Линклар

19 декабр 2017, Тошкент вақти: 01:20

O‘zbekistondagi Iqtisodiy rivojlanishga ko‘mak markazi direktori¸ mustaqil iqtisodchi Yuliy Yusupov¸ mamlakatda erkin konvertatsiya joriy qilingan taqdirda “unday bo‘ladi¸ bunday bo‘ladi”¸ degan qo‘rquvlarning jiddiy asosga ega emasligini aytadi. Mutaxassis¸ hukumat konvertatsiyani ertaga ochgan taqdirda ham¸ dollar kursining qora bozordagi 8000 so‘m bilan birjadagi 10 ming so‘m oralig‘ida muqimlashishini taxmin qiladi.

Yuliy Yusupov¸ O‘zbekistonda iqtisodiy islohotlar o‘tkazilishi¸ xususan¸ hukumat o‘z harakat strategiyasiga kiritgan valyuta siësatini liberallashtirishni qo‘llab-quvvatlayotgan mustaqil iqtisodchilardan biri.

Mutaxassislar orasida obro‘ qozongan bu iqtisodchi¸ Ozodlik bilan suhbatda¸ valyuta erkin konvertatsiyasini joriy qilmay turib¸ o‘zbek iqtisodidagi boshqa biror muammoni hal etib bo‘lmasligini ta’kidladi.

Bu muammoni hal qilishning qator sinalgan usullari borligini ayta turib Yusupov¸ O‘zbekiston sharoitida qo‘llanishi lozim qadamlarga oid o‘z taklif va mulozahalarini o‘rtaga tashladi:

- Valyuta bozorini liberalizatsiya qilish va erkin konvertatsiya joriy qilishning bir necha yo‘li bor. Muhimi - natija. Natija esa¸ bir necha ayirboshlash kursiga barham berishdir. O‘zbekistonda hozir bunaqa kurs bir nechta. Rasmiy¸ qora bozor¸ naqdsiz kelishuvlar bo‘yicha birja kursi bor. Qilinajak ish ana shu kurslarni bittaga olib kelish¸ unifikatsiya qilish¸ O‘zbekistonda ham dunyoning aksar davlatlaridagi kabi valyuta ayirboshlashning bitta kursini belgilashdir. Buning yo‘llari ko‘p. Ulardan biri¸ rasmiy kursni bosqichma-bosqich devalvatsiya qilish. Boshqasi¸ biror cheklovsiz valyuta erkin savdosiga ruxsat berish va kursni Markaziy bank belgilamaydigan erkin valyuta bozori yaratish. Bu variantda¸ Markaziy bank o‘z kursini bozor belgilaydigan kursga moslaydi. Yana bir yo‘l¸rasmiy kursni valyuta bozoridagi talab va taklif tenglashgunga qadar devalvatsiya qilish.

Ozodlik: Bugungi vaziyatdan kelib chiqilsa¸ erkin konvertatsiyaga o‘tishning tilga olganingiz yo‘llaridan qay biri O‘zbekiston uchun eng maqbul¸ deb o‘ylaysiz?

- Eng maqbuli¸ rasmiy kursni birdaniga devalьvatsiya qilishdir. Rasmiy kursni haftasiga 50 so‘mdan oshirish emas¸ balki talab va taklif tengligini ta’minlovchi muvozanat nuqtasi qaerda ekanini “paypaslab ko‘rib”¸ shu nuqtani belgilashdir. Men bu muvozanat nuqtasi juda baland bo‘ladi¸ deb o‘ylamayman – talab va taklif o‘rtasidagi tenglik 7000-8000 so‘m o‘rtasida to‘xtaydi¸ degan fikrdaman.

Ozodlik: 28 aprelda dollar qora bozor kursining 8000 so‘mga chiqqanidan kelib chiqsak¸ qora bozor ozmi-ko‘pmi talab va taklif muvozanatini¸ dollar haqiqiy narxini belgiladi¸ deyish mumkin?

