Линклар

Prezident Shavkat Mirziyoev maxsus qaror bilan Buxoroga xorij sayyohlarini ko‘proq jalb etish maqsadida eski shahar qismida “Qadimiy Buxoro” nomli zamonaviy markaz qurishga topshiriq berdi. Loyiha sarmoyadori sifatida asli o‘zbekistonlik milliarder Alisher Usmonov nomi ham tilga olingan bu qaror ijrosi ustida ish boshlanishi bilan Buxorodagi yuzga yaqin xonadon ota-bobolari qurgan hovlilarning buzilish¸ qadimiy Buxoro esa¸ xorijliklarni chorlovchi o‘ziga xosligidan ajrash tahdidi ostida qoldi.

Ozodlik hozirlagan uch qismlik surishtiruvda taklif etilgan hozirgi shaklda amalga oshirilsa¸ bu loyihaning oddiy buxoroliklar hayotiga ta’siri¸ shaharning tarixiy qiyofasiga kiritadigan o‘zgarishlari¸ hamda O‘zbekiston turizm sanoatiga kiritishi mumkin hissasi o‘rganildi.

Tarixiy markaz – YuNESKO himoyatida

Buxoro - Ipak yo‘li bo‘yida joylashgan 2000 ming yildan qadimroq tarixga ega¸ o‘rta asrlarda shakllangan madaniy qiyofasini deyarli asl holida saqlab qolgan shahar.

1993 yili Maorif¸ ilm-fan va madaniyat bo‘yicha BMT boshqarmasi – YuNESKO (UNESCO) Buxoro shahrining tarixiy markazi va shahardagi qator tarixiy obidalarni Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritgan.

Qadimiy Buxoroning hozirgi ko‘rinishi.
Qadimiy Buxoroning hozirgi ko‘rinishi.

Bu ro‘yxatga kiritilgan obida va shaharlarni saqlab qolish¸ konservatsiya va restavratsiya qilishga Umumjahon merosi jamg‘armasidan mablag‘ ajratiladi¸ bu jarayonga ular mutaxassislari jalb qilinadi.

YuNESKO Buxoro tarixiy markazini “ Ipak yo‘li bo‘yida joylashgan 2000 ming yildan qadimroq tarixga ega¸ o‘rta asrlarda shakllangan madaniy qiyofasini deyarli asl holida saqlab qolgan shahar deb ta’rif qiladi.

10-asrda qurilgan obidalarini saqlab qolgan Buxoroning 216 gektarlik tarixiy qismi Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lsa¸ unga tutash 339 gektarlik hudud YuNESKO tomonidan bufer zona deb e’tirof etilgan.

Xaritada YuNESKO ro‘yxatiga kiritilgan tarixiy hudud qizil doira ichiga¸ bufer zona esa¸ sariq doira ichiga olingan.
Xaritada YuNESKO ro‘yxatiga kiritilgan tarixiy hudud qizil doira ichiga¸ bufer zona esa¸ sariq doira ichiga olingan.

Jahon madaniy va tabiiy merosini muhofaza qilishga oid 1972 yilgi xalqaro konvensiyani ratifikatsiya qilgan davlat sifatida O‘zbekiston¸ YuNESKO tomonidan belgilangan tarixiy hudud va bufer zonada biror ta’mir yoki qurilish qilishdan oldin¸ YuNESKOning Parijda joylashgan Umumjahon merosi markazi bilan muvofiqlashtirishi lozim.

Prezident tomonidan tasdiqlangan loyihada¸ Buxoroning YuNESKO muhofazasidagi tarixiy qismida joylashgan Shahriston bozorini buzib¸ o‘rnida ikki qavatlik yangi bozor qurish¸ shuningdek¸ bufer zonadagi 10 gektarlik hududda sayyohlik markazi barpo qilish ko‘zda tutilgan.

Umumjahon merosi qo‘mitasi bilan maslahatlashuvsiz uning himoyasidagi tarixiy obidalarni ta’mirlash¸ ular yonida qurilish qilishning oqibati jiddiy

Bufer zonadagi bu markazda¸ O‘zA agentligining yozishicha¸1,2 gektar maydonni o‘z ichiga oluvchi Buxoro tarixi davlat muzeyi quriladi. "Ushbu muzey qurilishiga byudjet mablag‘lari hisobidan 68,3 milliard so‘m sarflanishi mo‘ljallanmoqda. Muzey qurilib, ishga tushirilsa, “Ark” qo‘rg‘onida saqlanayotgan noyob eksponatlar u yerga ko‘chiriladi"¸ deb yozdi rasmiy agentlik 10 mart kungi xabarida.

