Линклар

"Ezgulik" inson huquqlari tashkilotiga ko‘ra, Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahridagi hususiy klinikada ko‘zini operatsiya qildirgan 23 nafar bemor ko‘r bo‘lib qolishiga bir bahya qolgan. Ushbu voqea may oyi boshida Qo‘qondagi "Urjuza Nur servis" ko‘zni davolash klinikasida ro‘y bergan.

"Ezgulik" faollari muvaffaqiyatsiz operatsiyadan aziyat ko‘rgan bemorlarning ayrimlari bilan suhbatlashgan.

Tashkilotning ismi sir qolishini istagan faolining Ozodlikka aytishicha, "Urjuza Nur servis" xususiy klinikasida ko‘z pardasini olib tashlash bo‘yicha bir kunda 23 ta operatsiya bo‘lgan va amaliyotni boshdan kechirgan bemorlarning barchasi ko‘ziga shu kuni infektsiya tushgan.

- Bir kunda bo‘lganmi desam, ha bir kunda, deyishdi. Bular hozir molni olib kirib so‘yganday operatsiya qilyapti shekilli-da. Ko‘zku bu, quloq yo burun emas, - deydi "Ezgulik" faoli.

"Ezgulik" faoliga ko‘ra, u bilan suhbat davomida bemorlar qo‘qonlik Islom Karimov ismli oftolmologning xatosi tufayli ko‘r bo‘lib qolishiga bir bahya qolganini iddao qilishgan.

Islom Karimov aybdormi?

Qo‘qonlik shifokor-oftolmolog Islom Karimov Ozodlik bilan suhbatda "Urjuza Nur servis" xususiy klinikasidagi bemorlarning ko‘ziga infektsiya tushishi bilan bog‘liq jarrohlik amaliyotiga mutlaqo aloqasi yo‘qligini aytdi.

- Bunga meni hech qanaqa aloqam yo‘q. Bu "Urjuza Nur Servis" klinikasida bo‘lgan. Men u yerda ishlamaymanku. Urjuza bilan umuman aloqamiz yo‘q, - dedi Islom Karimov.

"Urjuza Nur servis" klinikasi shifokorlaridan biri esa, bir oy avval jarrohlik amaliyoti paytida 23 nafar bemor ko‘zi to‘r pardasiga infektsiya tushganini tasdiqladi.

- Ko‘z pardasini bir qismini jarrohlik yo‘li bilan olib tashlash amaliyoti payti infektsiya tushish holati bo‘ladi. Hozir ularni hammasi tuzalib ketdi, - dedi "Urjuza Nur servis" shifokori.

Lekin, "Ezgulik" faolining iddao qilishicha, jarrohlik amaliyoti ortidan "ko‘zi ko‘rmay qolgan" bemorlar Toshkentdagi etakchi oftolmologlar yordamida qaytda davolanganlar.

- Bir operatsiya 2-3 million so‘m turadi. Qo‘qondagi klinika qilg‘ilikni qilib, bularga tovon ham bermagan. Bemorlar Toshkentga borib davolatishdi. Hozir ko‘zlari ko‘ryapti, lekin baribir asoratlari qolgan, - deydi "Ezgulik" faoli.

O‘zbekiston kasalxonalarida bemorlarning infeksiya yuqtirishi ko‘p uchraydigan holat.

O‘tgan oy toshkentlik ona Ozodlik bilan suhbatda tug‘ruqxona vrachlarining mas’uliyatsizligi oqibatida farzandi infeksiyadan nobud bo‘lganini aytgandi.

Namangandagi shifoxonada 2008 yilda 40 dan oshiq go‘dakka OITV yuqtirilgani shov-shuv bo‘lgandi.

O‘shanda kasallik go‘daklarga shpritslardan noto‘g‘ri foydalanilgani tufayli yuqqani aytilgandi.

XS
SM
MD
LG