Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 09:33

Rossiyada Markaziy Osiyo vatandoshlariga nisbatan tekshiruvlar kuchaydi


Rossiyalik advokat Oybek Mamatqulov.
Rossiyalik advokat Oybek Mamatqulov.

Sankt-Peterburg metrosidagi portlashdan keyin Rossiyada Markaziy Osiyodan kelganlarga nisbatan tekshiruvlar kuchaytirldi. Gumondor qirg‘izstonlik bo‘lgani tufayli, ayniqsa, Qirg‘izstondan kelgan muhojirlarga nazorat ortgan. Mana shu masalada Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmati muxbiri Sanjar Eraliev Sankt-Peterburgdagi "Ivanovi i partneri" advokatlar kollegiyasi vakili, adliya fanlari nomzodi Oybek Mamatqulov bilan suhbatlashdi. Oybek Mamatqulov asli o‘shlik o‘zbek. Hozirda Rossiya vatandoshligini olgan.

"Portlashdan keyin muhojirlarning vaziyati og‘irlashdi"

-Sankt-Peterburgdagi portlashdan keyin muhojirlarning vaziyati hozir qay holda? Ularga kuch organlarlari vakillari bosim o‘tkazyapti, degan gap-so‘zlar asoslimi?

- Sankt-Peterburg metrosida 3 aprel kuni bo‘lgan portlashdan keyin bu yerda ishlab-yashayotgan muhojirlarning vaziyati og‘irlashgan. Chunki, politsiya va maxsus xizmat xodimlarining tekshiruvlari kuchaydi. Portlashdan keyin 2-3 kun ichida muhojirlar ishlagan joylarda – bozor, do‘konlarda va muhojirlar yashovchi hududlarda reydlar uyushtirildi. Unda nafaqat O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston vatandoshlari, balki Rossiya vatandoshligini olgan qirg‘izstonlik ayrim insonlarni ham ushlab ketishdi. Ularning bir-ikkitasi bilan gaplashdim. Rossiya vatandoshligini 2011-2012-yillarda olishgan. Lekin “kelib chiqishi qirg‘izistonlik ekan, o‘shlik ekan, baribir tekshirish kerak”,deb olib ketishgan.

Ammo politsiya yoki boshqa kuch organlari muhojirlarga bosim o‘tkazayapti, deb aytish qiyin. Chunki ular o‘z ishini qilayapti. Ular uchun davlat xavfsizligi birinchi o‘rinda. Shuning uchun tekshirishayapti. Nazorat kuchaytirilgani bor gap. Bekat, do‘kon va metrolarning kirish-chiqish joylarida tartib soqchilari turibdi va asosan Markaziy Osiyodan kelganlarning hujjatlarini tekshirayapti. Agar qonunni buzishmagan bo‘lsa, pasportida kamchilik bo‘lmasa darrov qo‘yib yuborishayapti.

Bu yerda yurgan muhojirlardan ko‘pchiligining xujjatlarida kamchilik bor. Masalan, muddati o‘tib ketgan yoki vaqtida ro‘yxatdan o‘tmagan. Ularni kuch organlariga olib ketishayapti va mamlakatdan chiqarilayapti.

-Asossiz ishdan bo‘shatishlar bo‘lyapti deb eshitayapmiz. Shunaqa vaziyatga tushganlar bormi?

-Ishdan bo‘shatilayotganlar haqida aytadigan bo‘lsam, bu muammo asosan taksi xizmatida yoki boshqa tarmoqda haydovchi bo‘lib ishlayotganlarga taaluqli. Ularni ishdan olishga Rossiyaning haydovchilik guvohnomasi yo‘qligi asos bo‘layapti. Aslida, “faqat Rossiyadan berilgan guvohnoma bilan haydovchilik qilish kerak”, degan qoida 2018 yilda kuchiga kiradi. Boshida 2017 yilning 1 iyulidan boshlanishi lozim edi. Ammo davlat o‘zi bunga tayyor bo‘lmay qoldi. Qaerdan qay tarzda guvohnoma berish ishlari vaqtida bitmadi va bu qoidani amalga kiritish bir yilga uzaytirilgan edi.

"O‘shliklarga munosabat o‘zgardi"

-Rossiyadagi teraktni amalga oshirishda gumonlanayotgan shaxs Qirg‘izistonning O‘sh viloyatidan ekani xabar qilingan. Hozirda, ayniqsa, O‘shdan borib ishlayotganlar ko‘proq muammolarga duchor bo‘layapti, degan gaplar bor. Bu bilinayaptimi sizga?

