Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:28

“Qadimiy Buxoro” va eski shaharliklar taqdiri Alisher Usmonovga qarab qolishi mumkin


"Qadimiy Buxoro" loyihasiga ajratilgan uchburchak hudud xaritasining sun’iy yo‘ldoshdan ko‘rinishi.
"Qadimiy Buxoro" loyihasiga ajratilgan uchburchak hudud xaritasining sun’iy yo‘ldoshdan ko‘rinishi.

Prezident Shavkat Mirziyoev maxsus qaror bilan Buxoroga xorijlik sayyohlarni ko‘proq jalb etish maqsadida eski shahar qismida “Qadimiy Buxoro” nomli zamonaviy markaz qurishga topshiriq berdi. Loyiha sarmoyadori sifatida asli o‘zbekistonlik milliarder Alisher Usmonov nomi ham tilga olingan bu qaror ijrosi ustida ish boshlanishi bilan Buxorodagi yuzga xonadonning ota-bobolaridan qolgan hovlilari buzilish¸ qadimiy Buxoro esa¸ xorijliklarni chorlovchi o‘ziga xosligidan ajrash tahdidi ostida qoldi.

Ozodlik hozirlagan uch qismlik surishtiruvda, taklif etilgan loyiha hozirgi shaklda amalga oshirilsa¸ uning oddiy buxoroliklar hayotiga ta’siri¸ shaharning tarixiy qiyofasiga kiritadigan o‘zgarishlari¸ hamda O‘zbekiston turizm sanoatiga kiritishi mumkin hissasi o‘rganildi.

Prezidentning “Qadimiy Buxoro” loyihasi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev joriy yilning 19 may kuni "2017-2019 yillarda Buxoro viloyati va Buxoro shahri turizm salohiyatini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida" 2980-sonli qaror chiqardi.

Prezident Shavkat mirziëev "Qadimiy Buxoro" loyihasini 10 mart kungi safari davomida buxorolik rasmiylar bilan muhokama qildi.
Prezident Shavkat mirziëev "Qadimiy Buxoro" loyihasini 10 mart kungi safari davomida buxorolik rasmiylar bilan muhokama qildi.

Bu qarorga asos bo‘lgan maxsus dastur ustida ish ancha oldin boshlangan va 10-11 mart kunlari Buxoroga qilgan safari davomida prezident uni mahalliy hokimiyat vakillari bilan muhokama qilgan edi.

Prezident matbuot xizmati saytining prezident rasmiy saytiga o‘zgartirilishi ortidan yo‘qolib qolgan qaror haqida Buxoro viloyat hokimligining rasmiy nashri “Buxoronoma” gazetasida 24 may kuni bosilgan maqolada prezident qarori bilan tasdiqlangan “Qadimiy Buxoro” loyihasiga asosan qilinadigan ishlar sanab chiqilgan.

Unga ko‘ra:

“Buxoro shahrining Eski shahar qismida xorijiy sayyohlarning bo‘sh vaqtlarini tunu kun mazmunli tashkil etish uchun 12 gektarlik "Qadimiy Buxoro" turistik zonasi, uning hududida zamonaviy past qavatli mehmonxonalar, savdo-ko‘ngilochar markazlar, 500 o‘rinli amfiteatr barpo etiladi. Shaharning tarixiy qismida yopiq bozor va hunarmandlar mahallasi tashkil qilinadi, "Buxoro Palas" va "Zarafshon" mehmonxonalari qayta quriladi va 11 ta to‘rt yulduzli yangi mehmonxonalar bunyod etiladi.

"Yetti pir" ziyoratgohlari majmuasida milliy usuldagi mehmonxona, umumiy ovqatlanish punktlari, yordamchi bino-inshootlar, suvenirlar sotilishi uchun savdo hududlari barpo etiladi.

Shuningdek, 5 ta zamonaviy restoran quriladi va 6 ta ob’ektda turistlarning kechki vaqt dam olishlari uchun teatrlashtirilgan konsertlar va musiqali shoular tashkil etiladi.

