Линклар

Rossiya Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi (GIBDD) O‘zbekistonda berilgan aksar haydovchilik guvohnomalari “xalqaro Konvensiya”ga to‘g‘ri kelmasligini ta’kidladi. Avtomobil nazorat inspektorlari O‘zbekistonda berilgan guvohnoma egalaridan 6 oylik o‘quv kurslarida qayta o‘qib, mahalliy haydovchilik hujjatini olishni talab qilmoqda.

Rossiyaning Sankt-Peterburg shahridan Ozodlikka WhatsApp tarmog‘i orqali murojaat qilgan 37 yoshli farg‘onalik Akramjon mahalliy Yo‘l harakati xavfsizligi bo‘linmalari aynan O‘zbekistonda berilgan haydovchilik guvohnomalarini almashtirishga ruxsat bermayotganini bildirdi.

U avtomobil nazorat inspeksiyasida o‘zbekistonliklarga olti oylik avtomaktab kurslarini o‘qishni tavsiya qilishayotganiga guvoh bo‘lganini aytdi:

- Pravalarimizni Rossiyanikiga almashtirib, shu yerda ishlamoqchi edik – o‘zbekistonliklarga mumkin emas ekan! Hozir biz taksi bo‘lib ishlaymiz-da. Sankt-Peterburgda “Shosse Revolyutsii” YHXning imtihon bo‘limiga bugun bordik. Ko‘zimiz bilan ko‘rdik – Tojikiston, Qirg‘iziston grajdanlari medkomissiyadan o‘tib, hujjatlarini topshirishayapti. Aynan O‘zbekistonnikini qaytarvorayapti! Biznikini ko‘rib, “Senlarniki xalqaro hisoblanmaydi. Almashtirib bera olmaymiz – senlar mana shu yerda 6 oy qayta o‘qishing kerak!” deyapti. Biz o‘qisak, stajimiz yo‘qolib, taksichilik qila olmas ekanmiz! Bizniki “mejdunarodniy” hisoblanmas ekan. Kimga murojaat qilamiz endi biz!? O‘zbekistonga ketsak – u yerda ish yo‘q bizga, bilasiz, dedi kimga arz-dodini aytishni bilmayotganini gapirgan Akramjon.

Suhbatdosh Sankt-Peterburgda davlat korxonalari va boshqa tashkilotlar hamda avtobus-taksida, asosan, o‘zbekistonlik haydovchilar ishlashini ham qo‘shimcha qildi.

Ozodlik Radiosi bu vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida Revolyutsiya shossesi, 85 manzili bo‘yicha joylashgan Peterburg Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasiga qarashli Tumanlararo qayd-imtihon bo‘limiga rasman murojaat qildi.

Davlat inspektori Anna Levchenko O‘zbekistonda berilgan haydovchilik hujjati almashtirib berilmayotganini Ozodlikka tasdiqladi.

- Chunki O‘zbekiston haydovchilik guvohnomasi Xalqaro yo‘l harakati to‘g‘risidagi Konvensiyasiga to‘g‘ri kelmaydi. O‘zbekiston Xalqaro Konvensiya tarkibiga kirgan, ammo haydovchilik blanki Xalqaro yo‘l harakati to‘g‘risidagi Konventsiyasining 6 Ilovasiga mos kelmaydi. Bunday vaziyatda faqat bitta yo‘l qoladi – Rossiya Federatsiyasi avtomaktabida o‘qish!,- dedi inspektor Levchenko.

Mutaxassis ko‘rsatgan Konvensiyaning “Milliy haydovchilik guvohnomasi” deb ataladigan 6 Ilovasida haqiqatan milliy guvohnomalarning shakli, to‘ldirish qoidalari va zarur bo‘lgan barcha bandlar nomma-nom ko‘rsatilgan.

Anna Levchenko yuzaga kelgan vaziyatda ishsiz qolayotgan yuz minglab o‘zbek muhojirlari holatini O‘zbekiston hukumati yengillashtirishi mumkinligini ham ma’lum qildi.

- Agarda O‘zbekiston ertaga Xalqaro Konvensiyaga to‘g‘ri keladigan haydovchilik guvohnomasini chiqarsa, biz uni almashtirib beraveramiz. Afsuski, hozircha O‘zbekiston yangi guvohnoma chiqargani yo‘q. Yangi guvohnomalar 12 yoki 14 banddan iborat, sizlarnikida esa faqat 11-ta. O‘zbek hujjatida haligacha A,B,C,D - hammada esa allaqachon A1, B1, C1, D1. Har bir so‘z lotinchaga transliteratsiya qilinishi lozim. Xullas, ikir-chikirlari ko‘p. Har holda, shu yerdagi mutaxassis ko‘rib chiqib, hujjat o‘tishi-o‘tmasligi haqida xulosa chiqaradi,- dedi Anna Levchenko.

Moskva shahridagi Rossiya Yo‘l harakati xavfsizligi Bosh boshqarmasida ham Ozodlik so‘roviga o‘zbek guvohnomalari almashtirilmayotganini ma’lum qilishdi.

O‘zini tanishtirmagan boshqarma ofitseri bo‘limlarga murojaat qilayotganlar soni aqlga sig‘mas darajada ko‘pligini bildirib, dedi:

- Bilasizmi, bizga qancha odam murojaat qilayapti?! Butun O‘zbekistoningiz yetmaydi buncha odamga! Odamlaringiz o‘qiydi, meni bilganim. Avval prava bilan oldimizga kelishsin – har biri borasida alohida qaror chiqarilayapti. Vena Konvensiyasiga mos kelishi lozim. Hujjat almashtirilmayotganlar minglab va minglab! Ular hammasi o‘qishga borishi shart,- dedi Moskva shahar YHXB vakili.

Xalqaro yo‘l harakati to‘g‘risidagi Konvensiya 1968 yilning 8 noyabrida Vena shahrida qabul qilingan va ko‘p hollarda “Vena Konvensiyasi” deb ham ataladi. O‘zbekiston Konvensiyaga 1995 yilning 17 yanvarida qo‘shilgan.

2017 yilning 1 iyunidan boshlab Rossiyada xorij haydovchilik guvohnomalariga ega haydovchilarga davlat transportida ishlash taqig‘i kuchga kirgani borasida xabar berilgan edi. Ishini davom ettirmoqcha bo‘lganlar esa Rossiyaning haydovchilik guvohnomasini olishi zarur.

XS
SM
MD
LG