Линклар

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev shanba kuni Yashnobod tumaniga safari paytida, kutilmaganda, 32-oilaviy poliklinikaga kirdi. Rasmiy xabarda aytilishicha, prezident tumandagi ko‘p qavatli uylar tomiga o‘rnatilgan quyosh batareyalarini borib ko‘rgan, "Toshkent qog‘ozi" va "Artel" zavodlariga ham kirgan.

Kutilmagan tashrif

Rasmiy xabarda aytilishicha, prezident Yashnobod tumaniga safari paytida tuman markaziy shifoxonasiga kirishi kerak edi va uni o‘sha shifoxonada kutishayotgan edi. Ammo, u kutilmaganda 32-oilaviy poliklinikaga yo‘l solgan.

O‘zbekiston telekanali "Axborot" dasturida namoyish qilingan lavhada poliklnika xodimlarining, kutilmaganda, bostirib kelib qolgan prezidentni ko‘rib, taraddudga tushib qolgani aks etgan. Keyingi kadrlarda ta’mirtalab, ahvoli nochor poliklinikaning ichki xonalari va koridorlari aks etgan.

Bu poliklinikaning Yashanobod tumanidagi 6ta mahallada istiqomat qiluvchi 27 ming 285 kishiga xizmat ko‘rsatishi aytildi. Ahvol bilan shaxsan tanishgan prezident tibbiy muassasa moddiy ta’minotini yaxshilash, tezkor ta’mirlash hamda Tez tibbiy yordam xizmatiga mashina ajratishni va’da qildi.

"Axborot" dasturida bu prezidentning rejani buzib, kutilmaganda boshqa maskanga qilgan ilk tashrifi emasligi alohida urg‘ulandi. Bundan tashqari, uning oilaviy poliklinikaga kelgan va uning yonida yig‘ilgan tuman aholisi bilan o‘tkazgan muloqotlari ham namoyish qilindi.

Quyosh batareyalari

Yashanobod tumaniga safari davomida prezident Oybek ko‘chasida joylashgan ko‘pqavatli uylarning tomiga o‘rnatilgan quyosh batareyalarini borib ko‘rdi va energiya olishning bu usulini rivojlantirib, aholiga kommunal xizmat ko‘rsatish sifatini oshirishini ta’kidladi.

O‘zA xabarida aytilishicha, "Oybek ko‘chasidagi 40- va 42-uylarda ishga tushirilgan qozonxonalar gelio suv isitgichlari bilan jihozlangan. Qozonxonada zamonaviy texnologiya asosida quyosh nuridan issiqlik energiyasi ishlab chiqarilib, suv xonadonlarga taqsimlanadi. Qozonxonada soatiga 416 kilovatt issiqlik energiyasi ishlab chiqariladi. Loyiha qiymati 460 million so‘m bo‘lib, xarajatlar “Toshissiqquvvati” ishlab chiqarish birlashmasi unitar korxonasi hisobidan qoplangan. Uy yuqorisidagi texnik qavatda qozonxona, tomda quyosh kollektorlari o‘rnatilgan".

Prezidentga ko‘rgazma

Shuningdek, Mirziyoevning tumandagi 12 gektar maydonni egallagan "Toshkent qog‘ozi" mas’uliyati cheklangan jamiyatiga bordi.

U yerda "zavod binolarini ishbilarmon va tadbirkorlarga imtiyozli asosda berish, ularda eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish zarurligini ta’kidladi" hamda shu erda tashkil qilingan ijtimoiy-iqtisodiy loyihalar taqdimotida qatnashdi.

Rasmiy xabarda aytilishicha, "tijorat banklari ko‘magida tumanda dori va tibbiyot vositalari, maxsus kiyimlar, yog‘ va em mahsulotlari, travertin va marmar plitalar, sim o‘ramlari ishlab chiqarish, ko‘ngilochar maskanlar, zamonaviy bozor va ekspomarkaz tashkil etish rejalashtirilgan".

So‘ngra, Mirziyoev "Artel" zavodiga ham bordi va zavodda ishlab chiqarilayotgan uy-ro‘zg‘or buyumlari va maishiy jihozlari ko‘rgazmasi bilan tanishdi.

XS
SM
MD
LG