbekiston u kishi uchun vatanmidi yoki shunchaki hayotining bir davri o‘tgan bir mamlakatmidi?

Umida Solih: O‘zbekistonda hayotimiz, ayniqsa, so‘nggi yillarimiz qanday kechgani o‘zingizga ma’lum. Avvalo, oyim O‘zbekistonni juda yaxshi ko‘rardi. Biz vatanimizni tez-tez eslab turardik, tog‘larga qilgan sayru sayohatlarimizni eslardik. Oyim toqqa chiqib, dorivor giyoh terishni juda sevardi. Umuman olganda, O‘zbekistonni u doim iliq taassurot bilan eslardi. Ammo oyim uchun eng unutilmasi - u yerda tanigan ilk musulmonlardir. Bu bir o‘zbek oilasi edi. Yoz kunlarining birida otam men va ukam Temurni Qur’oni karimni o‘rganishimiz uchun ularning yoniga yubordi. Biz ularning uyida 2-3 oycha yashadik. Avval-boshda bu men uchun haqiqiy azob-uqubat bo‘lib ko‘rindi. O‘sha paytlarda men 9-10 yoshlarda edim, ukam esa yanayam kichkina edi. Men uchun begona oilaga borib yashash juda qiyin bo‘lgan. Bilasizmi, o‘sha paytda bunaqa ishlar yashirin qilinardi, chunki taqiq bor edi. Lekin u yerda ozroq yashagach, uyga qaytgim kelmay qoldi. Men bu odamlarni shu qadar yaxshi ko‘rib qolgandim. Bu odamlar boshqalarga hech o‘xshashmas edilar. Ular shunaqa musulmonlar ediki, ularga qaragan kishining musulmon bo‘lgisi kelardi. Ular kuniga besh mahal namoz o‘qib qo‘yish bilan kifoyalanadigan musulmonlardan emasdilar. Ularning qanday yashayotganlarini ko‘rib, bir-birlari bilan qanday muomala qilayotganlari, bir-birlarini naqadar sevishlari, bolalarni qanday yaxshi ko‘rishlari, iymon-e’tiqodlarini ko‘rib, zavq olardingiz. Biz oyim bilan ularni tez-tez eslab turardik. Bu pokiza insonlar hali-hamon yodimda. Bu odamlar oyimning hayotidagi Islomni o‘rganish yo‘lida katta rolь o‘ynadi, deb o‘ylayman.

Muxolifatdagi “Erk” partiyasi raisi Muhammad Solih va uning rafiqasi Oydin Solih nabiralari bilan (oila arxividan olingan surat).
Muxolifatdagi “Erk” partiyasi raisi Muhammad Solih va uning rafiqasi Oydin Solih nabiralari bilan (oila arxividan olingan surat).

Ozodlik: O‘zingizning O‘zbekiston haqidagi xotiralaringiz qanday?

Umida Solih: Turkiyaga kelganimiz ilk chog‘lar men uchun juda og‘riqli va qiyin damlar edi. Chunki u paytda endigina 17 yoshga kirgandim. Butun bolaligim O‘zbekistonda o‘tgandi. Dastlabki ikki yil juda qiyin kechdi. Qiyin bo‘lganiga sabab – o‘z mamlakatim bilan hecham aloqa bog‘lolmasdim. Dugonalarim, tanishlarimdan biriga qo‘ng‘iroq qilsam, ular men bilan gaplashishni istashmasdi yoki ovozimni eshitiboq go‘shakni uloqtirishardi. Bilasizmi, bu men uchun juda katta zarba edi. Dastlabki ikki yilni men yig‘lab o‘tkazdim. Uchinchi yilga kelganda turk tilini o‘rganishim va universitetga kirishimga to‘g‘ri keldi. Universitetga kirganimdan keyin hammasi o‘tdi-ketdi. Hozir O‘zbekistondagi hayotim bilan bog‘liq uzuq-yuluq xotiralarim bor. Baribir yurt o‘ziga tortib turadi, deyishadi-ku. Farzandlarim qachondir borib, yurtimni ko‘rishlarini, xalqim qanaqa yashayotganini, o‘zbeklar kim ekanini va O‘zbekistonning qanday mamlakat ekanini bilishlarini juda istardim. Inshaolloh, bir kun kelib men, turmush o‘rtog‘im va farzandlarim Toshkentga borishimizga ishonaman. Biz buni juda xohlaymiz. Ammo mening O‘zbekiston bilan bog‘liq xotiralarim ancha iztirobli. Chunki men Toshkentga juda bog‘langandim, bu shaharni juda yaxshi ko‘rardim. Men vatandan ketganimda o‘zimga jiddiy ruhiy shikast yetgan, deb hisoblayman. Afsuski, Toshkent bilan bog‘liq xotiralarim u qadar yoqimli emas.

