Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:03

Koreyaga ishga ketishni orzu qilgan yuz mingga yaqin talabgor qaytadan ro‘yxatdan o‘tadi


Jeton olish uchun o‘tkazilgan "o‘zbekcha" testda berilgan savollardan biri.
Jeton olish uchun o‘tkazilgan "o‘zbekcha" testda berilgan savollardan biri.

Joriy yilning 27-28-29-30 mart va 1-3 aprel kunlari Janubiy Koreyaga ishga ketishga talabgorlar uchun o‘tkazilgan ro‘yxatga olish va anketa to‘ldirish jarayoni natijalari 18 aprel kuni butunlay bekor qilindi. Hozircha aniq kuni e’lon qilinmagan bu yangi jarayonning "mukammal"o‘tishini va’da qilgan agentlik sayti yopiqligicha qolmoqda.

“Hammasi boshqatdan bo‘ladi”

Bu haqda rasmiy xabar tarqatgan Mehnat vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi o‘z qarorini “ro‘yxatga olish jarayonida yuz bergan jiddiy texnik uzilishlar, Koreyada mehnat faoliyati yuritishni istovchi talabgorlar bilimini sinash jarayoni qatnashchilar orasida ko‘plab anglashilmovchiliklar va noroziliklariga sabab bo‘lganligi” bilan izohladi.

Agentlik rasmiy sayti yopib qo‘yilgani bois¸ bu bayonot idoraning Facebook sahifasida yoyinlandi.

19 aprel kuni Ozodlik suhbatlashgan agentlik vakilasi Koreyaga ishga ketishga talabgorlarning qachondan ro‘yxatga olinishi va dastlabki testning qachon o‘tkazilishi hozircha noma’lumligini bildirdi:

- Hozir saytimiz ishlamayapti¸ chunki profilaktika ketayapti¸ sayt to‘g‘irlanayapti. Texnik nosozliklar ko‘p bo‘lgani uchun¸ test natijalari bekor qilindi. Butun jarayon yangidan o‘tkaziladi. Hamma kutib turganini bilamiz¸ chislosi aniq bo‘lgandan keyin¸ saytimizda e’lon qilinadi. Hamma boshqatdan onlayn ro‘yxatdan o‘tib¸ jeton uchun boshqatdan onlayn test topshiradi¸ dedi agentlik axborot markazi xodimasi 19 aprel kuni.

Qaytadan ro‘yxatdan o‘tish mashmashasi

Joriy oy boshida o‘tkazilgan onlayn testda qatnashib¸ endilikda bu jarayonning butunlay bekor etilganidan xabar topgan Koreya talabgorlaridan ayrimlari Ozodlik bilan suhbatda¸ bu yangilikka munosabat bildirdi:

- 2 aprel kuni tushdan keyin onlayn topshirish uchun Internet kafega borgandim¸ migratsiya sayti umuman ochilmadi¸ osilib qoldi. Migratsiyadagilar menga "bu testdan yiqildingiz degani"¸ deyishuvchi. Natijalar umuman bekor qilingan bo‘lsa¸ qaysidir ma’noda yaxshi¸ boshqadan testda qatnashishim mumkin. Lekin ketgan xarajatlar¸ qatna-qatnalar odamni charchatib yuborgandi. Kamida 200 ming so‘mim¸ 3-4 kunim faqat shunga ketuvchi. Olti oy 150 mingdan to‘lab¸ koreys tili kursiga qatnaganimni bunga qo‘shmayman. Yana shuni boshqatdan qilishni o‘ylasam¸ ko‘p ham xursand emasman¸ dedi samarqandlik Koreyaga ketishga talabgorlardan biri 29 yashar Chinnigul.

“Haqiqiy test qilishsin¸ garantiya¸ o‘taman!”

Buxorolik 25 yashar Anvar¸ uch yildan beri Koreyaga ketish uchun ro‘yxatdan o‘tib¸ testdan o‘tolmayotganlardan biri. Mamlakat oliy o‘quv yurtlariga kirish emas¸ Koreyaga ishga ketishga qaror bergan Anvar¸ koreys tilini migrant-ishchi uchun ortiq darajada o‘rgangani¸ biroq bu jarayonning korrupsiyalashgani bois¸ testlardan yiqilayotganini aytadi:

- Oxirgi test savollari ustimizdan kulish bo‘ldi¸ xolos. Agar endi rostakamiga koreys tilidan test o‘tkazishsa¸ garantiya¸ o‘taman. Og‘zaki suhbatdan umuman qo‘rqmayman. Lekin hozirgacha 80 foiz odam pora bilan Koreyaga ketayapti. Migratsiyadagilarga aloqador o‘rtakashlar koreyschani umuman bilmaydiganlarni o‘tkazib kelishayapti. O‘tgan yillarda 4-5 ming dollar edi¸ bu yilga kelib¸ stavkani 7000 dollarga chiqarishipti. Test bekor qilingani ana shu korrupsiya yo‘qolganini ham bildirsa¸ zo‘r bo‘lardi¸ deydi Anvar.

