Линклар

Шошилинч хабар
19 ноябр 2019, Тошкент вақти: 12:32

Marokashdagi kondan 66 000 000 yil muqaddam yashagan dinozavr qoldig‘i topildi


Chenanisaurus barbaricus, Bat universitetining Milner nomidagi Tadrijiy rivojlanish markazi xodimi, doktor Nik Longrich taqdim etgan surat. Universitet rasmiy saytidan olindi.

Qirilib ketmasidan burun - 66 million yil avval - Afrika qit’asida yashagan so‘nggi dinozavrlardan birining toshga aylangan qoldiqlari Marokash shimolidagi fosfat konidan topildi. Bat universitetining Milner nomidagi Tadrijiy rivojlanish markazi yetakchiligida o‘tkazilgan tadqiqotda taxmin qilinishicha, Bo‘r davrining o‘rtalariga kelib, ulkan Gondvana qit’asi parchalanib ketganidan so‘ng Afrikada dinozavrlarning alohida faunasi vujudga kelgan.

Yangi Chenanisaurus barbaricus turlari Yer yuzasidagi eng so‘nggi dinozavrlar bo‘lib, ular 66 million yil oldin asteroid kelib urilishi oqibatida qirilib ketgan

U Shimoliy Amerika T-reksining Afrikadagi kichikroq zamondoshidir

Tosh qoldiq o‘sha paytda Janubiy yarim sharda alohida fauna mavjud bo‘lgani isbotidir

66 million yil muqaddam Bo‘r davrining oxirida ulkan asteroid Yerga kelib urilishi oqibatida qirilib ketishidan oldinroq Afrikada yashagan dinozavrlar haqida deyarli hech narsa ma’lum emas. O‘sha vaqt dengiz sathi baland bo‘lgan, shu sababli aksariyat tosh qoldiqlar suv osti qoyalaridan topilmoqda.

Marokashdagi fosfat qatlamlari ham 66 million yil avval tashkil topgan ko‘hna dengiz tubi qoldiqlaridir. Fosfat ulkan ochiq qonlardan qazib olinadi va u o‘g‘itdan tortib, Kola ichimliklarigacha bo‘lgan mahsulotlarda ishlatiladi.

Bat universiteti Biologiya va biokimyo fakultetining Milner nomidagi Tadrijiy rivojlanish markazi xodimi, doktor Nik Longrich o‘tgan yili Marokashdagi Ulad-Abdun havzasining Sidi-Chennan yaqinidagi konlaridan topilgan jag‘ suyagining noyob bo‘lagini tadqiq qildi. U marokashlik, fransiyalik va ispaniyalik hamkasblari hamkorlikda suyakning abelizavrga tegishli ekanini aniqladi.

Abelizavrlar T-reks va boshqa tiranozavrlar singari tumshug‘i kalta va to‘mtoq, qo‘llari esa juda kichik ikki oyoqli yirtqich bo‘lgan. Shimoliy Amerika va Osiyoda tiranozavrlar hukmronlik qilgan paytda Bo‘r davri so‘nggida abelizavrlar Afrika, Janubiy Amerika, Hindiston va Yevropada eng kuchli yirtqichlar bo‘lgan.

Doktor Longrich bunga shunday izoh beradi: “Ushbu topilma g‘ayrioddiydir, uning dengiz qoyalaridan topilgani tosh qotgan kit qoldiqlarini izlab, arslonning tosh qoldiqlarini topganday gap. Bu o‘ta noyob topilma – lotereyaga yutuq chiqqanday gap. Ta’kidlash joizki, fosfat konlari juda boy va bu millionlab lotereya chiptalarini xarid qilishga mengzaydi, shuning uchun ushbu abelizavrga o‘xshash noyob dinozavr qoldiqlarini topish imkoniyatimiz ko‘p”.

“Shu paytgacha qo‘limizda Marokashdagi o‘sha davrga oid dinozavr qoldiqlari yo‘q edi. Bu Afrika qit’asidan Bo‘r davrining oxiriga oid topilgan ilk dinozavrdir. Qolaversa, u dinozavrlarning yoppasiga qirilib ketishi oldidan Afrikada yashagan so‘nggi dinozavrlardan biri hamdir”.

“Bu g‘aroyib topilma bo‘lib, o‘sha paytda Janubiy yarim shardagi hayvonot olami qanchalik rang-barang bo‘lganini ko‘rsatadi”.

Yangi topilgan va Chenanisaurus barbaricus deb nom olgan dinozavr ikki oyoqda yurgan va qo‘llari kalta bo‘lgan. “Abelizavrlarning qo‘li juda kalta bo‘lgan. Yelka suyagi kalta, bilagi yanada kaltaroq, qo‘llari esa juda kichkina bo‘lgan”, – deya qo‘shimcha qildi doktor Longrich.

Tosh qoldiqdagi tishlar xuddi suyakni tishlayotganday joylashganiga qarab, T-reks, Chenanizaurus yirtqi bo‘lganini taxmin qilish mumkin. ammo qisman qanotli bo‘lgan T-reksdan farqli o‘laroq, Chenanizaurusning faqat tangalari bo‘lib, miyasi kichik, yuzi kalta va botiq ekan.

Tadqiqot loyihasi Marokashda mamlakatning boy tosh qoldiqli merosini saqlab qolish maqsadida paleontologiya kolleksiyalarini tashkil etish va o‘rganishda yordam berayotgan xalqaro ilmiy hamkorlik doirasida amalga oshirildi. Ushbu tadqiqotda foydalanilgan namunalar Marokashdagi Office Chérifien de Phosphates paleontologiya kolleksiyasida saqlanmoqda.

XS
SM
MD
LG