Ammo men, otam haqida qancha yomon gaplarni aytgan va yozgan bo‘lishlariga, hali ham gapirayotgan va yozayotgan bo‘lishlariga qaramasdan, uning O‘zbekistonni qanchalar sevishini ko‘rib, hayratlanaman. Men o‘zimni o‘zbek qizi, deb bilaman va O‘zbekistonni yaxshi ko‘raman. Men hatto yaqin orada bizga mamlakatga borishga ruxsat berishadi, deb umid qilaman. Ammo o‘zbekligimni his qilgan va bilgan holda, Turkiyaga ko‘nikib bo‘lganimni ham e’tirof etaman.

Turkiyadagi hayot va Vatan sog‘inchi

Ozodlik: Turkiyada Sizlarni qanday kutib olishdi? U yerda otangiz mamlakatni tark etishga majbur bo‘lgan siyosatchi ekanini bilishar ekanmi? Odamlar Siz bilan, oilangizning boshqa a’zolari bilan muloqot qilishdan cho‘chiganlari yo‘qmi?

Umida Solih: Turkiyada mahalliy turklarning odamlarga naqadar xayrixohona munosabatda bo‘lishlarini ko‘rib, tang qoldim. Turkiyaga kelishim bilan ularning o‘z odamiga aylanib qoldim. Bu yerga darrov ko‘nikib ketolmadim, ko‘p yig‘ladim, ammo keyin ko‘rdimki, bu yerda meni hamma yaxshi ko‘rarkan. Otamni esa bu yerda xuddi qahramondek qabul qilishdi. Bu yerda men o‘zimni hech qachon ajnabiydek his qilganim yo‘q.

Ozodlik: Umidaxon, farzandlaringiz nechta? Ularga O‘zbekiston haqida, bu mamlakatga nima uchun bora olmayotganlari haqida aytib berganmisiz?

Umida Solih: Uch farzandim bor. O‘zbekistonga nima uchun borolmasliklarini ular hali bilishmaydi. Hali ular kichkina. Ular oyilari va bobolari o‘zbek ekanlarini bilishadi. Bizning o‘z madaniyatimiz bor ekanini, bobolari O‘zbekistonning atoqli shoiri ekanini bilishadi. Bu yil ular biz sumalak tayyorlashimizni ham bilib olishdi. Bu yil oilamiz bilan yig‘ilib, sumalak tayyorladik, oyimni yodga oldik. Ba’zan ular o‘zbekcha suhbatlarga guvoh bo‘lib turishadi.

Muhammad Solihning oila a’zolari tomonidan Istanbulda tayyorlangan sumalak.
Muhammad Solihning oila a’zolari tomonidan Istanbulda tayyorlangan sumalak.

Ozodlik: Istanbulda oyingizning shogirdlari, tibbiy markazi bo‘lardi. Oydin Solihning ishi u kishidan keyin nechog‘li muvaffaqiyat bilan davom ettirilayapti?

Umida Solih: Oyimning doim yonlarida yurgan shogirdlari odamlarni o‘qitish va davolashda davom etayaptilar. Uning ishi oyim hayotda bo‘lgan paytidagidek davom etib turibdi. Hozir biz Oydin Solih jamg‘armasini ta’sis etish ustida ish olib borayapmiz. Oyimning o‘limi hammamiz uchun og‘ir ruhiy zarba bo‘ldi. Chunki oyimga o‘xshagan boshqa bir odam yo‘q. Oyim nima uchun kitob yozib, bilganlarini boshqalarga o‘rgatib ketdi? U doim: “Sizning menga ehtiyojingiz yo‘q. Men sizga hammasini o‘rgatib ketaman, siz esa boshqalarga o‘rgatasiz. Boshqalarga ham bu haqda gapirib bering, toki ular o‘zlarini va oilalarini davolay olsinlar”, deya takrorlardi. Xuddi oyim aytgandek bo‘ldi. Oyim har doim: “Insonga tabibning keragi yo‘q. Inson o‘ziga o‘zi doktor bo‘lishi mumkin”, der edi. U o‘ylagan ishlarining hammasini amalga oshirib ketdi. Bu yerda hammasi u istaganidek davom etayapti.

Ozodlik: O‘zingiz ham oyingizning ishini amaliyotga tatbiq etib turasizmi?