-Haqiqatdan ham teraktni o‘shlik yigit amalga oshirgani aytilganidan so‘ng o‘shliklarga nisbatan munosabat o‘zgargan. Avvalari qirg‘izistonlik muhojirni politsiya to‘xtatsa, dokumentini ko‘rib, darrov bo‘shatib yuborardi. O‘zbekistonlik yoki tojikistonliklarga qaraganda qirg‘izstonliklarga engil edi. Hozir aksincha, qiyin bo‘lib qoldi. Ayniqsa, pasportida “O‘sh” degan yozuv bo‘lsa, politsiya olib ketayapti. Ularni obdon tekshirib, hatto ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarini ham qarashayapti. Rossiya pasportiga ega bir-ikki qirg‘izstonlikni ham tekshirib, hujjatni olishda ma’lumotlarni noto‘g‘ri berganlikda ayblashibdi. Tanishlarimning so‘zlariga qaraganda, “pasportni olib qo‘yamiz”, deb aytishibdi. Shunaqa holatlar ham bo‘layapti.

-Muhojirlarga Rossiya vatandoshligini berish to‘xtatiladi, degan gaplar bor. Bu borada maslahat so‘rab kelganlar bormi?

-2012 yilgacha qirg‘izstonliklar Rossiya pasportini uch oy ichida, imtiyozli ravishda olib yurishgan. Keyin bu to‘xtatildi. Hozir vatandoshlik olishni istagan odam kamida ikki-uch yil yurishi kerak. Bu oraliqda barcha hujjatlarni kamchiliksiz topshirib, qonun buzmasdan yashamog‘i lozim. Shundan keyin mutaxassislar maxsus tekshiruvlarni o‘tkazib, pasport berish yoki bermaslik haqida bir qarorga kelishadi.

Lekin “vatandoshlik berish to‘xtatiladi”, degan fikrlarga qo‘shilmayman. Chunki ikki-uch oy oldin prezident Putin deputatlarga murojaat qilib, sobiq SSSR davlatlaridan kelganlarga vatandoshlik berishni yengillashtirish haqida qonun chiqarishni taklif qilgan. Har holda bu masalada hozir bir narsa deyish qiyin.

"O‘zbekiston va Qirg‘izistondan kelganlar advokatga juda kech murojaat qilishadi"

-Markaziy osiyoliklarga nisbatan yovuz niyatlar yozilgan kog‘ozlar Sankt-Peterburgning turli joylariga yopishtirilgani to‘g‘risidagi suratlarni yaqinda internetda ko‘rgandim. Chindanam shunaqa yozuvlar bormi? Ko‘zingiz tushmadimi?

-Shu kungacha yurib, bunaqa yozuvlarni ko‘rmadim. Kim, nima maqsadda chiqarganini bilmayman.

-Siz ishlayotgan tashkilotning advokatlariga, shaxsan sizga yordam so‘rab murojaat qilgan muhojirlar bormi? Ko‘proq kaysi masalada ko‘mak so‘rashayapti?

-Men 2013-yildan beri “Ivanovi i partneri” degan advokatlar kollegiyasida ishlayman. Asosan rossiyaliklar bilan ishlaymiz. Muhojirlar kamdan kam murojaat qilishadi. Shuni ta’kidlash joizki, O‘zbekiston, Qirg‘izstondan kelganlar advokatni juda kech izlashadi. Qonun buzishda ayblanib qamalib qolsa yoki deportatsiya kabi muammoga duchor bo‘lsa ham kech murojaat qilishadi. Ba’zan yordam bera olmaysiz. Chunki sud qarori chiqqan bo‘ladi.

Muhojirlar hujjatlarga e’tiborli bo‘lishi kerak. Patent, sug‘urta kabi ishlarni kechiktirishmasin. Agar qirg‘izstonlik bo‘lsa, kelgan kundan boshlab ro‘yxatga turib, ishlaydigan joyi bilan shartnoma tuzishi kerak. Agar o‘zbekistonik bo‘lsa, bir oy muddat ichida patent olishi joiz. Muhojirning hujjatida kamchilik bo‘lmasa, muammoga ham kamroq duchor bo‘ladi.

Ойбек Маматқулов билан суҳбат
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:09:04 0:00
Бевосита линк

XS
SM
MD
LG