Shahar markazida sovg‘a va suvenirga ixtisoslashgan do‘konlar tarmog‘i joylashtirilgan yangi savdo ko‘chasi barpo etiladi, turizm infratuzilma ob’ektlarida bankomat va terminallar o‘rnatiladi".

"Qadimiy Buxoro" uchun 96 ta hovli buzilib¸ o‘rniga zamonaviy mehmonxonalar¸ do‘kon va hordiq chiqarish joylari qurilishi mumkin.
Buxoro hokimligi rasmiysi

Prezident qaroriga ko‘ra¸ “Buxoro viloyati hokimligi va O‘zbekiston Respublikasi arxitektura va qurilish bo‘yicha Davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi hamkorlikda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi arxitektura-shaharsozlik Respublika kengashiga uch oy ichida o‘rnatilgan tartibda Buxoro shahri markaziy qismining detallashtirilgan rejasi loyihasini taqdim etish” va bu jarayonga YUNESKO ekspert-maslahatchilarini ham jalb qilish topshirilgan.

Loyihani moliyalashtirish vakolati O‘zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy bankiga berilgan¸ ayni paytda qarorda “Qadimiy Buxoro” loyihasiga rossiyalik millarder Alisher Usmonov (asli namanganlik -tahr.) ning to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalari va xayriya mablag‘lari ham jalb qilinishi alohida aytib o‘tilgan.

Birinchi qadam – buxoroliklarni “turistik zonadan haydash"

“Qadimiy Buxoro” loyihasi ijrosiga bevosita aloqador Buxoro hokimligi rasmiysining mikrofonsiz suhbatda aytishicha¸ loyiha uchun ajratiladigan yer maydoni 10 gektarni (“Buxoronoma”da 12 gektar deyilgan – tahr.) tashkil etadi va bu hudud Ark qo‘rg‘oni qarshisidagi Bolohovuz masjidining orqasida joylashgan mahallalarni o‘z ichiga oladi.

"Qadimiy Buxoro" loyihasiga ajratilgan uchburchak hududning Google Earthdan olingan surati.
"Qadimiy Buxoro" loyihasiga ajratilgan uchburchak hududning Google Earthdan olingan surati.

“Ark”ning kirish tomoni tepasidan qarasangiz¸ Bolohovuz machiti bilan Hazrati imom maqbarasi va Qorako‘l darvozasidan boshlanadigan dehqon bozori oraligida aniq-tiniq uchburchak bo‘lib ko‘rinadigan hudud bor. (Afrosiyob¸ M.Karimov va Sulaymon Murodov ko‘chalari oralig‘ida joylashgan uchburchak hudud – tahr.) Uning 4 gektarcha qismini avvalgi prezident oilasiga aloqador odamlar katta qurilish qilaman¸ deb buzdirgan¸ lekin qurilish bo‘lmay qolib¸ hozircha bo‘sh yotipti. “Qadimiy Buxoro” proektiga ana shu hudud ajratildi. Bu yerda hozir 96 ta hovli bor. Shular buzilib¸ o‘rniga zamonaviy mehmonxonalar¸ do‘kon va hordiq chiqarish joylari qurilishi kerak”¸ dedi bu loyiha ijrosi uchun mas’ullardan biri.

“Hovlilarning buzilishi aniq¸ faqat qanchasi buzilishi noma’lum”

Uyi buziladiganlarga beriladigan kompensatsiya mahalliy byudjetdan olinadimi¸ respublika byudjetidan ajratiladimi¸ yoki investorga yuklatiladi¸ buni hozircha hech kim bilmaydi.
Milliy bank rasmiysi

“Qadimiy Buxoro” loyihasi ijrosiga aloqador bir-biridan mustaqil uch mahalliy rasmiy¸ turistlar uchun qurilishi belgilangan maxsus zona uchun qancha uy buzilishi bilan bog‘liq qator savollar javobini hozircha hech kim bilmasligini aytdi.

