Линклар

Markaziy bankning yangi raisi konvertatsiyani ocha oladimi?


O‘zbekiston qora bozorida xorij valyutalari qimmati kundan-kunga oshib bormoqda.

6 iyun kuni O‘zbekiston Markaziy banki boshqaruvi raisi sifatida ish boshlagan Mamarizo Nurmuratov¸ uni bevosita bilgan mutaxassislar tomonidan¸ bilim va tajribali rahbar sifatida ta’riflanmoqda. Ayni paytda¸ Ozodlik gaplashgan tahlilchilar¸ Markaziy bank mustaqil tizimga aylana olmagan O‘zbekiston sharoitida uning yangi raisi ham siyosiy irodaga to‘liq qaramligini ta’kidladi.

1-ish kuni

6 iyun kuni O‘zbekiston Markaziy bankida yangi rais ish boshladi. Prezident Mirizëevning keyingi 11 yil davomida Markaziy bank raisining maslahatchisi bo‘lib ishlagan senator Mamarizo Nurmuratovni bank boshqaruvi raisligiga tayinlash taklifi Senat tomonidan ma’qullandi.

Markaziy bank yangi raisi Mamarizo Nurmuratov
Markaziy bank yangi raisi Mamarizo Nurmuratov

Senatdagi Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi raisi¸ 57 yashar Nurmuratov shu kuni prezident maslahatchisi tomonidan Markaziy bank boshqaruvi va xodimlariga yangi rais sifatida taqdim etildi.

Bu tadbirda o‘z ustivor vazifalari haqida gapirgan Nurmuratov¸ yangi rais chiqishini tinglaganlardan birining aytishicha¸ Markaziy bankning bundan so‘ng “Kabmin topshirig‘inigina bajaruvchi tizim bo‘lishdan chiqib¸ prezident belgilab bergan davlat dasturiga amal qilajagi"ni ta’kidlagan.

Bu dasturning “Iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirishning ustuvor yo‘nalishlari” deb nomlangan III bobida “milliy valyutaning va ichki bozordagi narxlarning barqarorligini ta’minlash¸ bank faoliyatini tartibga soluvchi zamonaviy tamoyil va mexanizmlarni joriy qilish, ularning samarali faoliyat ko‘rsatishiga yo‘l qo‘ymayotgan to‘siqlarni bartaraf etish va valyutani tartibga solishning ilg‘or bozor mexanizmlarini bosqichma-bosqich joriy etish” Markaziy bank zimmasiga yuklatilgan asosiy vazifalardan qilib belgilangan.

Ozodlik suhbatlashgan bank-moliya sohasi mutaxassislari¸ bu vazifalarni O‘zbekistonda erkin konvertatsiyani joriy qilmasdan amalga oshirishning iloji yo‘qligini ta’kidladilar. Ular fikricha¸ konvertatsiya masalasida berilishi kutilayotgan qaror¸ Nurmuratovning Markaziy bank raisi sifatidagi faoliyatini baholovchi asosiy mezon bo‘ladi.

Nurmuratov Markaziy bankka necha foiz erkinlik ola oladi?

O‘zbekiston Moliya vazirligining sobiq mulozimi Saparboy Jubaev¸ Mamarizo Nurmuratovni bilim va tajribali moliyachi sifatida ta’riflar ekan¸ mamlakatdagi bank-moliya tizimini isloh qilish¸ xususan¸ valyuta konvertatsiyasini ochish-ochmaslik borasida Markaziy bank raisi emas¸ siyosiy rahbar qaror berishini aytadi:

- Amerika Federal rezervi¸ siyosiy hokimiyatdan mustaqil¸ valyuta siyosati bo‘yicha 100 foiz mustaqil qaror qabul qiladi. Rossiya Markaziy banki erkinligini 50 foiz¸ deyish mumkin. Putin Nabiullinani (Rossiya Markaziy banki raisi - tahr.) tinglaydi¸ lekin oxirgi qarorni baribir o‘zi beradi. Qozog‘iston Markaziy banki 25 foizga erkin¸ ular qarorining 75 foizi Nazarboev topshirig‘iga asoslanadi. Ming afsuslarkim¸ O‘zbekiston Markaziy bankining qaror berishdagi erkinligini 0¸25 foiz deyish mumkin¸ qolgan 99¸75 foizi siyosiy hokimiyat¸ aniqrog‘i¸ prezidentga tegishli. Shuning uchun Mamarizo Nurmuratov oldida turgan birlamchi vazifa¸ o‘zi boshqaradigan Markaziy bank tizimining qaror berishdagi erkinlik va mustaqilligi foizini oshirishdir¸ deydi Jubaev.

Nurmuratov – 2003 yilda konvertatsiyani ochganlardan biri

Mamarizo Nurmuratov 2000-2004 yillarda O‘zbekiston Moliya vaziri lavozimida ishlagan va mamlakatda Xalqaro valyuta jamg‘armasi bilan uzoq muzokaralardan keyin erkin konvertatsiyaga o‘tish aynan Nurmuratov vazirligi davrida kuzatilgan.

