Линклар

12 декабр 2017, Тошкент вақти: 20:47

Oltinsoylik fermer rasmiylar sansalorligi tufayli yerini ololmay ovora. Toshkent viloyatida chiyabo‘rilar odamlarning mol-qo‘yini yeb ketmoqda. Professor adabiyot darsligini yozishda tanish-bilishchilikka yo‘l qo‘yilayotganini tanqid qildi.

_______________________________________________________________

Surxondaryoda sudya o‘zi chiqargan qarorni... o‘zi bekor qildi

Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumanidagi “Hayrondara umidi” fermer xo‘jaligi rahbari G‘ulomjon Qahhorov sud va hokimlik sansalorligi tufayli qonunan o‘ziga tegishli yerni ololmay yuribdi (“Jamiyat”, 21 aprel). Gap shundaki, Oltinsoy tumani hokimi 2016 yil 27 iyulda fermer xo‘jaligiga 4,5 gektar yer ajratish haqida qaror chiqargan. Fermerning bosh og‘rig‘i ushbu qaror qabul qilinganidan keyin boshlangan. Fuqaro R.Kamolov qudasi – Oltinsoy tuman fermerlar kengashi raisi Ahmad Majidovni ishga solib, mahkama jarayonida hokim qarorini bekor qilishga erishgan. Eng qizig‘i, sud bitta ish yuzasidan turlicha qarorlar chiqargan. Masalan, fuqarolik ishlari bo‘yicha Boysun tumanlararo sudi sudyasi O.Berdiev 2016 yil noyabrda o‘zi chiqargan hal qiluv qarorini o‘zi bekor qiladi. Xabar qilinishicha, fermerning sargardonligi hamon davom etmoqda.

Toshkent viloyatida chiyabo‘rilar keskin ko‘payib ketdi

Toshkentning viloyatining Ohangaron, Angren, Qibray, Bo‘stonliq, Zangiota, Parkent va Chinoz tumanlarida bo‘ri va chiyabo‘rilar keskin ko‘payib ketdi va tunlari mahallalar oralamoqda. Bu haqda “Darakchi” nashri xabar beradi. “Mahallamizda chiyabo‘rilar paydo bo‘lgan, kechasi kimningdir mol yoki qo‘yini yeb ketyapti. Tuni bilan uvillab chiqadi, odamlar bemalol yurishga ham qo‘rqib qolgan” deydi Zangiota tumanida yashovchi Gulnora Amirjonova. Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari R.Fayziev bo‘ri va chiyabo‘rilar keskin ko‘payib ketganini tan olgan holda, Toshkent viloyati ovchilar birlashmasiga yirtqichlarni otishga ruxsat berilganini ma’lum qilgan. Qayd etilishicha, fuqarolar bo‘ri va chiyabo‘rilarni yo‘q qilish bo‘yicha viloyat ovchilar birlashmasiga murojaat qilishi mumkin.

Professor Naim Karimov adabiyot darsligi bo‘yicha tanish-bilishchilik ta’lim sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganidan bahs etdi

Adabiyot darsliklariga mualliflari o‘z tanish-bilishlarini kiritmoqda, bu hol esa darsliklarning yil sayin o‘zgartirib, qayta nashr etilishiga sabab bo‘lmoqda (“XXI asr”, 2017 yil 16-son). “Kamida to‘rt-besh yil halol xizmat qiladigan barqaror darsliklar hamon yaratilmayapti. Bu hol shunday davom etsa, ayting-chi, o‘quvchilarda kitobga muhabbat tuyg‘usi qanday paydo bo‘ladi?” degan professor Naim Karimov. Olim kitobxonlik muammosiga ham e’tibor qaratib, yosh avlod kitobxondan uzoqlashib borayotgani xavotirli ekanini aytgan. “Dunyo tugul, birgina odamzodni o‘zgartirishga ham adabiyotning kuchi yetmayapti. Jamiyatning hayotiy jarayonga ta’sir o‘tkazuvchi boshqa institutlari o‘z vazifalarini halol bajarsagina adabiyot, adabiy tarbiya samara berishi mumkin”, degan N.Karimov.

XS
SM
MD
LG