Линклар

14 декабр 2017, Тошкент вақти: 18:25

Komi Senat komissiyasiga Tramp jinoyat tergovini to‘xtatishni talab qilganini aytadi


FTB sobiq direktori Jeyms Komi va prezident Donald Tramp

AQSh Federal Tergov Byurosining sobiq direktori Jeyms Komi prezident Donald Tramp o‘ziga sodiqlikni talab qilgani, milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha ilk maslahatchisi va uning rossiyalik rasmiy shaxslar bilan aloqalariga oid jinoyat tergovini to‘xtatish borasida bosim o‘tkazganini aytdi.

Komi ushbu fikrlarni Senatning Razvedka masalalari bo‘yicha qo‘mitasiga bergan va 7 iyunь kuni e’lon qilingan yozma guvohligida bildirdi.

Uning komissiya oldida ochiq guvohlik berishi 8 iyunga mo‘ljallangan.

Komining fikrlari prezident Trampning FTBning Maykl Flinn ishini tergov qilayotganiga aralashishga harakat qilgani xususidagi bir qancha shov-shuvli OAV xabarlariniqisman tasdiqlaydi.

Flinn ishga tayinlanganidan so‘ng oradan bir oy ham o‘tmay, 13 fevral kuni bo‘shatilgan edi.

Trampning advokati Komining yozma guvohligi xususida so‘z yuritib, prezidentga FTB shaxsan uni tergov qilmayotganini aytganini ma’lum qildi.

"Prezident o‘zini butunlay va mutlaqo aybsiz deb biladi", deb aytdi advokat Mark Kazovits.

Biroq AQShning yuksak lavozimli qonun chiqaruvchisi, Vakillar palatasi spikeri Pol Rayan e’tiborni Trampning Komiga bosim o‘tkazganiga qaratdi hamda prezidentning mamlakatdagi qonunni qo‘llovchi eng yuqori lavozimli davlat xizmatchisidan sodiqlik talab qilishi "o‘rinsiz" ish bo‘lgan, deb aytdi.

Komi bergan yozma guvohligida Tramp bilan ikkovi 27 yanvar kuni kechki xususiy ziyofatda birga bo‘lgani va ovqatlanish vaqtida Tramp undan, bundan buyon ham FTB direktori bo‘lib qolishni istaysizmi, deb so‘ragani aytiladi. Komi nomzodini ushbu lavozimga Trampning o‘tmishdoshi Barak Obama ko‘rsatgan edi.

Komi 10 yillik xizmat muddatida to‘liq ishlamoqchi ekanini aytgan va "siyosiy nuqtai nazardan hech kimga yon bosmagan". Tramp esa yanvar oyidagi kechki ziyofat chog‘ida Komiga, “menga sodiq odam kerak. Sodiq bo‘lishingizni kutyapman”, Komi esa bunga javoban, men faqat halol ishlashim mumkin, deb aytgan. So‘ngra Tramp unga, menga “halol sodiqlik” kerak, Komi esa, “men ana shunday sodiq bo‘lishim mumkin”, degan.

14 fevral kuni Oq Uyda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Tramp Komiga byuroning Flinnga oid ishi yuzasidan bosim o‘tkazdi.

“Flinn ketgani sababli bu ishni nima qilish kerakligini yaxshi bilasiz. U – yaxshi inson», deya Trampning so‘zlaridan iqtibos keltiradi Komi.

Komining yozma guvohligida, “Prezident bizdan Flinning dekabr oyida Rossiya elchisi bilan suhbatlari xususida soxta ma’lumot bergani bilan bog‘liq tergov ishini to‘xtatishni iltimos qilganini tushundim”, deyiladi.

Trapm Komini 9 may kuni ishdan bo‘shatgani Vashingtonda shovshuv qo‘zg‘atdi va uning prezidentligiga yanada quyuqroq ko‘lanka tashladi, ya’ni Tramning yordamchilariruslar va boshqa chet ellik rasmiy kishilar bilan aloqa qilgani xususidagi gumonu ta’nalarga sabab bo‘ldi.

FTB tergovidan tashqari, Senatning Razvedka masalalari bo‘yicha qo‘mitasi va Vakillar palatasining kamida bitta qo‘mitasi ushbu aloqalarning tabiatini o‘rganib, AQSh razvedka hamjamiyatining Rossiya 2016 yilgi saylov kampaniyasiga aralashgani va uni natijasini Tramp foydasiga og‘idrmoqchi bo‘lgani haqidagi xulosalarini ko‘rib chiqmoqda.

Komining yozma guvohligida qayd etilishicha, Tramp unga, shaxsan men federal tergovga tortilmaganini jamoatchilikka ma’lum qilasiz, deb bosim o‘tkazgan. Tramp 30 martdagi telefon orqali suhbatda undan, boshi ustidagi “bulutlarni qanday yo‘q qilish” mumkinligini so‘ragan.

“Men unga Rossiya masalasini imkon qadar tez tergov qilamiz, agar hech narsa topa olmasak, zo‘r ish bo‘lar edi, shunda ishimizni yaxshi bajargan bo‘lamiz, deb javob berdim, – deb yozadi Komi. – U gapimga qo‘shildi, ammo keyinchalik yana unga boshog‘riq bo‘layotgan muammolarga alohida urg‘u berdi”.

XS
SM
MD
LG