Линклар

Rossiyada kelgindi haydovchilarga yo‘lovchi tashish taqig‘i bir yilga kechiktirilishi mumkin


Farg‘onalik Akbarali Moskvaning "Profsoyuznaya" yo‘nalishi bo‘yicha avtobus boshqaradi

Rossiya Davlat Dumasi chet eldan kelib ishlayotgan haydovchilarga Rossiyadan tashqarida berilgan haydovchilik guvohnomalari bilan keyingi yil yozigacha ishlashga ruxsat berilishini qo‘llab-quvvatlab chiqdi. Parlamentga kiritilgan qonun loyihasi shu yilning 1 iyunigacha qabul qilinishi aytildi.

Duma xorijlik haydovchilarga yana bir muddat bermoqchi

Rossiya Davlat Dumasining Transport va qurilish bo‘yicha qo‘mitasi parlamentning Qo‘yi palatasiga xorijlik haydovchilarga o‘z mamlakatlarida berilgan haydovchilik guvohnomalari bilan yana bir yil ishlashga ruxsat beruvchi qonunni uch o‘qishda qabul qilishni tavsiya qildi.

Bu o‘zgartish Dumaning bir qancha fraksiyalari deputatlari tomonidan ilgari surildi. Hujjatga qilingan ilovada deputatlar 2017 yilning 1 iyunidan Rossiyada berilmagan milliy va xalqaro haydovchilik guvohnomalari bilan transport sohasida ishlayotgan muhojirlarga mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish taqig‘i kuchga kirishini eslatib qo‘ydi.

Loyiha tashabbuskorlari Rossiya haydovchilik hujjatiga almashtirish uchun migrantlar uchta imtihondan o‘tishlari lozimligini ham ta’kidlanmoqda: bitta nazariy va ikkita amaliy (avtodromda va shahar yo‘l harakati sharoitida).

Qonun tashabbuskorlari shu tariqa muhojirlar o‘z davlatlarida berilgan guvohnomalarni 2018 yilning 1 iyunigacha almashtirib olishlariga imkon yaratiladi, demoqda.

Ozodlik shahar yo‘lovchi trasport sohasidagi vakolatli manbasiga tayanib aniqladiki,mazkur qonunning kechiktirilishi Rossiyaning yirik transport kompaniyalari egalari bosimi ostida amalga oshdi. Ular ishchi personalning yetishmasligi shahar va o‘lkalardagi yo‘lovchi transport bilan bog‘liq vaziyatni butkul izdan chiqarib yuborishidan ogohlantirgan.

Xorijlik haydovchilarga ishlashni man etish ikkinchi marotaba qoldirilayapti

Eslatish joyizki, xorijlik guvohnomalar bilan ishlashga taqiq muhlati ikkinchi marotaba cho‘zdirilayapti.

2013 yilda qabul qilingan “Yo‘l harakati xavfsizligi” qonuniga va Ma’muriy huquqbuzarliklar Kodeksiga kiritilgan o‘zgartishlarga binoan, 2017 yilning 1 iyulidan Rossiyada berilmagan haydovchilik guvohnoma bilan ishlash man etilgani to‘g‘risida Ozodlik xabar bergan edi. Biroq, aprel oyida trasnport kompaniyalari haydovchilar o‘z hujjatlarini almashtirishga ulgurmagani borasida bong ura boshladi.

Dumaning Transport va qurilish qo‘mitasi a’zosi Yevgeniy Moskvichev qonunga o‘zgartish shu kunlarda qabul qilinishini matbuot oldida qilgan chiqishida bildirdi.

- Bu qonun loyihasi allaqachon Duma deputatlari tomonidan kiritildi. Biz uni yaqin orada ko‘rib chiqamiz – aprelda bo‘lmasa, may boshlarida, uzog‘i bilan. Chunki uni biz 2017 yilning 1 iyunigacha qabul qilishimiz kerak, dedi parlament vakili.

Mutaxassislar yo‘lovchi tashish transportida ishlayotgan haydovchilarning asosiy qismini xorijliklar tashkil etishiga e’tibor qaratib keladi.

Rossiya Avtomaktablar ittifoqi: "Ayb - haydovchilarning o‘zida!"

Bu xabar ortidan Rossiya Avtomaktablar ittifoqi 2013 yildan buyon berilgan muddat ichida guvohnomalarni almashtirmagan haydovchilarni loqaydlikda aybladi.