- Qora bozor¸ ha. Ammo birja kursini ham unutmaslik kerak. Rasmiy kursni qo‘yvorishdan oldin¸ naqd pul muomalasidagi ma’muriy to‘siqlarni olib tashlash kerak. Shunday qilinsa¸ rasmiy kurs bilan naqdsiz hisob-kitob qilinadigan birja kursi yaqinlashadi. Bu ikki kursning qaysi nuqtada yaqinlashishini aniq aytish juda qiyin. Birinchidan¸ talab va taklifga ta’sir qiladigan nihoyatda ko‘p omil bor. Ikkinchidan¸ biz rasmiy¸ naqd va naqdsiz aylanma miqdorini bilmaymiz. Lekin meing taxminimcha¸ bu kurslar uchrashadigan nuqta 7-8 ming oralig‘ida bo‘ladi. Hozir naqdsiz oldi-berdi qilinadigan birja kursi 10 ming so‘m atrofida¸ rasmiy kurs 3¸5 ming atrofida va ular kesishadigan nuqta¸ menimcha bugungi qora bozor narxi¸ ya’ni 8000 so‘m bo‘ladi.

Ozodlik: Bundan chiqadiki¸ hukumat konvertatsiyani ertagayoq ochib yuborsa¸ bu harakat butun bozor-o‘charini faqat dollarning qora kursiga moslab yuritishga o‘rganib bo‘lgan aksar o‘zbekistonlikning kundalik hayotini ostin-ustun qilib yubormaydi!

- Mutlaqo to‘g‘ri. O‘zbek iqtisodi qariyb to‘lig‘icha ana shu ikki kurs – qora bozor va birja kursi bo‘yicha ish yuritadi. Aksar o‘zbekistonliklar xarid qiladigan iste’mol bozoridagi mahsulotlar narxi bugun 8000 so‘mga chiqqan qora bozor kursi¸ yoki 10 mingga yaqinlashgan birja kursiga asoslanadi. Ya’ni bozordagi narx dollarning ana shu kursidan kelib chiqib belgilangan. Mohiyatan¸ erkin bozor kursi birja kursidan baland bo‘lishi mumkin emas. Uning qora bozordagi bugungi narx atrofida bo‘lishi ehtimolga yaqinroq. Konvertatsiya ochilsa¸ hatto¸ birja narxi bo‘yicha hisob-kitob qilingan ayrim mahsulot narxlari qora bozor darajasiga tushishi va 10-20 foizga arzonlashi mumkin.

Ozodlik: Agar konvertatsiya ochilishidan aksar o‘zbekistonliklar ziyon ko‘rmasa¸ bozordagi narxlar keskin oshib ketib¸ ijtimoiy-iqtisodiy falokat ro‘y bermasa¸ konvertatsiyani ochishdan bu qadar kuchli qo‘rquv nimaga asoslanadi?

- Bu qo‘rquv¸ meni ham doim hayron qoldiradi. Qo‘rquv¸ ahvol bundan yomonlashib ketish ehtimoli qo‘rquvidir. Buni tushunish qiyin emas. Chunki odamlar nimadir bo‘lsa¸ uning o‘z cho‘ntaklariga zarba berishiga o‘rgangan. Konvertatsiya ochilishidan amalda ziyon ko‘radiganlar¸ birinchi galda¸ rasmiy kurs bo‘yicha import qilib kelayotganlar bo‘ladi.

Ozodlik: Demak¸ konvertatsiya ochilishidan aholi emas¸ rasmiy kurs bo‘yicha O‘zbekistonga import bilan shug‘ullanib kelayotgan bir guruh saralangan¸ qudratli shaxs va shirkatlar ziyon ko‘radi.