YuNESKOning xabari yo‘q!

O‘zbekiston Madaniyat vazirligining Ozodlik suhbatlashgan mutasaddilari “Qadimiy Buxoro” loyihasining YuNESKO bilan muhokama qilinib¸ ular bilan muvofiqlashtirilayotganini iddao qildilar.

Ammo 2 iyun kuni Ozodlik bilan suhbatda Umumajahon merosi markazining Osiyo bo‘limi rahbari Feng Jing (Feng Jing) “Qadimiy Buxoro” loyihasini birinchi marta eshitib turganini e’tirof qildi:

- Bunaqa vaziyatda¸ Umumjahon merosi bo‘yicha qabul qilingan xalqaro qonun – 1972 yilgi konvensiya asosida ish ko‘riladi. Bu hujjatda esa¸ qilinadigan qoida va protseduralar¸ amaliy yo‘riqnomalar aniq qilib belgilab qo‘yilgan. Bu kelishuvning amaliy yo‘riqnoma qismida, agar a’zo davlat tarixiy obidalarga tegishli biror loyihani amalga oshirmoqchi bo‘lsa¸ hukumatlararo qaror chiqaruvchi organ - Umumjahon merosi qo‘mitasini xabardor qilishi lozim¸ deyiladi. Biz ana shu qo‘mitaning kotibiyatimiz¸ lekin “Qadimiy Buxoro” loyihasiga oid xabarni sizdan eshitib turibman. Hozircha bizga loyihaga oid aniq hujjatlar jo‘natilgani yo‘q¸ dedi YuNESKO rasmiysi.

Ayni paytda Feng Jing¸ Toshkentda YuNESKO vakolatxonasi borligi va o‘zbek rasmiylarining mazkur vakolatxona xodimlari bilan “Qadimiy Buxoro” loyihasini muhokama qilgan-qilmaganidan xabari yo‘qligini qo‘shimcha qildi.

Madaniyat vazirligi: YuNESKO roziligini olmasdan biror binoga tegilmaydi!

Prezident qaroriga muvofiq¸ “Qadimiy Buxoro” loyihasini shaharning qadimiy qismini o‘z himoyasiga olgan YuNESKO bilan muvofiqlashtirish O‘zbekiston Madaniyat vazirligining Madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish ilmiy ishlab chiqarish bosh boshqarmasi zimmasiga yuklatilgan.

Bufer zonadagi sayëhlik markazi buxoroliklar orasida Vodakachka nomi bilan tanilgan mazkur temir minora orqasidagi mahallalarni buzish hisobiga qurilishi mumkin.
Bufer zonadagi sayëhlik markazi buxoroliklar orasida Vodakachka nomi bilan tanilgan mazkur temir minora orqasidagi mahallalarni buzish hisobiga qurilishi mumkin.

Bu boshqarma mutaxassislaridan biri¸ vazirlikning YuNESKO qonun-qoidalaridan yaxshi xabari borligini bildirdi.

“Biz Buxoroning qadimiy qismida ham¸ eski shaharda ham istalgan qurilishni o‘zimizcha qilishimiz mumkin¸ hech kim buni taqiqlagan emas. Lekin bunday qilsak¸ YuNESKO shaharni Umumjahon merosi ro‘yxatidan chiqarib tashlaydi. Sayyohlarni ko‘paytiramiz¸ deb yangi qurilishlar qilib¸ bu ro‘yxatdan chiqarilsak¸ Buxoroga kim keladi keyin? Shuning uchun biz bu loyihani¸ ayniqsa¸ tarixiy shahar ichidagi Shahriston bozorini buzib¸ yangidan qurishni YuNESKO bilan maslahatlashayapmiz. Yaqinda YuNESKO ekspertlari O‘zbekistonga keladi¸ ularning talab va takliflari¸ albatta¸ inobatga olinadi. Loyihani ular ma’qullamasa¸ uni o‘zgartirishga to‘g‘ri keladi”¸ dedi Madaniyat vazirligi rasmiysi.

