Линклар

“Turkiyadan O‘zbekistonga qaytsam, meni qamab qo‘yishmaydimi?”


Jizzaxlik Alimardon Istanbuldagi restoranlardan birida baliq pishiradi. Suratni jo‘natarkan, Alimardon yuzini ko‘rsatmaslikni so‘radi.

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning mamlakat ichkarisi va xorijdagi vatandoshlari savollariga javob beradigan kun yaqinlashgan sayin, vazirga beriladigan savollar Ozodlikka ham kelmoqda.

Qariyb 5 yildan buyon Istanbulda ishlayotgan jizzaxlik, sarlavhaga chiqarganimiz savoliga, 5 iyulda o‘tkaziladigan muloqot chog‘ida tashqi ishlar vaziridan javob olishga umid qilmoqda.

Jizzaxlik Alimardon (ism o‘zgartirilgan) Istanbulga kelganiga 4,5 yil yil bo‘ldi. Shu vaqt ichida O‘zbekistonga bormadi.

“Ana boraman, mana boraman, dedim. Vaqt o‘taverdi. Ishni ko‘zim qiymadi, ketib-qaytsam ishimni yo‘qotib qo‘yaman, deb qo‘rqdim”, dedi Alimardon.

Istanbulda oshpazlik qilayotgan jizzaxlik melisa

O‘zining aytishicha, qariyb 20 yil huquq-tartibot organlarida ishlab, pensiyaga chiqqan qahramonimiz Istanbulga kelgach, yaxshigina oshpazga aylangan.

“Istanbulning Qumqopi degan joyida baliq restoranlari bor. O‘shalardan birida ishlayman”, deydi Alimardon.

Alimardon ish joyida
Alimardon ish joyida

Qahramonimiz haftasiga 100 dollar ish haqi oladi. Bir oyda topadigan 400 dollarining 4 dan 3 qismini Jizzaxga, oilasiga jo‘natadi. Qolgan qismini ijaraga olgan xonasi uchun to‘laydi. Yeyish-ichishi restoran hisobidan.

“45 yoshimda kelganman, charchadim, endi ketmoqchiman. Yilning oxirigacha ishlab, keyin ketsammi, deb turibman”, deydi suhbatdoshimiz.

Alimardon hamkasbi bilan ish joyida
Alimardon hamkasbi bilan ish joyida

Alimardon ketmoqchiyu, lekin O‘zbekistonga borishi bilanoq ustidan jinoyat ishi ochib qo‘yishlaridan qo‘rmoqda.

Bu vahima qaerdan paydo bo‘lganini o‘zi ham tushunmaydi, qo‘rqishga hech qanday asosi yo‘q, lekin baribir qo‘rqaveradi.

“O‘zim organda 20 yilcha ishlab pensiyaga chiqqanman. Xudoga shukur, o‘zimga to‘g‘riman. Terrorizm-merrorizmlardan uzoqdaman. Men bola-chaqamni xarom bilan boqmaganman. Lekin O‘zbekistondan tashqarida 3 yildan ko‘p yurganlarni O‘zbekistondan deport qilib yuboradi, deb eshitdim. Shuni so‘ramoqchiydim”, dedi Alimardon.

U o‘z savoliga javobni tashqi ishlar vaziridan 5 iyul kuni o‘tkaziladigan muloqot chog‘ida eshitishga umid qilmoqda.

Konsullik mulozimi nima dedi?

Ozodlik 5 iyulni kutib o‘tirmadi va Alimardonning savolini 13 iyun kuni O‘zbekistonning Istanbuldagi konsulxonasi telefonini ko‘targan mulozimga berdi.

Alimardonning nomidan berilgan savolimizni eshitgach, mulozim “O‘sha odam pasportini, boshqa hujjatlarini ko‘tarib, konsulxonaga kelsin”, deb, aloqani uzib qo‘ydi.

Konstitutsiya nima deydi?

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 28-moddasida "O‘zbekiston Respublikasi Fuqarosi Respublika hududida bir joydan ikkinchi joyga ko‘chish, O‘zbekiston Respublikasiga kelish va undan chiqib ketish huquqiga ega” ekanligi belgilab qo‘yilgan.

To‘g‘ri, 28- moddada mana bu gap ham bor: “Qonunda belgilangan cheklashlar bundan mustasnodir”.

Alimardonni qiynayotgan holat xuddi shu qo‘shimcha bilan oqlanadigan, Sovet davri merosi sifatida faqat O‘zbekistonda qolgan “chiqish vizasi” atalmish, hujjat bilan bog‘liq.

Ma’lumki, O‘zbekistondan tashqariga chiqishga ruxsat 2 yilga beriladi. Alimardonning Turkiyaga ketganiga esa, 5 yil bo‘layapti. Bas, shunday ekan, O‘zbekistonga qaytgach, Alimardonni shu masalada jazolashlari mumkinmi?

