Линклар

Шошилинч хабар
11 май 2024, Тошкент вақти: 05:56

Andijonda “qora ro‘yxat”dagi dindorlarni “oqlash” tadbiri boshlandi


Samarqand viloyati Chelak tumanida joylashgan Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi
Samarqand viloyati Chelak tumanida joylashgan Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi

Andijon viloyatida huquq-tartibot, sog‘liqni saqlash, bank kabi tashkilotlar vakillari va imomlardan tuzilgan o‘n kishilik maxsus guruh “qora ro‘yxat”da turgan dindorlarning uylariga borib, ular bilan suhbat o‘tkazishni boshladi. Ana shu guruh tarkibida bo‘lgan mulozimlardan birining Ozodlikka aytishicha, prezidentning topshirig‘iga ko‘ra, guruh “qora ro‘yxat”gi odamlarni to‘laqonli hayotga qaytarishga, o‘gaylashtirmaslikka, kerak bo‘lsa bank kreditlari olib berishga va’da bermoqda.

Andijon viloyatida “jihodchi”, “vahhobiy”, “akromiy”, “hizbchi” bo‘lib qora ro‘yxatga kirib qolgan oilalarni “oqlash” harakati boshlandi.

Tuman hokimi o‘rinbosari, hokimning xotin-qizlar masalalari bilan shug‘ullanuvchi o‘rinbosari, imom, militsiya, bank, aholi bandligi bo‘limi, sog‘liqni saqlash, “Kamolot”, “Nuroniy” jamg‘armalari mulozimlari va bir psixologdan iborat o‘n kishilik maxsus guruh tarkibiga kirgan, lekin ismi sir qolishini so‘ragan mulozimlardan birining Ozodlikka aytishicha, har kuni 10-15 xonadonga “oqlash” maqsadida tashrif buyurilyapti:

“Biz bu xonadonlarga borib, “biz prezidentning vakilimiz. Bir vaqtlar siz shu ishlarga bilib-bilmaymi aralashib, sizga qora tamg‘a bosilib qolgan ekan. Yurtboshimiz bizni shunga yubordi, borib bilinglar, ularni begona qilmanglar, jamiyatga qo‘shinglar”, deb aytyapmiz. Ular bundan juda xursand bo‘lib ketyapti”, deydi mulozim.

Uning aytishicha, bunday oilalarda bemorlar bo‘lsa, sog‘liqni saqlash vakiliga uni davolatish, agar tadbirkorlik qilish niyatida bo‘lsa bank xodimiga kredit berish vazifasi yuklatilyapti:

“Biz bilan birga yurgan imom ulardan biriga, nega masjidga chiqmayapsiz, namozingizni o‘qiyvering, sizni hech kim ta’qib qilmaydi”, desa, u “biz qo‘rqqanimizdan namoz ham o‘qimay qo‘ygandik”, deb yig‘layapti. Ba’zi yigitlar telefonidan o‘zlari ham yaxshi tanimaydigan qandaydir ma’ruzalarni eshitgani uchun “qora ro‘yxat”ga tushgan ekan. Ular ham oqlanyapti”, deydi mulozim.

Ana shu maxsus guruh tarkibida bo‘lgan andijonlik imomlardan birining aytishicha, o‘n besh yillar avval ana shunday “qora ro‘yxat”da turgan odamlar bilan aloqani uzish, masjidlarga qo‘ymaslik, ular bilan quda bo‘lmaslik, umuman jamiyatdan ihotalab qo‘yish haqida O‘zbekiston musulmonlar idorasining fatvosi chiqqan edi:

“O‘sha fatvoni o‘zimiz qo‘llaganmiz. Bu odamlarni xuddi xalq dushmani kabi jamiyatdan chetlab qo‘ygan edik. Endi buni odamlarga qanday aytamiz, deb xijolat ham bo‘ldik. Lekin, aytyapmiz, u paytlar havo boshqa edi, endi bulutlar tarqab ketdi, podshoh amri vojib, deyapmiz. Bizning gapimizdan so‘ng ko‘pchilik xonadonlardagi odamlar, ayniqsa ayollar xursandligidan yig‘lab yuboryapti. Chunki, hamma bu odamlarga qo‘lini bigiz qilib ko‘rsatardi, o‘g‘il bolalar harbiyga olinmasdi, ishga olishmasdi”, dedi imom.

Uning aytishicha, ayni paytda “qora ro‘yxat”dagilar uch kategoriyaga ajratilgan:

“Bular tavba qilganlar, ikkilanayotganlar va ashaddiylar. Agar tavba qilmay o‘sha radikal aqidasida qattiq tursa bularni O‘zbekiston fuqaroligidan chiqarib yuborish nazarda tutilgan. Bundaylarning hammasi qamoqxonada.Tavba qilganlar va ikkilanayotganlarga esa imkoniyat berilyapti. Shu uchrashuvlarda bittasi gaz ballonim yo‘q, desa, o‘sha joyni o‘zida topshiriq berilyapti, yetkazib ber deb. Bittasi soliqdan buncha qarzim bor, desa, bo‘pti uni men hal qilaman deb va’da beryapti. Xullas, “qora ro‘yxat”dagilarga har tomonlama yordam berilyapti”, dedi andijonlik imomlardan biri.

Andijon viloyati hokimligining o‘zini tanishtirmagan mulozimi “qora ro‘yxat”da turgan dindorlarni reabilitatsiya qilish uchun barcha tumanlarda o‘n kishilik maxsus guruhlar tuzilganini tasdiqladi:

“Eshitgan bo‘lsangiz prezidentimiz “Adashgan insonni do‘st qilishimiz kerak, uni ma’rifatga chaqirishimiz kerak”, dedilar. Prezidentimizning aytganlaridan kelib chiqib, adashganlarni faol hayotga qaytarish uchun tadbirlar ishlab chiqqanmiz. Maxsus guruhlar ular bilan yaqindan suhbatlashib, muammolarini hal qilishga yordam beryapti", dedi mulozim.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev Andijon viloyati hokimligida o‘tkazgan yig‘ilishida radikal diniy guruhlarga va oqimlarga qo‘shilib qolgan shaxslarni O‘zbekiston vatandoshligidan chiqarishni taklif qilgan va turli diniy oqimlarga qo‘shilib qolib “yo‘ldan adashgan”, ammo “ashaddiy” bo‘lmagan odamlarni bu yo‘ldan qaytarish uchun jamoatchilik harakat qilishi shartligini ham ta’kidlagan edi:

-Bizdayam xato bor. Ijro organlaridayam xato bor. Ikkinchidan, men oxirgi marta Shayxontohur tumanidagi gapimni eshitgan bo‘lsanglar, bitta adashganning beshta qarindoshi bor. Biz o‘sha beshta qarindoshiniyam ashaddiy dushman qilib qo‘yganmiz: to‘yga chaqirmaymiz, marosimga chaqirmaymiz. U falonchining akasi, o‘g‘li deb aytamiz. «Chaqirma uni», deydi. Ularda nima ayb? Ularda nima ayb?! – degan edi prezident.

15 iyun kuni prezident Mirziyoev mamlakat imomlari va diniy xizmatchilar ishtirokida, videoselektor majlisi o‘tkazgan edi. Majlis ishtirokchilaridan biriga ko‘ra, mamlakat bo‘ylab 10 mingdan ziyod kishi qatnashgan yig‘indagi asosiy gap "qora ro‘yxat" atalmish ro‘yxatga tushgan dindorlarni qayta tekshirish, qamoqdagi dindorlarning oilasi bilan ishlash haqida bo‘lgan.

XS
SM
MD
LG