Umida Solih: Albatta, vaholanki, mening amaliyotim hozircha faqat uy bilan, oila bilan cheklangan. Deylik, o‘g‘illarimdan hech qaysisi emlangan emas, ular umrida antibiotik iste’mol qilmaganlar. Oyim bizga nimani o‘rgatgan bo‘lsalar, shunday hayot kechirishga harakat qilyapmiz.

Ozodlik: Oyingiz ko‘p odamning og‘ir xastaliklardan xalos bo‘lishiga yordam qilgan, deyishadi. “Haqiqiy tibbiyot (Yo‘qotilgan shifo izidan)” kitobi islomiy tibbga asoslangan. Oyingizning oldilariga shifo istab faqat musulmon o‘lkalaridan kelisharmidi?

Umida Solih: Bunaqa cheklov yo‘q edi. Ammo kitob Islom diniga asoslangani uchun ularning ko‘pchiligini musulmonlar tashkil qilardi. Bu usul dunyoviy odamlardan ko‘ra dindorlar uchun qiziqroq edi. Oyimning oldiga davolanish uchun dunyoning turli mamlakatlaridan odamlar kelishardi. Bemorlar ko‘p bo‘lib, ular orasida turli din vakillari ham bor edi.

Ozodlik: Bizning zamonda “Tibbi nabaviy”ga (Payg‘ambarlar tibbi) ishonchsizlik bilan qaraydigan odamlar ham kam emas. Bunaqa odamlarga duch kelganlarida oyingizning ruhi tushib ketarmidi yoki aksincha, bu narsa u kishining tanlagan yo‘llari to‘g‘riligiga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlarmidi?

Umida Solih: Uning iymoni juda kuchli edi. Men ba’zan tashvishlanib, oyim javob berishi kerak bo‘lgan dahshatli savollarni eshitmaslik uchun uning konferensiyalariga deyarli bormasdim. Ammo u bunaqa savollarga doim muloyim ohangda va tabassum bilan javob qaytarardi. Ammo, bilasizmi, qizig‘i shundaki, unga eng ko‘p qarshilik ko‘rsatgan kishilar aynan din peshvolari bo‘lgan. U haqiqiy Islom qanday bo‘lishi kerakligini ularning yuziga aytardi. Oyim ularga o‘zlari amal qilmayotgan, ammo dinda buyurilgan sunnat amallarni eslatib turardi. Oyimni eng yomon ko‘rgan kishilar o‘shalar edi. Chunki oyim ularni ayovsiz tanqid qilar va “Siz qilayotgan bu ish Islomdan emas”, deb ularning yuziga ochiq aytishdan qo‘rqmasdi. Oyim bahslashishdan va ular nohaq ekanini isbotlashdan hech qachon cho‘chib-chekingan emas. U uchun yagona haq yo‘l Yagona Haqqa bo‘lgan yo‘l edi. Ya’ni bu Ollohga yo‘nalgan yo‘l edi va u uchun boshqa hech qanaqa topinadigan zot yo‘q edi. Uni hech kim hijolatdan esankiratolmas, xafa qilolmas yoki ruhini tushirolmas edi.

Oydin Solihning so‘nggi fotosurati. Oradan to‘rt oy o‘tgach, u boqiy dunyoga rixlat qilgan (oila arxividan olingan surat).
Oydin Solihning so‘nggi fotosurati. Oradan to‘rt oy o‘tgach, u boqiy dunyoga rixlat qilgan (oila arxividan olingan surat).

Oydin Solihning so‘nggi kunlari

Ozodlik: Oydin xonim olamdan o‘tganlariga qariyb 2,5 yil bo‘lib qoldi...

Umida Solih: Bilasizmi, bizni haligacha musibat tark etgani yo‘q. Ayniqsa otamga hanuzgacha buni qabul qilishi oson kechmayapti. Uning oramizdan ketishini otam hazm qilishi qiyin bo‘ldi. Dastlabki yili hecham o‘zimizga kelolmadik, kunda bir necha bor bir-birimizga qo‘ng‘iroq qilib, yig‘lashib olardik. Men haligacha oyimning oramizda yo‘qligini anglab etganim yo‘q. U menga: “Bibisha, bu ishni mana bunday qil” deganlarida, doim o‘sha ishni avval o‘zim bilgandek qilardim va buning xatoligini o‘zim ko‘rib, iqror bo‘lganimdan keyin pirovardida hammasini oyim aytgandek qilishimga to‘g‘ri kelardi. Hozir o‘z yo‘limdan yurar ekanman, oyimga: “Bilasizmi, anavi ish xuddi siz aytgandek bo‘lib chiqdi” demoqchi bo‘laman, u esa yonimda yo‘q. Men uchun eng qiyin joyi shu bo‘lyapti. Temur iztirobini amallab ichiga yutib, tashqariga chiqarmaydi, otam bilan men esa hali ham bir-birimizga suratlar jo‘natib turamiz, ba’zan yig‘lashib ham olishimiz mumkin. Bu oson ish emas albatta.