Yo‘q. Ozodlik bu masalani o‘z vaqtida o‘rgangan va O‘zbekiston fuqarosi xorijdaligi paytida chiqish vizasining muddati o‘tib ketgan taqdirda qonunda hech qanday jazo ko‘zda tutilmaganini aniqlagan.

“Chiqish viza olib biror davlatga borgan fuqaro faqat o‘sha davlatning o‘zida yursa va bu paytda uning chiqish vizasining muddati o‘tib ketsa, bu yerda hech qanday jinoyat yo‘q. Deylik, fuqaro chiqish viza olgach Kiprga sayohat qildi. O‘sha yerda yurgan payti chiqish vizasining muddati o‘tib ketdi. Bunday holatda fuqaro O‘zbekistonga bemalol qaytish huquqiga ega. U O‘zbekistonga kirayotgan payti uning chiqish vizasining muddati o‘tgani uchun hech qanday muammo bo‘lmaydi. Bu normal holat. Qonunda bunga qarshi hech qanday jazo ko‘zda tutilmagan”, degan edi Xorijga chiqish-kirish va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi mulozimi.

Ayni paytda, chiqish vizasi bo‘lmagan holda yoki muddati o‘tgan stiker bilan xorijga sayohat qilganlik uchun ma’muriy javobgarlik jinoiy jazoga o‘zgartirilganini ham yodda saqlash lozim. Masalan, stikersiz Rossiyadan Turkiyaga sayohat qilgan o‘zbekistonlik vatanga qaytgach, 3 yildan 5 yilgacha qamalashi mumkin.

"Hujjatlari joyida bo‘lsa, qo‘rqmasin"

Turkiyada yashayotgan o‘zbekistonlik siyosiy muhojir, O‘zbekiston radiosining sobiq xodimi, jurnalist Narzullo Oxunjonov Ozodlik bilan suhbatda, O‘zbekistonda birovning Turkiyada yurgani uchun ta’qib qilinayotgani to‘g‘risida eshitmaganini aytdi.

“Lekin, bu mening vaziyatdan yaxshi xabardorligim emas, balki umuman xabarsizligimdan, - der ekan, jurnalist, - agar hujjatlari joyida bo‘lsa, qo‘rqmay qaytavergani ma’qul, - dedi Alimardonni nazarda tutib.

Vahima qilishga asos borday...

Turkiyadan O‘zbekistonga uchib borganlar oshig‘ich sinchkovlik bilan tekshirilayotganiga oid xabarlar paydo bo‘la boshlaganiga 1,5 -2 bo‘lib qoldi. Undan buyon Turkiyada sodir etilgan ba’zi terror xurujlarida o‘zbeklarning qo‘li borligi ham bu mamlakatda ishlab yurgan o‘zbekistonliklarning umumiy kayfiyatiga ta’sir qildi.

Turkiyada yashayotgan taniqli xonanda Abdulaziz Karimning O‘zbekistonga qaytgan otasi bilan bog‘liq kuni kecha ro‘y bergan voqea ham Turkiyada yashab turgan o‘zbekistonliklar kayfiyatiga ta’sir qilmay qolmaydi.

Turkiyada qancha o‘zbek bor?

Shu kunda Turkiyadagi markaziy osiyoliklar, xususan o‘zbekistonliklarning mutlaq ko‘pchiligi mehnat muhojirlaridir. Lekin ularning nufusiga doir rasmiy raqamlar yo‘q.

Turkiyadagi Xalqaro turkistonliklar hamkorlik tashkiloti raisi muovini Namoz Normo‘min joriy yil martida Ozodlikka bergan suhbatida Turkiyada 100 ming nafarga yaqin o‘zbekistonlik bo‘lishi mumkin, degan taxminni ilgari surgan edi.

Vazirga savolingiz bo‘lsa

Abdulaziz Komilov O‘zbekistondagi va xorijdagi vatandoshlar savollariga 5 iyul kuni Toshkent vaqti bilan soat 14.00 dan 16.00 ga qadar javob beradi. Videokonferensiya shaklida bo‘lib o‘tadigan tadbirda O‘zbekistonning xorijdagi elchixonalari va bosh konsulxonalari rahbarlari ishtirok etadi.​

Tashqi ishlar vazirligiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilish imkoniga ega bo‘lmagan O‘zbekiston fuqarolari matn, audio va video ko‘rinishdagi o‘z savollarini Vazirning virtual qabulxonasiga, muloqot@tiv.uz rasmiy elektron manziliga, shuningdek, TIVning “Feysbuk”dagi rasmiy sahifasi va “Telegram”dagi kanalga oldindan jo‘natishlari mumkin.

Tashqi ishlar vaziriga savolingizni Ozodlik radiosiga ham jo‘natishingiz mumkin. Bizni Feysbuk va Odnoklassnikida Ozodlik Radiosi, shuningdek, Telegramda Ozodlikkanali, deb izlang.

XS
SM
MD
LG