Линклар

"Xalqlar do‘stligi" haykali 9 yildan so‘ng Toshkent markaziga qayta o‘rnatiladi


"Do‘stlik bog‘i"ga olib kelingan Shomahmudovlar yodgorligi. Gazeta.uz.

Toshkentdagi “Istiqlol” san’at saroyi oldidan poytaxt chekkasiga ko‘chirilgan Shoahmad Shomahmudov oilasi yodgorligi oradan 9 yil o‘tib yana shahar markaziga qaytiriladigan bo‘ldi. 1941-1945 yillardagi urush davrida ota-onasini yo‘qotgan 15 bolani boqib olgan oila xotirasiga o‘rnatilgan mazkur yodgorlik 2008 yilning 12 aprel tunida olib tashlangan edi.

O‘zbekistondagi nashrlarning xabar berishicha, 1 may kuni Shomahmudovlar oilasi yodgorligi prezident Mirziyoev tashabbusi bilan shu yil yanvarida “Do‘stlik bog‘i” deb atala boshlangan sobiq Bobur nomidagi parkka olib kelingan.

Hozirda bog‘dagi Tinchlik qo‘ng‘irog‘i yaqinida haykaltaroshlik kompozitsiyasi uchun postament tayyorlanayotgani xabar qilindi.

1982 yilda o‘sha paytda “Xalqlar do‘stligi” deb atalgan, hozirda “Istiqlol” saroyi oldidagi maydonga o‘rnatilgan va 2008 yil 12 aprel tunida olib tashlangan mazkur haykal prezident virtual qabulxonasiga kelib tushgan ko‘plab iltimoslar ortidan shahar markaziga qaytariladigan bo‘ldi.

"Madaniyat vazirligi Madaniy yodgorlik ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish bosh boshqarmasining “Gazeta.uz"ga xabar qilishicha, Prezident virtual qabulxonasi ishga tushgan vaqtdan buyon fuqarolardan yodgorlikni shahar markaziga qaytarish bo‘yicha ko‘p sonli iltimoslar kelib tushgan”, deb yozdi “Gazeta.uz".

Avvalroq "Novosti Uzbekistana" nashri Shomahmudovlar haykalini poytaxt markaziga ko‘chirish rejasi yil boshidan beri muhokama qilinayotganini yozgan edi.

2016 yilning 6 oktabrida Sputnik nashri Madaniyat va sport ishlari vazirligiga tayangan holda, Bosh vazirning virtual qabulxonasiga bu haykalni markazga ko‘chirish to‘g‘risida ko‘plab takliflar kelib tushayotganini bildirgan, ammo vazirlik qoshidagi inspektsiya bu murojaatlarga “haykal yaxshi ahvoldamas, shu bois, yana bir marta ko‘chirilib o‘tkaziladigan bo‘lsa, unga ziyon yetishi mumkin. Birinchi demontaj vaqtida bir bolakay yo‘qotilgan”, deb javob berganini xabar qilgan.

Ammo bugungi kunda tarqatilgan xabarlarda yodgorlikning qanday ahvolda ekani to‘g‘risida ma’lumot berilmagan.

Shomahmudovlar oilasi haqida Rahmat Fayziy “Hazrati inson”, degan roman yozgan edi. Mazkur roman asosida rejissyor Shuhrat Abbosov “Sen yetim emassan” filmini suratga olgan.

Shoahmad Shomahmudov va uning xotini Bahri Akramova 1941-1945 yillardagi urush davrida ota-onasiz qolib, janglar borayotgan hududlardan Toshkentga ko‘chirilgan rus, belarus, moldavan, yahudiy, latish, qozoq, nemis va tatar millatiga mansub 15 bolani asrab olgan edi.

Islom Karimov prezidentligi davrida Sovet Ittifoqini yodga soladigan merosdan voz kechish siyosati olib borilgani aytiladi. Buning ortidan Shomahmudovlar haykali shahar markazidan olib tashlanibgina qolmay, balki Xamza, Sobir Rahimov va boshqa qator shaxslar nomini olgan ob’ektlarga ham yangi nomlar berilgan edi.

2008 yilda Shomahmudov oilasi yodgorligining shahar markazidan ko‘chirilishi Rossiya va xalqaro matbuotda qizg‘in bahslarga sabab bo‘lgandi.

Sovet Ittifoqi tarixida Ulug‘ Vatan urushi, deb ataladigan 1941-1945 yillardagi urush davrida O‘zbekiston janglar borayotgan hududlardan evakuatsiya qilingan 1,5 million odamga boshpana berib, ularni ochlikdan va o‘limdan saqlab qolgan edi.

O‘zbekistonga o‘sha yillarda Leningrad, Belorus, Polsha va Ukrainadan 300 ming yetim bola ko‘chirilgan.

XS
SM
MD
LG