XVJ bilan o‘tkazilgan bu muzokaralarda bevosita qatnashgan vazirlik sobiq mulozimlaridan biri Nurmuratovni konvertatsiya ochilishi uchun harakat qilgan¸ jarayonning muhim jihatlarini muhokamaga qo‘yib¸ muammolarni to‘g‘ri hal qilishga uringan mutaxassis sifatida eslaydi:

- Konvertatsiya haqidagi katta majlisda XVJ taklif qilgan 75 millionlik yordam muhokama qilindi. O‘shanda Azimov "konvertatsiyani ochmay turib¸ paxtaning o‘zidan bir milliard dollar olib turgan joyimizda¸ 75 millionni boshimizga uramizmi"¸ dedi. Azimovning bu gapiga majlisda o‘tirganlardan biri ”XVJ beradigan har bir dollar ortidan bir million dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiradi”¸ deb javob berdi. Bu odam esa, Markaziy bankda ishlaydigan Mamarizo Nurmuratov edi. Mana¸ oradan shuncha yil o‘tib¸ Azimovning o‘sha gapi¸ shu konsepsiyasi o‘zining boshiga yetdi – Mirziyoev uni mamlakatga investitsiya kelmayotgani uchun ishdan bo‘shatdi. Mamarizo Nurmuratov bu muhokamalarda juda o‘rinli savollarni ko‘targanida¸ MB raisi Mullajonov uni gapirishga qo‘ymagan edi¸ deb eslaydi valyuta konvertatsiyasini ochish masalasida o‘tmishda bo‘lgan muhokamalarning bevosita ishtirokchisi.

Bu muhokamalardan bir necha yil o‘tib¸ XJV va YeTTB banki bilan kelishuvlar asosida o‘shandagi prezident Islom Karimov konvertatsiyani ochishga qaror bergan va bu jarayonni amalga oshirishda bevosita qatnashganlardan biri Mamarizo Nurmuratov bo‘lgan edi.

(2008 yilga kelib turli siyosiy kuchlar keltirgan turli sabablar asosida Karimov erkin konvertatsiyani to‘xtatdi va shundan beri mamlakatda valyuta almashinuvining dunyoda deyarli kuzatilmaydigan to‘rtta kursi mavjudligicha qolmoqda.)

“Konvertatsiyani ochishga bilim va tajriba bor¸ hozircha siyosiy iroda yetmay turibdi”

Ozodlik bilan 7 iyun kuni¸ qolaversa¸ bundan oldin ham konvertatsiya masalasida gaplashgan o‘zbekistonlik mutaxassislar¸ valyuta siyosatini liberallashtirish jarayonini boshlash uchun velosiped qayta ixtiro qilishga hojat yo‘qligini aytadilar:

- Agar ertaga prezident Shavkat Mirziyoev¸ Rustam Azimov o‘rniga tayinlangan Jamshid Qo‘chqorovni¸ Moliya vaziri Xodjaev va Markaziy bank yangi rahbari Nurmuratovni oldiga chaqirib¸ konvertatsiyani ochinglar¸ desa¸ bularning hammasi juda bilim va tajribali mutaxassislar¸ ular nima qilishni yaxshi biladi. Lekin¸ ularning birortasi Mirziyoevga kirib¸ konvertatsiyani ochaylik¸ deb qattiq turolmaydi. Chunki O‘zbekistonda bu bank-moliya muammosidan juda katta siyosiy masalaga aylangan va bu qarorni faqat prezident bera oladi¸ deydi Saparboy Jubaev.

Ozodlik bilan suhbatda Mamarizo Nurmuratov bilan bir necha yil birgan ishlagan iqtisodchilardan biri ham Markaziy bank yangi raisining Mirziyoev aniq buyruq bermaguncha¸ o‘z sohasida jiddiy islohot boshlashga jur’at qilishiga shubha bildirdi.

“Nurmuratov Narxozdagi kuchli domlalar¸ keyin Leningraddagi liberal professura qo‘lida o‘qigan yaxshi mutaxassis. Hatto uni¸ makroiqtisod bo‘yicha O‘zbekistondagi eng yaxshi mutaxassislardan deyish mumkin. Boshqalarni eshitadigan¸ mulohazali¸ og‘ir-bosiq rahbar. Lekin unda islohotchining jasorati borligiga¸ liberal siyosatni qattiq turib oldinga surishiga ishonmayman. Bu masala undan tepada¸ prezident darajasida hal bo‘ladigan narsa. Prezident qarori esa¸ juda ko‘p manfaatlar to‘qnashuvi va omillardan kelib chiqib beriladi. Hozircha¸ Markaziy bank ham¸ konvertatsiyani ochishga aloqador boshqa tizimlar ham bu taklifga o‘z munosabatini bildirib bo‘lgan. Gap Mirziyoevda¸ uning siyosiy irodasida qolgan”¸ deydi o‘tmishda Nurmuratov bilan birga ishlagan bank sohasi mutaxassisi.

XS
SM
MD
LG