- Zarar ko‘radiganlar qaysidir davlat tizimlari yoki uyushmalarga kiruvchi davlat shirkatlari va rasmiy kurs bo‘yicha konvertatsiya imtiyoziga ega xususiy shirkatlar bo‘ladi. O‘zbekistonda rasmiy kursdan foydalanuvchi shirkatlar ro‘yxati eng katta davlat siri va biz kimning bu imtiyozga egaligini ham aniq bilmaymiz. Lekin bunday shaxs va shirkatlar soni juda ko‘p¸ deb o‘ylamayman. Bu yerda eng muhim jihat – hatto bu imtiyozga ega davlat va xususiy shirkatlar import mahsulotlarini dollarning rasmiy kursi bo‘yicha sotib olsa ham¸ ular bu mahsulotlarni ichki bozorda qora bozor narxida sotib kelmoqda. Shu bois¸ bu shirkatlarni imtiyozdan mahrum qilish bozordagi narxlarga jiddiy ta’sir ko‘rsatmaydi. Konvertatsiya ochilsa¸ valyutada qarz va kredit olgan korxona va shirkatlar ham yutqizadi. Deylik¸ avvallari bu qarzni so‘mni rasmiy kurs bo‘yicha dollar qilib to‘lab kelgan bo‘lsam¸ konvertatsiya ochilib¸ rasmiy kurs ham devalvatsiya bo‘lsa¸ men ham dollardagi qarzimni to‘lash uchun ikki baravardan ko‘proq so‘m berishim kerak bo‘ladi. Lekin¸ bilishimcha¸ bunaqa qarzdorlar O‘zbekistonda ko‘p emas.

Ozodlik: Konvertatsiya ochilsa¸ import qilinadigan asosiy iste’mol mollari va yonilg‘i narxi ham keskin oshib¸ ijtimoiy taloto‘plar ehtimoli kuchayadi¸ degan xavotirlar ham bor. Ya’ni¸ chetdan rasmiy kurs bilan olib kelinayotgan¸ deylik¸ bug‘doy¸ kartoshka¸ yog‘¸ neft va gaz narxi ham qora bozor narxiga ko‘chadi va ikki baravardan ko‘proqqa oshib ketadi¸ degan qo‘rquvlar bor. Bu qo‘rquvga nima deysiz?

- Men¸ hatto rasmiy kurs bo‘yicha import qilingan taqdirda ham¸ shu narx asosida sotilayotgan import mahsulotlarini bilmayman. Ular ko‘pdan beri qora bozor narxida sotilmoqda. Shu bois¸ hatto saralangan guruh importchilari rasmiy kursdan mosuvo qilgan taqdirda ham¸ ular bu mahsulotlarni qora bozor narxida olib kiradi va ichki bozordagi narx o‘zgarishsiz qoladi. (Yagona o‘zgarish – ular cho‘ntagida qolayotgan daromad miqdorida bo‘ladi¸ ya’ni bu daromad ikki baravardan oshiqroqqa kamayadi - tahr.)

Ozodlik: Biz gaplashgan ayrim o‘zbekistonlik kuzatuvchilar fikricha¸ uzoq yillar davomida konvertatsiya yo‘qligi soyasida nihoyatda katta boylik orttirgan bu saralangan shaxs va shirkatlar shu qadar qudratliki¸ ular status kvoni o‘zgartirish¸ bu qoidalarni isloh qilishga qaratilgan har qanday urinishni bemalol chippakka chiqara oladilar. (Bu kuzatuvchilar¸ konvertatsiya yo‘qligidan boyib ketganlarning¸ birini galda qudratli MXX rahbarlari atrofida jipslashganini aytadilar – tahr.)

- Fikrimcha¸ bu guruhlar haqiqatan ham islohotlarga to‘g‘anoq bo‘lish darajasida juda qudratli. Ayni paytda¸ ular qudratining cheksizligiga ham ishonmayman. Bu - siyosiy iroda kuchli bo‘lgan holatda hal qilsa bo‘ladigan muammo. Buning ustiga¸ O‘zbekiston mustaqillikdan beri erkin konvertatsiya joriy etish va so‘mni devalvatsiya qilish tajribasini boshdan kechirgan davlat. O‘zbekistonda 2004-2008 yillarda valyuta ayirboshlashning deyarli bitta kursi bo‘lganini esdan chiqarmaslik kerak. O‘sha yillari rasmiy va qora bozor kursi o‘rtasida deyarli farq yo‘q edi. Bu jarayon nega to‘xtatildi¸ kimlar¸ nima maqsadda to‘xtatdi¸ bu juda uzun hikoya.