10 gektarlik hududning¸ mahalliy rasmiylarga ko‘ra¸ 4 gektari bo‘sh¸ qolganida esa 96 ta hovli joylashgan.
10 gektarlik hududning¸ mahalliy rasmiylarga ko‘ra¸ 4 gektari bo‘sh¸ qolganida esa 96 ta hovli joylashgan.

“Bu 96 ta uyning qanchasi buziladi¸ qanchasi qoladi¸ hech kim bilmaydi. Buziladigan uylar egalariga qancha kompensatsiya beriladi¸ hech kim bilmaydi. Bu kompensatsiya mahalliy byudjetdan olinadimi¸ respublika byudjetidan ajratiladimi¸ yoki investorlarga yuklatiladimi¸ bu ham noma’lum. Uyi buzilganlar qaerga ko‘chiriladi¸ ularga uy beriladimi¸ yer beriladimi¸ pul beriladimi¸ bu ham noma’lum”¸ dedi loyiha ijrosiga bevosita mas’ullardan biri o‘z shaxsi ochiqlanmasligi sharti bilan.

Bu suhbatdoshga ko‘ra¸ ko‘rib chiqilayotgan takliflar orasida uyi buziladiganlarga Islom Karimov ko‘chasida qurilgan ko‘p qavatli zamonaviy uylardan kvartira ajratish va Buxoro-Kogon katta yo‘li bo‘yida qurilgan kottejlardan berish kabi rejalar bor.

“Lekin uzil-kesil qaror¸ buzilish va ko‘chirish xarajatlarini¸ kompensatsiya va uy ajratishning kimning hisobidan bo‘lishiga aniqlik kiritilgandan keyin qabul qilinadi”¸ dedi mahalliy rasmiy.

Loyihaning narxi qanchayu¸ mablag‘ qaerdan olinadi?

Ozodlik bu savol javobini loyihani moliya bilan ta’minlashga mas’ul qilib belgilangan O‘zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki mulozimlaridan izladi.

Ozodlik gaplashgan bank mutasaddilari¸ o‘zlarida biror aniq javob berish yo‘qligini aytdilar.

Bu yog‘i Usmonov himmatiga havola. Xohlasa¸ loyihani to‘lig‘icha o‘z sarmoyasi bilan ta’minlasin¸ xohlasa¸ bir qismini olsin¸ marhamat".
Milliy bank mutasaddisi

“Oldin smeta tuzilsin¸ uning qiymati chiqarilsin. Hozircha ish endi boshlandi. Davlat byudjetidan¸ mahalliy byudjetdan qancha mablag‘ ajratiladi¸ qanchasini Alisher Usmonov xayriya qiladiyu¸ qanchasi uning sarmoyasi hisobiga bo‘ladi¸ hech kim bilmaydi. Bu yog‘i Usmonovning himmatiga havola. Xohlasa¸ loyihani to‘lig‘icha o‘z sarmoyasi bilan ta’minlasin¸ xohlasa¸ bir qismini olsin¸ marhamat. Hozircha boshqa aniq investor yo‘q. Hammasi¸ loyiha ustidagi muhokamalar tugaganidan keyin aniq bo‘ladi. Bunga uch oydan olti oygacha vaqt ketsa kerak”¸ dedi milliy bank mutasaddisi.

Buzilish tahdidi ostida qolgan mahallalarda asabiylik

Buxoro viloyati hokimligi mulozimlari Ozodlik bilan suhbatda¸ “Qadimiy Buxoro” sayyohlik zonasiga ajratilgan uchburchak hududda yashovchilarning o‘z uylari buzilishidan ogohlantirilganini aytdilar.

Hokimlik xalq orasida panika ko‘tarilmasligi uchun harakat qilayapti. Lekin hech kim jamoatchilikka ochiq ma’lumot bermayapti.
Buxorolik huquqshunos Shuhrat G‘aniev

Aytilishicha¸ bu ogohlantiruv mahalla raislari o‘tkazgan majlisda og‘zaki tarzda aytilgan.

