Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 16:08

Milliy bank Uzcard-QIWI valyuta jo‘natish tizimini yo‘lga qo‘ymoqchi


O‘zbekiston Milliy banki Uzcard plastik kartalari egalariga QIWI banki pul o‘tkazma tizimi orqali Rossiyadan O‘zbekistonga pul jo‘natish imkonini beruvchi xizmatni kelasi oydan ishga tushirishini bildirdi.

Bank matbuot xizmati mulozimining Ozodlikka aytishicha, ushbu xizmat Rossiyada ishlab topgan pullarini o‘z yurtiga yubormoqchi bo‘lgan o‘zbekistonliklar uchun mo‘ljallangan.

O‘zbekiston Milliy banki mulozimining Ozodlikka aytishicha, agar bu loyiha amalga oshsa¸ o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari o‘z bank hisobi orqali O‘zbekistonga ortiqcha to‘lovlarsiz pul jo‘natish imkoniga ega bo‘ladilar:

- Buni biz Rossiyadagi QIWI banki bilan hamkorlikda amalga oshirmoqdamiz. Buning uchun Uzcard plastik kartalari egalari valyuta hisobi ochadi. O‘tkazmoqchi bo‘lgan pulni Rossiya rublida shu hisobga qo‘yadi. O‘zbekistonga kelib tushgan pullar “Qiwi” to‘lov tizimining o‘tkazish vaqtidagi kursi bo‘yicha AQSh dollariga konvertatsiya qilinadi. Qabul qilingan mablag‘larni O‘zbekiston hududida joylashgan maxsus terminallar orqali naqdlashtirib olish mumkin bo‘ladi, - dedi bank matbuot xizmati mulozimi.

Mustaqil ekspertlar esa O‘zbekiston Milliy banki amalga oshirajak bu loyiha Toshkent hukumatining Rossiyada ishlovchi o‘zbek muhojiri mablag‘larini soliqqa tortish urinishi, deya ta’riflamoqda.

“Fergana Ru” sayti e’lon qilgan “Milliy bank Uzcard-QIWI xorijdan valyuta jo‘natish tizimini yo‘lga qo‘ymoqda” sarlavhali maqolada O‘zbekiston hukumati chet davlatdan muhojir ishchilar jo‘natayotgan mablag‘larni soliqqa tortish masalasi ustida bosh qotirayotgani ta’kidlanadi.

“Farg‘ona.ru” agentligi rahbari Daniil Kislov Ozodlik bilan suhbatda muhojirlar jo‘natayotgan mablag‘larni soliqqa tortish yo‘llaridan biri Uzcard-QIWI xizmati bo‘lishi mumkinligini aytadi:

- Rossiyadan o‘zbek mehnat muhojirlari “Zolotaya Korona”, “Yunistrim”, “Vestern Yunion” kabi pul o‘tkazish tizimlari orqali har yili millionlab dollar O‘zbekistonga yuboradi. Bu jo‘natmalar jismoniy shaxsdan jismoniy shaxsga yuborilgan pul sifatida malakalanadi va hukumat bundan soliq ololmaydi. Chunki bu pul Rossiyada ishlab topilgan pul ekanini isbotlash qiyin, chunki yuboruvchi uni sovg‘a yoki biznesga aloqasi yo‘q pul deb, yozib yuboradi. Agar bank orqali yuborsa sal murakkabroq bo‘ladi. Chunki bankda pulni manbasi, qaerda va qachon qo‘ygani haqidagi ma’lumot doim turadi. Agar kattaroq mablag‘ bo‘lsa, bu pul qaerdan ekani, albatta ,so‘raladi. Bank hisobi orqali o‘tkazilgan pulni soliqqa tortish osonroq, - deydi Daniil Kislov.

O‘zbekiston Milliy banki matbuot xizmati mulozimi bu iddaolarni rad etdi:

- Bu bo‘lmagan gap. Hech bir miqdorda soliqqa ham tortilmaydi, foiz ham olinmaydi. Bu shunchaki pul yuboruvchilarga qulaylik uchun ishlab chiqilayapti. Masalan, Rossiyada o‘zbekistonlik vataniga 40 ming rubl yubormoqchi. Shu pulni hisobiga qo‘yadi. Bu pul O‘zbekistonga shu kungi kurs bo‘yicha dollarda tushadi. Bo‘ldi, boshqa narsa yo‘q bu erda, - dedi O‘zbekiston Milliy banki matbuot xizmati mulozimi.

Rossiya Markaziy bankiga ko‘ra, O‘zbekistonga pul jo‘natmalari miqdori 2016 yilda 2 milliard 741 million dollarni tashkil qilgan va o‘zbek muhojirlari pul jo‘natish bo‘yicha MDH davlatlari orasida birinchidir.

O‘tkazmalar haqidagi ma’lumot Anelik, BLIZKO, Contact, InterExpress, UNIStream, Western Union, "Kolibri", "Zolotaya Korona", "LIDER", Rossiya pochtasi kabi pul o‘tkazma tizimlarining axboroti asosida tayyorlangan.

Mustaqil tahlilchilar fikricha, aynan mehnat muhojirlari oilalariga yuborayotgan pul jo‘natmalari O‘zbekiston iqtisodini defoltdan qutqarmoqda va jamiyatdagi taranglikni yumshatuvchi omil bo‘lib xizmat qilmoqda.

BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, mehnat muhojirlari chetdan yuborayotgan mablag‘lar O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotining 10 foizini tashkil etadi.

XS
SM
MD
LG