Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 22:23

Ish beruvchisi tomonidan aldangan o‘zbek muhojiri javobgarlikka tortildi


Ish beruvchisi tomonidan taqdim etilgan patenti qalbaki bo‘lib chiqqan 27 yashar jizzaxlik G‘olib Omonqulov Moskva politsiyasi tomonidan to‘rt kun hibsga olindi va ishi barobarida¸ yashab turgan joyidan ham ayrildi.

Rossiyaga atigi 4,5 oy oldin ish izlab kelgan G‘olib Omonqulov, o‘z ish beruvchi menejeri tomonidan aldangani ortidan jiddiy muammolarga duch kelganini aytadi:

- Moskvada “Almatinskiy” metro yonida kvartiraga joylashdim va “Ashan” gipermarketiga ishga kirdim telejka tashuvchi bo‘lib. Menejerimga dokumentlarimni, pasportimni, fotosurat berdim. U menga ishlashim uchun patent bilan beyjik tayyorlab berdi. “Oyliging 25 ming, patent qilib berganim uchun men har oy 4 mingdan olib qolaman”, dedi. Rozi bo‘ldim. Yaqinda bir oxrannik bilan tortishib qoldim. U melisa chaqirtirdi va hujjatlarimni tekshirdi. Hamma to‘lovlarim yaxshi chiqib, patentim qalbaki bo‘lib chiqdi. Ular meni otdelga olib ketdi, deydi G‘olib.

O‘zbek muhojirining aytishicha¸ shundan so‘ng Moskvaning Brateevo tuman politsiya bo‘limida to‘rt kun ushlab turilgan.

Qalbaki patent qilib bergan “Ashan” gipermarketi menejeri esa G‘olibni unga qarshi ko‘rsatma bermaslikka ko‘ndirgan:

- Boyagi menejerim “Bo‘yniga olsin, "patentni kim qilganini bilmayman", deb yozsin – o‘zim chiqarib olaman!”, degan xotinimga. Shuni o‘ylab, hujjatlarga qo‘l bosdim... Mana bir oy bo‘layapti, 18 martdan beri na qo‘yvormayapti, na sud bo‘layapti. Hujjatsiz esa ish yo‘q. Men oilam bilan kelgandim – keliningizning oshqozoni og‘rib qoldi. Nima qilishni, qanday chiqib ketishni bilmayapmiz, dedi G‘olib.

G‘olib ikki nafar farzandi bilan qishloqda qolgan onasining ahvoli yomonlashgani sababli Rossiyadan chiqib ketishga qaror qilganini bildirdi.

Ozodlik bilan suhbatda o‘zbekistonlik muhojirning rafiqasi ham patentning qalbaki bo‘lib chiqishi ortidan nochor ahvolda qolganlarini aytadi:

- Biz hozir otdelda o‘tiribmiz. 2-3 kundan beri kvartiramizdan ham chiqarvorgan – sarson bo‘lib yuribmiz. Pasport-dokumentlarini ololmayapti, shuni har kuni kutib o‘tiribmiz, dedi o‘zbekistonlik ayol.

Brateevo tuman politsiya bo‘limiga bir oy davomida qatnashga majbur bo‘lgan er-xotin rus tilini yaxshi bilmasligi sababli tergov nega buncha uzoq cho‘zilayotganini tushunmayotganini aytadi.

Ғолиб билан суҳбат
Илтимос кутинг
Киритиш (Embed)

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:33 0:00
Бевосита линк

Brateevo tuman politsiya bo‘limining G‘olib ishi bilan shug‘ullanaëtgan tergovchisi Natalya Pavlenko o‘zbek muhojiriga nisbatan jinoiy ish ochilgani sababli pasport va boshqa hujjatlari vaqtinchalik musodara qilinganini bildirdi.

U “qalbaki hujjatdan foydalanish” moddasi asosida javobgarlikka tortilgan”, dedi politsiya xodimasi:

- Hujjatlar tekshirish uchun musodara qilingan. Chunki biz 327-modda 3- qism, ya’ni “qalbaki hujjatdan foydalanish” moddasi asosida jinoiy ish ochilganmiz. Bitta hujjati qalbaki chiqqani sababli, qoida bo‘yicha, qolganlarini ham tekshirib ko‘rishimiz lozim. Uni tayyorlash bo‘yicha alohida jinoiy ish ochilgan.

Tushunaman, ular juda qiynalib qolgan. Biz bo‘limimizda er-xotinga vaqtinchalik ish topib berish masalasini ko‘rib chiqayapmiz. Tergov cho‘zilib ketganiga esa O‘zbekistondagi pasport bo‘limi xodimligining loqaydligi sabab bo‘lmoqda. Biz bir oy oldin jo‘natgan G‘olibning pasport olganini tasdiqlovchi ma’lumotnoma haqidagi so‘rovnomamizga ular “ana jo‘natdik-mana jo‘natdik”, “yo‘lda yo‘qolibdi” yoki “so‘rovnoma olganimiz yo‘q” degan bahonalarni qilmoqda, dedi tergovchi Natalya Pavlenko.

Politsiya rasmiysi G‘olib Omonqulov ishi yuzasidan tergovning yaqin orada yakunlanishi va uning hujjatlarini qaytarib berishlarini bildirdi.

Natalya Pavlenko politsiya suddan G‘olibga qamoq jazosi tayinlamasdan, eng kam miqdorda jarima so‘rashini ham ma’lum qildi.

XS
SM
MD
LG