Bir o‘ringa qariyb 90 talabgor?

3 aprel kuni Tashqi migratsiya agentligi rahbari o‘tkazgan matbuot anjumanida keltirilgan raqamlarga ko‘ra¸ ikki davlat Mehnat vazirliklari o‘rtasida mavjud memorandumda 2017 yili Koreyaga 3000 nafar o‘zbekistonlikni ishga jo‘natishga kelishilgan.

Agentlik rahbari ta’kidicha¸ bu 3000 o‘rindan 1000 tasi uchun ochilgan so‘nggi registratsiya jarayonida qariyb 90 mingga yaqin odam ro‘yxatga olingan va ulardan faqat 6000 nafarigina¸ koreyaliklar talabi bilan¸ keyingi bosqich yozma va og‘zaki imtihonga yo‘llanma olishi lozim bo‘lgan.

Koreyaga ketishga talabgorlarning nihoyatda ko‘pligi oqibatida¸ Nazarov izohicha¸ korrupsiya ehtimolini kamaytirish maqsadida butun jarayon Internetga ko‘chirilgan¸ ammo oqim kattaligidan agentlik serveri registratsiya va onlayn test jarayonida ko‘tara olmay qolgan.

Tashqi migratsiya agentligi sobiq mulozimlaridan biri Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda¸ Ulug‘bek Nazarov keltirgan sabablarni inkor qilmagan holda¸ butun jaraënning kimlar birlamchi va so‘nggi testdan o‘tishini “o‘zlari” belgilash maqsadida tashkillashtirilganini aytadi.

Bu jarayonga koreyslarning aloqasi yo‘q. Ularning ishi Davlat test markazidagilarnikiga o‘xshaydi. Ular onlayn test javoblari to‘g‘ri-noto‘g‘riligini hal qiladi¸ lekin bu testni kim yechgani¸ qanday yechgani bilan ishi yo‘q. Buni migratsiyadagilar¸ serverni tuzib¸ uning “eshik-darchalarini” belgilaganlar hal qiladi. Koreys tilidan “a’lo” darajada test topshirganlar ko‘pchiligi umuman koreys tilini bilmasligidan koreyadagilar o‘zbekistonliklar ish vizasini olib¸ Koreyaga kelganidan keyin xabar topadi. Lekin unda kech bo‘ladi¸ testni bekor qilib¸ bu bilmasvoylarni orqaga yuborishmaydi”¸ dedi Tashqi migratsiya agentligi sobiq rasmiylaridan biri.

Bu yilgi test Migratsiya rahbarining “boshiga etdi”

Koreyaliklar ishtirokida o‘tkaziladigan yozma va og‘zaki imtihonga yo‘llanma-jeton olish uchun mart oxiri¸ aprel boshida bir hafta o‘tkazilgan dastlabki onlayn test¸ unda ishtirok etganlar va matbuot tomonidan keskin tanqidga uchrab¸ prezident virtual qabulxonasiga bu borada shikoyatlar yog‘ilganidan so‘ng¸ butun jarayon bekor qilindi va agentlik rahbari Ulug‘bek Nazarov ishdan ketdi.

Nazarov o‘rnini vaqtincha¸ shu paytgacha uning 1-o‘rinbosari bo‘lib ishlagan Hojibaxlil Asomov egalladi.

Yangi boshliq kelishi bilan e’lon qilingan bayonotda¸ “Koreya Respublikasida mehnat faoliyatini amalga oshirishni istovchi fuqarolarni ro‘yxatga olish va anketa to‘ldirish jarayonining qaytadan yanada yuqori texnik imkoniyatlar va kiberhujumlardan muhofaza etilgan holda, yangicha mukammallashtirilgan tartibda qaytadan” o‘tkazilishi va’da qilindi.

Hozircha bu jarayonning qachon boshlanib¸ qanday mukammallashtirilishiga oid tafsilotlar jamoatchilikka ma’lum qilinmadi.

Shuningdek¸ qayta ro‘yxatdan o‘tish uchun talabgorlarning yana yangidan pul to‘lash-to‘lamasligi haqidagi savol javobi ham ochiq qolmoqda.

Migratsiya agentligi o‘z tasarrufida bo‘lgan O‘zbekiston Mehnat vazirligi matbuot xizmati vakili¸ Ozodlik bilan suhbatda¸ bu jarayondan bexabarligini e’tirof etdi.

Ozodlik “yangi¸ mukammallashtirilgan” jarayonning qanday o‘tishini kelajakda yaqindan kuzatishda davom etadi.

Bu jarayonga bevosita aloqador bo‘lsangiz¸ o‘zingizdagi ma’lumot va tafsilotlarni Ozodlik bilan o‘rtoqlashishingiz mumkin.

Buning eng oson yo‘li - Ozodlikning WhatsApp va Telegram tarmoqlaridagi sahifasidir.

XS
SM
MD
LG