Men oyimning so‘nggi kunlarini eslayman. U juda o‘ychan edi va qariyb so‘zlashmasdi. Unga hayotning qizig‘i qolmagandi. Bir kuni men undan: “Oyi, o‘lishdan qo‘rqyapsizmi?” deb so‘radim. U menga siniq tabassum bilan qarab: “Yo‘q, qizim, bu nima deganing? Men o‘limdan qo‘rqayotganim yo‘q, (uzoq vaqt) shunaqa yotib qolishdan qo‘rqyapman”, dedi. Bilasizmi, u xuddi o‘z kitobida yozib ketganidek o‘lim topdi. U haqiqiy musulmon ayoldek vafot etdi. U “Yosin” surasini o‘qiyotgan paytlarida, xotirjam alfozda jon taslim qildi. Bu taslimiyat men uchun misli ko‘rilmagan bo‘ldi. Men hech qachon bunaqasini ko‘rmagandim. Oyimni yuvayotganlarida yonlarida edim, men mayit shunaqa chiroyli bo‘lishi mumkinligini, o‘lgan odamning yuzi bunaqa betashvish va go‘zal bo‘lishi mumkinligini hecham tasavvur qilolmagandim. O‘shanda o‘limga hozirlik ko‘rish naqadar muhimligini, hammasini ipidan ignasigacha o‘ylab qo‘yish kerakligini umrimda birinchi marta anglagan bo‘ldim. Oyim yostiqda yotgan so‘nggi haftalar yodimda. Uning hamma narsasi tayyor edi. Ya’ni uning kafani, tobut yuvilishi lozim bo‘lgan sirkasi va hatto mayitni g‘usl qildirish uchun stoli tayyor bo‘lib, yo‘lak chetida turardi. Hamma narsasi taxt, yuvilgan, dazmollangan edi. U hatto ukam Temurni g‘assol uchun chelakka yuborayotib: “Meni yuvayotgan paytlarida hech kim bu narsalarning tashvishi qilib, hech qayoqqa chopmasin, o‘limimdan hech kimga malolat kelmasin”, dedi. Bu ashyolarning hammasi stol ustida turar, u esa oppoqina bo‘lib, yal-yal yonib yotardi. Uning yoniga kelib: “Oyijon, hamma narsangiz tayyorlab qo‘yibsiz-ku” desam, menga tabassum qilib: “Hammasi tayyor, men esam hali ham hayotdaman”, dedi. Oyi bu gapni hammasi shunday bo‘lishi kerakdek, hozir sumkachasini oladiganu biror joyga ta’tilga ketadigandek yoki biz borolmaydigan boshqa olamga ketadigandek alfozda aytdi. Uning yonida bo‘lgan paytimda ko‘p narsani anglab etdim. Endi o‘lim qanday bo‘lishi mumkinligini, odamlar orasidagi naqadar katta farq bo‘lishi mumkinligini bilaman. Endilikda men odam bu dunyoda qanday umr kechirganini aynan o‘limi ko‘rsatib qo‘yishini aniq bilaman. Uni yuvib-tarab, kafanlaganimizda “Alif”dek ( ﺍ - arab alifbosining birinchi harfi – tahr.) qaddi rost va go‘zal edi. O‘sha tun u uyda qoldi. Men oyim vafotigacha yotgan karavotga uzandim. Oyim yonimda – yuvib, kafanlangan stol ustida yotardi. Men uxlab qolibman va tushimda oyim aynan o‘zi orzulaganidek go‘zal o‘lim topganini ko‘ribman. Biz u bilan hayot va o‘lim haqida juda ko‘p gaplashardik. Va men doim unga ko‘rgan tushlarimni aytib berardim. Men ko‘rgan tushimni aytib berish uchun, “Oyi, tushimda Siz aynan o‘zingiz istagandek, “Yosin” surasini tinglayotib va Kalimai Shahodatni keltirgan ko‘yi olamdan o‘tibsiz” deb aytish uchun ko‘zimni shoshib ochdim. Ko‘zimni ocharkanman, uni kafanga o‘ralib yotganini ko‘rdim. Bu men uchun unutilmas on edi. O‘sha payt oyim endi yo‘qligini anglab, yig‘lab yubordim...

Ozodlik: Umidaxon, suhbatingiz uchun rahmat.

Guli Xo‘jaeva suhbatlashdi

XS
SM
MD
LG