Линклар

Шошилинч хабар
02 май 2024, Тошкент вақти: 02:23

Xalq bankining "Omad kulganda" lotereyasi majburiy sotilmoqda


Toshkent shahri va Toshkent viloyatining ayrim tumanlarida pensiya pullarini olayotganlarga Xalq bankining “Omad kulganda” lotereyasi majburan qo‘shib berilmoqda. Pensionerlarning Ozodlikka aytishicha, har bir odamga 2tadan lotereya berilib, 4000 so‘m ushlab qolinayapti. Respublika Xalq banki mutasaddisi bu xabarni inkor qilishga urindi, ayni paytda, vaziyatni o‘rganishga va’da qildi.

Har bir pensionerga 2tadan lotereya

Toshkent shahrining Bektemir tumanidagi Binokor mahallasida yashovchi pensionerning Ozodlikka aytishicha, 6 iyun kuni Xalq banki xodimlari uning pensiya puliga 2 dona “Omad kulganda” lotereyasini majburan qo‘shib berishgan:

“Kecha borib, Xalq bankidan iyun oyining pensiya pulini olib keldim. Kim pensiyasini olgani kirsa, hammaning qo‘liga lotereya berayapti. Bir million so‘m olgan odamga ham, 100 ming so‘m olganga ham 2tadan lotereya berayapti. Lotereyaning har bittasi 2000 so‘mdan. Pensiya pulimizdan 4000 so‘m olib qolishdi. Eng qizig‘i, lotereyani yosh bolalar o‘ynashi mumkin emas deb yozib qo‘ygan. Lekin nogironlik pensiyasi olayotgan voyaga etmagan bolalarning nafaqasiga ham lotereya berayapti”, dedi bektemirlik pensioner ismini ochiqlamaslik sharti bilan.

Ozodlik so‘rovi: Lotereya olishga majburlanganlar yana bormi?

Ozodlik bektemirlik pensioner bilan suhbatlashgach, Feysbuk va Odnoklassniki tarmoqlari orqali so‘rov o‘tkazib, pensiya pullariga “Omad kulganda” lotereyasini qo‘shib berish holatlari boshqa joylarda ham bor yoki yo‘qligini o‘rganishga harakat qildi.

So‘rovda qatnashganlar bergan ma’lumotlardan ma’lum bo‘lishicha, Xalq bankining ushbu lotereyalarini pensiya pullariga qo‘shib berish Toshkent shahri va Toshkent viloyatining ayrim hududlarida uchrayapti. Jumladan, toshkentlik @Matluba Abduraimova ham 7 iyun kuni pensiya puliga “Omad kulganda” lotereyasini qo‘shib berishgani haqida yozdi.

Tarmoqlar foydalanuvchilariga ko‘ra, Xalq banki lotereyalari nafaqat pensiya pullariga qo‘shib berilmoqda, balki bankka ishi tushgan boshqa odamlarga ham ushbu lotereyani olish majburiyati yuklatilayapti.

Feysbuk foydalanuvchisi @Akmal Rasulov sotib olgan yangi uyini rasmiylashtirish payti 4 dona ushbu lotereyadan olishga to‘g‘ri kelgani haqida yozdi.​

@Giovanni Otashick esa yangi mashinasini rasmiylashtirish uchun pul to‘lashga bankka borgan payti 2ta lotereya olishga majburlashgani haqida yozdi.

@Abdurakhmon Tashanov esa bitta tashkilotni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun davlat boji to‘lashga borgan payti ushbu lotereyadan olishga majburlangan:

“Men bu masalada Xalq bankining ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qilib, kattagina janjal ko‘tardim. Va tushundimki, lotereyaning ortida baquvvat kishilar bor ekan, bank bu yerda sotuvchi ekan xolos”, deb yozdi @Abdurakhmon Tashanov.

Ozodlik bilan telegram orqali bog‘langan yunusobodlik @Nigora esa voyaga yetmagan bolalari uchun oladigan nafaqa puliga kuni kecha “Omad kulganda” lotereyasini qo‘shib berishganini xabar qildi:

“Men 4000 so‘m ham harna pul. Kerak emas menga lotereyasi desam, “Bizga kelgan buyruq shu, biz faqat bajaruvchimiz. Bizni ham tushuninglar”, degan gapni aytishdi. Qarasam hammaga berayapti. Men ham nafaqamizni bermay qo‘ymasin deb olishga majbur bo‘ldi”, deydi @Nigora.

Xalk banki rasmiysi: Bizda majburlash yo‘q!

Ozodlik Respublika Xalq banki mutasaddisi Xusniddin Bozorov bilan telefon orqali bog‘langanida u lotereyalarni sotish mutlaqo ixtiyoriy tarzda amalga oshirilayotganini aytdi:

- Majburiylik yo‘q. Agar siz adresniy qilib, aytsangiz, men tekshirtib ko‘raman. Biz ixtiyoriy ravishda sotamiz lotereyani. Lotereyani majburlab sotmaslik to‘g‘risida har doim protokollar qilib qo‘yganmiz. Bu majburiy sotish degan narsani bizning xodimlarimiz bajarmaydi. Chunki majburiy qiladigan bo‘lsa, biz ularni jazolaymiz, - dedi banki mutasaddisi Xusniddin Bozorov.

Bank rasmiysi Bozorov bilan suhbatni quyida to‘liq tinglashingiz mumkin:

Халқ банки мутасаддиси Хусниддин Бозоров билан суҳбат
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:33 0:00
Бевосита линк

Xalq bankining “Omad kulganda” lotereyasi joriy yilning 29 iyul kuni Nukus shahrida o‘tkaziladi. Lotereyaga pul va avtombil yutuqlari qo‘yilgan.

O‘zbekistonda lotereyani majburlab sotish holatlari avval ham kuzatilgan. Jumladan, Xalq bankining “Omad lotto” biletlari hatto kam ta’minlangan oilalarga beriladigan nafaqaga ham majburan qo‘shib sotilgani ma’lum.

Agrobankning “Farovonlik” lotereyalari ham butun mamlakat bo‘ylab majburlab sotilgani kuzatilgan.

XS
SM
MD
LG