Buxorolik tarixchi va huquqshunos Shuhrat G‘aniev¸ 31 may kuni Bolohovuz masjidi orqasidagi mahallalarga borib¸ u yerda yashovchilar bilan bevosita suhbatlashdi.

- Ularning hammasi qattiq asabiylikda¸ tabiiy. Buzilishga tushgan mahallalarda necha avlod yashagan¸ ularning qanchasi yaqinda yangi uy qurib¸ yangi ta’mir qilgan. Hokimlik panika¸ norozilik bo‘lmasligi uchun harakat qilayapti¸ lekin odamlar¸ tabiiyki¸ norozi. Ularning orasida prezident portaliga yozganlar ham bor¸ lekin hali hech qanday javob kelmagan. Hokimiyat bunday loyihalarni boshlashdan oldin¸ u bevosita ta’sir qiladigan xalq bilan maslahatlashsa¸ ular fikriga ham quloq solsa¸ hammaga yaxshi bo‘lmaydimi? Xalq bilan maslahatlashib¸ uning roziligini olib qilingan ishni keyin bekitmasdan¸ bemalol jamoatchilikka oshkor qilsa¸ bo‘lmaydimi? Turistlar Buxoroga mahalliy aholi haydab chiqarilgan¸ hayot yo‘q hududni ko‘rishga kelmaydi. Ular eski shahar to‘qimasiga birikib ketgan jonli hayot¸ jonli odamlar hayotini ko‘rishga keladi¸ axir¸ deydi Shuhrat G‘aniev.

Alisher Usmonovga da’vat

O‘zbek matbuoti tomonidan “Qadimiy Buxoro” loyihasining asosiy sarmoyadori sifatida taqdim etilayotgan Alisher Usmonovning Buxorodagi sayyohlik markaziga oid aniq rejalarini aniqlashtirishning imkoni bo‘lmadi.

Ozodlik¸ iltimosimizni Alisher Usmonovga yetkazing - u odam Buxoroni turistbop qilmoqchi bo‘lsa¸ bu ishni xalqni qiyratmasdan ham qilishi mumkin.
Hovlisi buzilishga tushgan buxorolik tadbirkor

Asli namanganlik milliarderning asosiy kompaniyasi sanalgan Metalloinvest matbuot xizmati¸ faqat pochta orqali yuboriladigan savollargina Usmonov qabulxonasiga topshirilishini bildirishdan boshqa gap aytishni istamadi.

Ayni paytda¸ Ozodlik suhbatlashgan buxoroliklar¸ Alisher Usmonovga murojaat qilish istagini bildirdilar.

“Agar bu proektga Alisher Usmonov homiylik yoki sarmoyadorlik qilayotgan bo‘lsa¸ u odam dunyoni ko‘p kezgan va tarixiy meros qadrini mahalliy chinovniklardan yaxshiroq bilsa kerak. Usmonovga yuzlab odamning uyini buzib¸ o‘rniga sun’iy shahar qurishning keragi yo‘q bo‘lsa kerak. Biz Usmonovga murojaat qilib¸ bu loyihani qayta ko‘rib chiqishni so‘rashini¸ buzilishlarni to‘xtatib¸ Buxoroga turistlarni jalb qilishning boshqa yo‘llarini topishni so‘raymiz. Shaharda suv yomon¸ yo‘llar yomon¸ elektr-gaz ta’minoti yomon¸ tualetlar xarob ahvolda. Qadimiy shaharni turistbop qilaman desa¸ xalqni qiyratmasdan ham qiladigan ishlar ko‘p. U kishidan shu muammolarni hal qilishini so‘raymiz”¸ deydi buzilish tahdidi ostida qolgan hovlilardan birining egasi.

Ozodlik surishtiruvining 1- qismi bilan tanishdingiz. Davomi bor.

XS
SM
MD
LG