Линклар

Xalq ta’limi vazirligi saytida prezidentning “2017 — 2021 yillarda maktabgacha ta’lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosiga oid o‘ziga xos hisobot e’lon qilindi. Jarayonning jadal borayotgani haqidagi bu hikoyada¸ o‘zbekistonliklarni larzaga solgan bog‘chalardagi zo‘ravonlik va fahsh muammosi haqida lom-mim deyilmadi.

Rasmiy manzara

O‘zbekiston Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Dilshod Kenjaev 2 may kuni mamlakatdagi maktabgacha bo‘lgan ta’lim tizimida boraëtgan jarayonlarga oid o‘ziga xos hisobot-maqola e’lon qildi.

Kenjaevning vazirlik rasmiy saytida bosilgan bu hisobotda bildirishicha¸ prezidentning 2016 yil 29 dekabrdagi “2017 — 2021 yillarda maktabgacha ta’lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq respublikadagi 2200 ta maktabgacha ta’lim muassasasining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash ishlari olib borilmoqda.

Shuningdek¸ “qishloq joylarda bunday muassasalarni yangidan qurish, ularni zamonaviy inventar, jihoz, o‘quv-metodik qo‘llanmalar hamda multimedia vositalari bilan ta’minlash chora-tadbirlari” amalga oshirilmoqda.

Rejaga ko‘ra¸ 2021 yilgacha O‘zbekistondagi bolalarni maktabga tayyorlash bilan shug‘ullanuvchi qisqa muddatli guruhlar soni 6100 ga yetadi. Aytilishicha¸ hozirda mamlakatda 1200 ta shunday guruh tashkil etilib¸ ularga 81 ming nafar bola qabul qilingan.

Vazirlik rahbari bayonotiga ko‘ra¸ besh yil ichida 50 ta yangi maktabgacha ta’lim muassasasi quriladi¸ 1167 tasi rekonstruksiya qilinadi¸ 983 tasi “mukammal ta’mirlanadi” va bu ishlarga 2¸2 trillion so‘m sarflanadi. 2017 yil ichida 301 bog‘chada 265¸5 milliard so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari olib boriladi.

Kenjaevning bildirishicha¸ 2017-2018 yillarda 2420 ta ta’lim muassasasida “o‘zbek hamda jahon adabiyotidan saralangan ellik nomdagi asarni jamlagan kichik kutubxonalar tashkil etiladi”.

Muammolar haqida sukut saqlandi

O‘zbekistonda maktabgacha ta’lim muassasalarida joy yetishmasligi ortidan korrupsiya va zo‘ravonlikning keng tarqalgani aytiladi.

Xalq ta’limi vazirligi rasmiy saytida keltirilishcha, O‘zbekistonda maktabgacha ta’lim muassasalari jami soni 4 916 tadir.

Rasmiy xabarda, bog‘chalardagi jami tarbiyalanuvchilar soni 668,497 nafar bo‘lib, bu ko‘rsatkich bog‘cha yoshidagi bolalarning 26.5% foizini tashkil qilishi aytilgan.

Vazir o‘rinbosari¸ bog‘cha yoshidagi o‘zbek bolalarining qolgan 74 foizi ta’lim-tarbiyasi ustida kim¸ qanday ishlayotgani¸ ularni bog‘chaga jalb qilishga yo‘l bermayotgan sabablar haqida umuman to‘xtalmagan.

Maktabgacha ta’lim muassasalari vaziyati haqida o‘ziga xos hisobot e’lon qilgan Kenjaev¸ o‘tgan oylarda aksar o‘zbekistonliklarni junbushga solgan bu sohaga oid dahshatli voqealarni umuman chetlab o‘tgan.

Shu yil mart oyi boshida Surxondaryo viloyati Denov tumanidagi bog‘chada tarbiyachining bolalarga pichoq o‘qtalayotgani tasvirlangan video va bog‘chaning tunlari islovatxonaga aylantirilgani aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan va bu jamoatchilikning keskin noroziligini uyg‘otgan edi. ​

Ozodlik mazkur hodisa ortidan Surxondaryo viloyatida mavjud barcha 290 ta bog‘cha tekshirilgani, taftish qilingan bog‘chalardan 23 tasida tungi fohishaxona borligi aniqlangani haqida xabar bergan edi.

Surxondaryo mulozimlari bog‘chalardagi tekshiruvlar ortidan 17 ta bog‘cha mudirasi, yana o‘nga yaqin mulozim ishdan olingani haqida ma’lum qilgan.

Shuningdek, Surxondaryo mahkamasi jami besh kishini bog‘chani fohishaxonaga aylantirish aybi bilan ozodlikdan mahrum qilgan.

2 may kuni o‘tkazilgan press-brifingida O‘zbekiston IIV vaziri Abdusalom Azizov ham bu hodisani tilga olib, aybdorlarning tegishli jazosini olganini aytdi, ammo bu muammoning keng ko‘lamli tus olganiyu, uni isbotlovchi video ijtimoiy tarmoqlarga tushguncha kuch ishlatar tuzilmalari va hokimliklar e’tiboridan chetda qolgani sabablariga to‘xtalmadi.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG