Линклар

Rossiyada 1 iyundan xorij haydovchilik guvohnomalariga cheklov kuchga kiradi


Rossiya Davlat Dumasi chet eldan kelib ishlayotgan haydovchilarga
Rossiyadan tashqarida berilgan haydovchilik guvohnomalari bilan keyingi yil yozigacha ishlashga ruxsat berilishini qo‘llab-quvvatlamadi.

2017 yilning 1 iyunidan boshlab xorij haydovchilik guvohnomalariga ega haydovchilarga davlat transportida ishlash taqiqlanadi.

Rossiyada o‘z yurtlarida olingan guvohnomalar bilan haydovchilik qilayotgan minglab mehnat muhojirlari ishsiz qoladigan bo‘ldi. Ishini davom ettirmoqcha bo‘lganlar esa Rossiyaning haydovchilik guvohnomasini olishi zarur.

Rossiya rasmiy idoralari mamlakatdan tashqarida berilgan haydovchilik guvohnomalari bilan mashina boshqarayotgan xorijliklar soniga oid aniq ma’lumot yo‘qligini bildirib keladi.

Kuzatuvchilar transport kompaniyalaridagi avtobus, marshrut taksi va yuk tashuvchi mashinalarda ishlovchilarning aksar qismi hozirgi paytgacha o‘z mamlakatlarida olingan haydovchilik guvohnomalar bilan “norasmiy” tarzda ishlab kelganini gapirib keladi.

Moskvaning Janubi-g‘arbiy okrugidagi transport kompaniyalaridan birida avtobus haydovchisi bo‘lib ishlayotgan farg‘onalik 48 yashar Akbarali korxonasida 100ta haydovchidan kamida 70tasida xorij haydovchilik guvohnomasi borligini aytadi.

- Yana “Bo‘shatamiz!”, degan gaplar paydo bo‘lib qoldi.E, bo‘shatsa bo‘shatar! Shofyor yetishmaganidan 16 soatlab ishlashga majbur bo‘lmoqda! Bizga o‘xshagan odam ko‘p garajimizda – 70 foiz ishchi xorij pravasi bilan. Ertadan 70 tasi ishga chiqmadi deb hisoblayverasiz-da. Yana birgap paydo bo‘ldi: “Yevrosiyo Ittifoqiga qo‘shilgan Qirg‘iziston, Armaniston, Belarus dan kelganlarga bu ishning ahamiyati yo‘q”, degan. Bu yerda faqat O‘zbekiston, Tojikiston, Ukraina va Moldova bo‘lib qolayapti taqiq ostida. Bular ishdan chetlatilsa, qolganlar “usilenniy” rejimda ishlashga o‘tadi. Bizni bo‘shatsa – ilojimiz yo‘q, boshqa ish topamiz! Qani bizsiz ishlab ko‘rishsin, bir! dedi Akbarali.

Qonun tashabbuschilari – LDPR deputatlari chet ellik haydovchilik guvohnomalarining taqiqlanishiga ayniqsa Markaziy Osiyodan kelgan haydovchilarning aksari guvohnomalarni sotib olayotgani, mahalliy yo‘l harakati qoidalarini bilmasligi bilan izohlagan edi. 2013 yilning iyul oyida armanistonlik Grachyu Artunyan boshqarayotgan KAMAZ avtomashinasi yo‘lda ketayotgan avtobusni urib ketgani oqibatida 18 yo‘lovchi hodisa joyida nobud bo‘lgani bu qonunning qabul qilinishiga turtki bo‘ldi.

Biroq, Rossiyaning yirik transport kompaniyalari egalari ishchi personalning yetishmasligi shahar va o‘lkalardagi yo‘lovchi transport bilan bog‘liq vaziyatni butkul izdan chiqarib yuborishidan ogohlantirgan va bu qonunning kuchga kirishini bir necha marotaba kechiktirishga erishgan edi.

Qonun qabul qilinishiga qarshi chiqayotganlar hukumat xorij haydovchilari uchun guvohnomalarni almashtirish tartib-qoidalarini to‘liq ishlab chiqmaganlikda ayblab keladi.

Ayni paytda, bu qonunning qabul qilinishiga Rossiya parlamenti – Dumada deputatlar orasida qizg‘in tortishuvlar borgani ma’lum bo‘ldi.

Rossiya Davlat Dumasining Transport va qurilish bo‘yicha qo‘mita apparati rahbari Irakliy Aslamazov Ozodlik bilan suhbatda qonunga o‘zgartish parlament muhokamasidan o‘tmaganini bildirdi.

- Eski tahrirdagi qonun 2017 yilning 1 iyunidan kuchga kiradi. O‘zgartishni 1 iyungacha qabul qilishga ulgurmadik. Men umuman bu muhlatning surilishiga qarshi chiqqan edim: nima keragi bor?! Agar o‘tgan 3 yilda pravani almashtirishga ulgurmagan bo‘lsa, oxirgi bir yilda masala hal bo‘lishiga ishonch yo‘q. Bilasizku, bizda muammoni oxirgi kungacha qoldirib kelish odati bor. Shu sababli qonunni joriy qilish o‘rniga ko‘p marotaba surishdan na hojat, degan deputatlarda savol yuzaga keldi, dedi deputat Aslamazov.

Irakliy Aslamazov transport kollapsi yuzaga kelmasligi, chunki Rossiyada bugunda 1 millionga yaqin avtobus haydovchisidan atigi 11 mingidan sal ko‘prog‘i xorij guvohnomalari bilan ekanini qo‘shimcha qildi.

Gap shundaki, 2013 yilda qabul qilingan “Yo‘l harakati xavfsizligi” qonuni va Ma’muriy huquqbuzarliklar Kodeksining yangi tahririga binoan, Rossiyada berilmagan haydovchilik guvohnoma bilan ishlash taqig‘i 2013 yilning 8 noyabridan kuchga kirishi belgilangan. Ammo, transport shirkatlari berilgan muhlat davomida haydovchilar o‘z hujjatlarini almashtirishga ulgurmagani borasida bong ura boshlagan.

Natijada, xorijlik guvohnomalar bilan ishlashga taqiq muhlati transport kompaniyalari bosimi ostida 2017 yilning 1 iyuniga cho‘zdirildi.

2017 yilning may oyida ko‘plab yo‘lovchi tashish kompaniyalari egalari xorijlik haydovchilik guvohnomalari bilan 2018 yil yozigacha ishlashga ruxsat berilishini so‘rab yana bir bor Rossiya Davlat Dumasiga murojaat qilgani to‘g‘risida xabar berilgan edi. Parlamentga kiritilgan qonun loyihasi shu yilning 1 iyunigacha qabul qilinishi ko‘zda tutilgandi.

Xorij haydovchilariga yana bir bor imkon berishdan bosh tortgan Duma deputatlari yuzaga kelgan og‘ir vaziyatda yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanuvchi transport kompaniyalari egalari o‘zlari qisqa vaqt ichida hujjatlarni almashtirish masalasini hal etishlari lozimligini taklif etdilar.

Tojikistonlik 35 yoshli Sardorbek 8 yildan buyon Moskvada taksichilik qiladi. U 1 iyundan qiritiladigan taqiq eng avvalo taksi va marshrut taksi shirkatlari ishini to‘xtatib qo‘yishini gapiradi.

- Barcha marshrutkalar, GETT, Yandeks.Taksi, oddiy taksilarning 75-80 foizini o‘zimizning O‘zbekiston va Tojikistondan kelgan muhojirlar tashkil qiladi. Men o‘zim ishlaydigan firmada birorta rus pravasi bilan ishlaydigani yo‘q! Bu qonun kuchga kirganidan keyin Yandeks.taksi va boshqa sariq mashinalar umuman to‘xtaydi, chunki har bir to‘xtatgani uchun 5 mingdan GAI shtraf soladi. Boz ustiga – marshrutkalar to‘xtaydi. 139 marshrut bo‘yicha 80tasi ishga chiqmasa qolgan 20tasi nimaga ulguradi? GAIlarga keng imkoniyat ochildi. Avtobuslarni bir balo qilib ishga tushirsa bo‘ladi – birinchi navbatda taksi o‘ladi. Aytishga kulgili-ku, bularning hammasi to‘xtasa bir tasavvur qiling! dedi Sardorbek.

XS
SM
MD
LG