Ozodlik: Prezidentlikka kelganidan beri Shavkat Mirziyoev O‘zbekistondagi “og‘ir iqtisodiy ahvol”ni (prezidentning o‘z e’tirofi – tahr.) o‘nglashning asosiy choralaridan biri sifatida xorij investitsiyasini jalb qilishga astoydil urinmoqda. Hukumat rahbarlari shu maqsadda Qozog‘iston¸Turkiyaga bordi¸ Rossiyaga bordi¸ yaqinda Xitoyga boradi. Lekin hukumat konvertatsiya muammosini hal emay¸ ya’ni uni ochmay turib¸ chetdan investitsiya jalb qila oladimi? Hozircha¸ biror xorij shirkati yoki tadbirkorining o‘z pulini O‘zbekistonga olib kirishga oshiqqanini ko‘rganimiz yo‘q!

- Xorij investitsiyasini jalb qilish uchun lozim birinchi qadam¸ albatta¸ konvertatsiyani ochish¸ lekin bu hammasi emas. Istalgan sarmoyador so‘raydigan birinchi narsa “konvertatsiya bormi”¸ degan savoldir. O‘zbekistonda konvertatsiya yo‘qligini hamma biladi¸ konvertatsiya yo‘q joyda¸ sarmoyador o‘z daromadini qanday olib chiqadi? Ular bu daromadni o‘z valyutasiga almashtirib¸ uni erkin olib chiqa olmasa¸ o‘zbek so‘mini nima qiladi?Shu bois¸ sarmoyador faqat konvertatsiya ochilsagina keladi. Konvertatsiya ochilishining sarmoya kirishga ta’siri juda yaxshi bo‘ladi¸ aniq raqam aytish qiyin¸ lekin konvertatsiya ochilsa O‘zbekistonga juda ko‘p investitsiya kirishi aniq.

Konvertatsiya yo‘qligi¸ sarmoya yo‘lidagi birinchi raqamli muammo¸ to‘siq. Lekin sarmoya iqlimini yaxshilash yo‘lida konvertatsiyani ochishdan boshqa ham ko‘p ishlarni qilish lozim. Bitta konvertatsiyaning o‘zi yetmaydi. Nafaqat xorij sarmoyadorlari¸ balki ichki investorlar uchun ham iqlimni yaxshilash uchun¸ mamlakatga katta sarmoya barobarida yangi texnologiyalar ham kirishi uchun tub iqtisodiy islohotlar qilish kerak.

Ozodlik: Lekin har qanday islohotning ibtidosi¸ O‘zbekiston sharoitida¸ erkin konvertatsiya joriy qilishdan boshlanadi.

- To‘ppa-to‘g‘ri. Konvertatsiyani ochish islohotlarning boshlanishi bo‘ladi. Chunki o‘zbek iqtisodining hamma muammosi konvertatsiya yo‘qligiga borib taqaladi. Konvertatsiya nega muhim – chunki uni yechmay turib¸ iqtisodning qolgan biror boshqa muammosini hal qilolmaysiz. Ayni paytda¸ konvertatsiyani ochish bilan¸ qolgan muammolar avtomatik hal ham bo‘lib qolmaydi. Konvertatsiya ochish qolgan muammolar yechimi uchun zamin hozirlash bo‘ladi¸ xolos.

Ozodlik: O‘zbekistonning hozirgi vaziyatida konvertatsiya muammosini ijobiy hal qilish¸ ya’ni erkin konvertatsiya joriy qilishga¸ eng optimistik taxminingizda¸ qancha vaqt berasiz?

- Men kelasi ikki-uch oy ichida O‘zbekistonda konvertatsiya joriy qilinadi¸ degan optimistik taxminim bor. Salbiy prognoz haqida o‘ylagim ham yo‘q. Chunki¸ tepadagilar istasa¸ shuncha uzoq yil konvertatsiyasiz qanday yashab kelgan bo‘lsak¸ bundan keyin ham yashayverishimiz mumkin. Jiddiy¸ butun iqtisodiy munosabatlar tizimini o‘zgartiradigan¸ iqtisodiy rivojlanishning boshqa modelini yaratadigan tuzumga oid islohotlarga kelsak¸ buning uchun siyosiy iroda topilgan va o‘zgarishlar tez amalga oshirilgan taqdirda ham kamida bir necha yil kerak bo‘ladi.

XS
SM
MD
LG