Линклар

Bishkek sudi hijobli ayolning ishdan bo‘shatilishi noqonuniy degan qaror chiqardi


Bishkekda hijobli ayollar himoyasiga o‘tkazilgan mitinglardan biri.

Qirg‘izistonda birinchi marta sud hijob kiygani uchun ishdan olinganini iddao qilib murojaat qilgan ayolning foydasiga hukm chiqardi.

Bishkek meriyasining xalqaro aloqalar bo‘limining sobiq xodimi Seyil Madanbekova 2016 yil noyabr oyida lavozimidan bo‘shatilgan edi. Shundan so‘ng u hijob kiygani uchun ishdan olinganini iddao qilib Bishkek shahar sudiga murojaat qilgan.

-Ishga kirganimga bir yil bo‘lganidan keyin meriya apparatiga yangi rahbar tayinlandi. U hijobimni yechishimni talab qildi. Men bunga ko‘nmadim. Shundan ko‘p o‘tmay meni ishdan bo‘shatilganim haqida qaror chiqdi, - dedi Madanbekova.

Bir necha kun oldin poytaxt sudi Madanbekova ishdan noqonuniy bo‘shatilgani to‘g‘risida qaror chiqardi. Sud hukmiga ko‘ra, Bishkek meriyasi Seyil Madanbekovaga 50 ming 400 qirg‘iz so‘mi miqdorida tovon puli to‘lab berishi zarur. Biroq Bishkek sudi birinchi instansiya bo‘lgan Lenin tuman sudining Madanbekovani ishga qayta tiklash to‘g‘risidagi qarorini bekor qilgan. Shuning uchun ham Madanbekova o‘z huquqlari to‘la tiklanmaganini bildirib, Oliy sudga murojaat qilishini aytdi.

Biroq Bishkek meriyasi apparat rahbari Melis Junushaliev Seyil Madanbekova hijob kiygani uchun ishdan olinganini inkor qildi.

-Uni hijob kiygani uchun ishdan bo‘shatmadik. U o‘z himoyasi uchun bu gapni aytayotgan bo‘lishi mumkin. U ishda yo‘l qo‘ygan kamchiliklari uchun lavozimidan bo‘shatilgan, - dedi Junushaliev.

Qirg‘iziston Konstitutsiyasida har bir odam istalgan dinga e’tiqod qila olishi va o‘zi istagan kiyimni kiyishga huquqli ekani qayd etilgan. Shunga qaramapy, bir necha yildan beri hijobli qizlar va ayollarning ish joylari va o‘quv yurtlaridagi huquqlariga oid bahslar to‘xtamay kelmoqda.

Hijobli ayollar o‘z muammolariga jamiyat e’tiborini qaratish maqsadida Bishkek markazida namoyish ham o‘tkazgan edilar.

-Bizning tashkilot 15 yildan beri mana shu muammo ustida ishlab keladi. Har yili sentabr va may oylarida Maorif vazirligi bilan an’anaga aylanib qolgan bahslar boshlanib ketadi. Ko‘plab hijobli qizlar va ayollar ta’lim dargohlariga kiritilmay, huquqlari buzilayotganini aniqlaganmiz, -deydi musulmon ayollarning “Mutakallim” nodavlat tashkiloti raisi Jamol Frontbek qizi.

Seyil Madanbekova Qirg‘izistonda diniy libos kiygani uchun ishdan bo‘shatilganini iddao qilib sudga murojaat qilgan eng birinchi hijobli ayol bo‘ldi.

Jamol Frontbek qizining aytishicha, bunga qadar bunday muammolarga yo‘liqqan hijobli ayollar o‘z huquqi uchun kurashmay, rahbarlar talabi bilan ariza yozib, ishdan bo‘shab ketavergan.

XS
SM
MD
LG