Madaniyat vazirligi rasmiysi¸ “Qadimiy Buxoro” loyihasi tafsilotlarini muhokama qilish uchun joriy oy YuNESKO ekspertlar guruhining O‘zbekistonga kelishi kutilayotganini bildirdi. YuNESKO Umumjahon merosi markazi rasmiysi esa¸ o‘z idorasidan biror guruhning yaqin oylarda O‘zbekistonga safar qilish rejasidan xabari yo‘qligini aytdi.

Tarixiy shahar va bufer zonada qurilish qilish mumkinmi?

YuNESKO mutasaddisi¸ dunyoning 67 davlati hududida joylashgan 220 dan oshiq tarixiy obida Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgani va bu davlat hukumatlariobidalarni ta’mirlash¸ ular yonidagi bufer zonalarda buzilish-qurilish huquqiga egaligini e’tirof qildi.

Ammo¸ mutaxassisga ko‘ra¸ bunday ta’mir va yangi loyihalar¸ Umumjahon merosi markazi bilan 1972 yilgi konvensiya shartlariga mos amalga oshirilishi lozim:

- Bufer zonada yangi qurilish qilish mumkin¸ lekin uning tarixiy obidalarga ta’siri jiddiy o‘rganib chiqilganidan so‘ng. Bunday qurilish boshlashdan oldin uning qanchalik maqsadga muvofiqligi va ta’siri ko‘lami tadqiq etiladi. Agar bunday qurilishlar tarixiy obidalarga ta’sir ko‘rsatmasa¸ ularni amalga oshirish mumkin. Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan shaharlar muzlatilgan hudud emas¸ bu joylarda tarixiy obidalarni saqlab qolish va yangi qurilishlar qilish muammosi hamisha mavjud. Qurilish loyihasini hukumat Umumjahon merosi markaziga jo‘natishi lozim¸ so‘ngra bu loyihani Tarixiy obida va shaharlar bo‘yicha xalqaro kengash ekspertlari sinchiklab o‘rganib chiqadi. Keyin biz loyiha bo‘yicha o‘z munosabat va sharhimizni beramiz. Agar qurilish loyihasi tarixiy obidalarga ziyon yetkazmaydi¸ deb xulosa qilsak¸ bu loyiha amalga oshirilishi mumkin¸ dedi YuNESKO rasmiysi.

Unga ko‘ra¸ agar YuNESKO tasdiqg‘idan o‘tmagan ta’mir yoki qurilish loyihalari amalga oshirilsa¸ BMT tashkiloti ta’mirlangan obida yoki qurilish qilingan tarixiy shaharni Umumjahon merosi ro‘yxatidan chiqarib yuborishga qadar bo‘lgan choralarni qo‘llashi mumkin.

Buxoro boshiga Shahrisabz kuni tushmaydimi?

Ozodlik bilan suhbatda YuNESKO mutasaddisi Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan O‘zbekistondagi yana bir shahar – Shahrisabzda amalga oshirilgan qurilish loyihasidagi xatoliklardan xulosa chiqarganiga umid bildirdi.

2014 yili boshlangan loyiha oqibatida YuNESKO madaniy meroslari ro‘yxatiga kiritilgan ikki mahalla o‘rnini keng xiyobon, avtomobillar to‘xtab turish joyi hamda uzun savdo markazi egalladi.¸ tarixiy shaharda charxpalak attraksioni¸ kenguru haykallari paydo bo‘ldi.

O‘zi bilan mutlaq muvofiqlashtirilmagan bunday loyiha ijrosidan so‘ng YuNESKO Umumjahon merosi markazi¸ Shahrisabzning tarixiy qismiga “tuzatib bo‘lmas zarar yetkazilgani”ni dan bong urdi.

Shahrisabzning “mislsiz xalqaro qiymati yo‘q qilingan-qilinmaganini” aniqlash uchun shaharga o‘z ekspertlarini yuborgan YuNESKO Umumjahon merosi qo‘mitasi iyul oyida Polshaning Krakov shahrida o‘tkaziladigan yillik yig‘inida Shahrisabzni Umumjahon merosi ro‘yxatidan chiqarish-chiqarishmaslik masalasida qaror chiqaradi.

XS
SM
MD
LG