Rossiya Avtomaktablar ittifoqi raisi Aleksandr Achkasov Ozodlik bilan suhbatda yil boshidan buyon atigi bir necha o‘n xorijlik Moskva avtomaktablariga murojaat qilganidan taassuf qildirdi.

- Nima sababdan haydovchilar avtomaktablarga bormaganini ularning o‘zidan so‘rab ko‘rish lozim. Bizni ham shu savol qiynayapti – nimaga kelishmadi? Vaholanki biz ularning ommaviy ravishda kelishini kutgan edik, tayyorgarlik ko‘rdik. Hatto o‘zimiz transport kompaniyalariga borib targ‘ib qilgandik. Transport kompaniyalariga bu ortiqcha tashvish, haydovchilarning o‘zlari esa bu masalaga biroz loqaydlik qildi, dedi guvohnomalar almashtirish sabablari haqida so‘zlagan Aleksandr Achkasov.

Avtomaktablar ittifoqi raisi uyushma guvohnoma o‘zgartirish istagida bo‘lgan barcha xorijlik haydovchilarni qabul qilishga tayyor ekanini bildirdi.

"Prava almashtirishimizga to‘sqinlik bo‘layapti!"

Haydovchilik guvohnomasini almashtirish masalasiga oid savollar bilan Ozodlik Moskvaning “TransAvtoLiz” transport kompaniyasining ko‘p yillik haydovchisi farg‘onalik Akbarali akaga murojaat qildi. 57 yoshli Akbarali aka 1984 yildan buyon “D” kategoriya bo‘yicha avtobus haydovchisi malakasiga ega.

Suhbatdosh haydovchilarga “prava” almashtirishga turli to‘siqlar qo‘yilayotganini bildirib, qayta o‘qishga 4 oy oldin hujjat topshirganini aytadi.

- Biz keldingi odammiz – tashkilotimizga o‘nta “qo‘y” ketsa, yuzta kelishi mumkin. Bularda shunaqa munosabat migrantlarga! Men Farg‘onada 9-avtoparkda avtobusda ishlaganman. Shu sababli ishlab turibman, qolgan sheriklarni ishdan bo‘shatib yubordi. 1 iyungacha “prava”ni qilishing kerak dedi, lekin uni qilish uchun yugurmagan, bormagan joyimiz qolmadi! “Senga nima asosida guvohnoma beraman?”, deyapti GAI. Kimga arz qilishni bilmaysiz! 600 odam ishlaydi korxonamizda, shulardan 60 foizdan ko‘prog‘i chetdan kelganlar. Bitta prava beradigan joyga hujjatlarni topshirganimizga 4 oy bo‘ldi – yo chaqirmaydi, yo tushuntirish bermaydi, dedi Akbarali aka.

U ish beruvchi ham o‘zining guvohnoma almashtirishga qiziqish bildirmayotgani, bir nechta avtomaktabda haydovchilik kategoriyasiga pulga o‘qigan shofyorlar hujjatlari qalbaki chiqqanidan xavotir oshayotganini aytadi.

Farg‘onalik haydovchining fikricha, xorijliklarga haydovchi bo‘lib ishlashni man etuvchi qonun yaqin orada kuchga kirsa, transport kompaniyalari yarmidan ko‘p ishchilaridan mahrum bo‘ladi, shaharlarda esa transport kollapsi vujudga keladi.

U 17 soatlik ish kuniga mahalliy ruslar ishlamaydi, transport kompaniyalariga xorijlik ishchilarni ishlatish juda qulay, deydi.

- Ertalab 4-da turaman, 6-da garajdan chiqib ketaman. 17 soat ishlayman: birinchi obed – 1,5 soat, ikkinchisi – 40 minut dam olaman. Soat 2 tunda parkka mashinani qo‘yib, uyga yana soat 4da yetib kelaman. Mahalliylar bunday ishlamaydi – bir hafta ishlaydi, 10 kun aroq ichadi. Agarda bir yilga qonun bilan muddatni cho‘zgan bo‘lsa bizga imkoniyat yaratiladi. Shuni orasida harakat qilib, yo‘lini qilib olamizda, dedi yangilikka xursand bo‘lganini bildirgan Akbarali aka.

Rossiya Yo‘l harakati xavfsizligi davlat inspektsiyasi keltirayotgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2017 yilning birinchi uch oyida Rossiyada haydovchilar aybi bidan 27,5 mingta avtohalokat ro‘y bergan, unda 2,8 ming odam nobud bo‘lgan, 37 mingdan ziyodi – tan jarohati olgan.

XS
SM
MD
LG