Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 23:08

Rossiyadagi o‘zbeklarning eng yirik tashkiloti faoliyatiga vaqtinchalik taqiq qo‘yildi


Rossiyadagi O‘zbeklar, o‘zbekistonliklar butunrossiya Kongressi (VKUU)
Rossiyadagi O‘zbeklar, o‘zbekistonliklar butunrossiya Kongressi (VKUU)

Rossiya Adliya vazirligi O‘zbeklar, o‘zbekistonliklar Butunrossiya kongressi (VKUU) faoliyatini vaqtinchalik to‘xtatdi. Adliya vazirligi VKUUga 2017 yilning 24 noyabrigachaga tegishli “hujjatlardagi kamchiliklarni bartaraf” etish topshirig‘ini berdi.

Rossiya Adliya vaziri may oyi oxirlarida imzolagan 693-sonli qaror bilan Rossiyada faoliyat yuritib kelayotgan O‘zbeklar, o‘zbekistonliklar butunrossiya Kongressi (Vserossiyskiy Kongress uzbekov, uzbekistantsev (VKUU)) ishini vaqtinchalik to‘xtatib qo‘ydi.

Adliya vazirligi tashkilot faoliyati 2017 yilning 24 noyabrigacha vaqtincha to‘xtatilganini bildirdi.

Tashkilotga yig‘ilish, miting, namoyish, yurish, piket qilish va boshqa ommaviy aksiyalar va tadbirlar uyushtirish, saylovlarda ishtirok etish, xo‘jalik hisob-kitoblari va maosh berish, soliq, to‘lov va jarimalar to‘lashlardan tashqari bank omonatlaridan foydalanish taqiqlanadi”, deyiladi Farg‘ona.ru saytida e’lon qilingan hujjatda.

Rossiya Adliya vazirligi O‘zbeklar, o‘zbekistonliklar Butunrossiya kongressi faoliyatinining 6 oy muhlatga to‘xtatilishi “Jamoatchilik tashkilotlari to‘g‘risida”gi mamlakat federal qonunining 42- moddasi asosida amalga oshirilganini ham bildirdi.

Ozodlik bilan suhbatda Kongress raisi Ibrohim Xudoyberdiev VKUU faoliyatining to‘xtatilishini “oddiy rasmiyatchilik”, deb atadi.

- Rossiya Adliya vazirligi bizning barcha mintaqaviy tashkilotlarimizga tegishli bo‘lgan tashkilotlardan hujjatlarni taqdim etishni talab qildi. Bu degani Rossiyaning 13 mintaqasidagi vakolatxonalarimiz va yana 50 ka yaqin o‘zbek madaniy markazlari bilan tuzilgan hamkorlik hujjatlari deganiku! Men vazirlikdagilarga “Axir, 2 yuk tashuvchi “Gazel”ga yuk bo‘ladigan hujjatni qabul qilib olaverasizlarmi?”, deb bergan savolimni ular avvaliga hazil deb tushundi. Bu esa chin gap! Buncha hujjatni mintaqalardan yig‘ib, keltirishning o‘zi bo‘ladimi. Shunga qaramasdan, hozir birin-ketin hujjatlarni keltirishni boshladik, dedi tashkilot raisi.

Kongress rahbari Ibrohim Xudoyberdiev tuzilma faoliyati batamom taqiqlangani to‘g‘risidagi gap-so‘zlar haqiqatdan yiroq ekani va tashkilot ishi talab qilingan hujjatlar Rossiya Adliya vazirligiga taqdim etilguniga qadar muayyan fursatga to‘xtatilganini alohida ta’kidlab o‘tdi.

- Biz hech qanday qonunbuzarlik qilganimiz yo‘q. Bu, shunchaki, Rossiyada davlat idoralari tomonidan avj oldirilgan qog‘ozbozlik va tekshir-tekshir natijasidir. Bu kabi tekshirishlar oldin ham bo‘lgan, ammo bu safar bizdan talab qilingan hujjatlarni jamlashga ko‘p vaqt ketadi, xolos, - dedi o‘zbeklar kongressi belgilangan muddatdan keyin o‘z ishini yana davom etishiga ishonch bildirgan Ibrohim Xudoyberdiev.

Tashkilot rasmiy saytida keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbeklar, o‘zbekistonliklar Butunrossiya kongressi tashkiliy qo‘mitasi 2011 yilning 1 mayida Moskvada ish boshlagan va tez orada Rossiyada eng yirik o‘zbeklar jamoalari birlashmasiga aylangan.

VKUU tashkiloti Rossiyaning 13 mintaqasida o‘zining vakolatxonasiga ega ekani, 50 ziyod o‘zbek milliy jamoalari bilan hamkorlik qilishini ta’kidlab keladi.

U o‘zining asosiy maqsadi sifatida Rossiyada mehnat qilayotgan va yashayotgan hamyurtlarga yordam berish va ularni himoya qilishini aytib keladi.

Hozirga kelib O‘zbeklar, o‘zbekistonliklar Butunrossiya kongressi Rossiyaning eng yirik o‘zbekistonliklar birlashmasi sanaladi.

Ozodlik Rossiyada faoliyat yuritayotgan ayrim diaspora rahbarlari o‘rtasida janjal va tortishuvlar bo‘lib turishi, yana boshqalari o‘z esa hamyurtlarini ochiqchasiga talashi va zo‘ravonlik qilishi borasida xabar bergandi.

Mehnat muhojirlari soni jihatidan o‘zbekistonliklar Rossiyadagi migrantlar orasida ko‘pchilikni tashkil etadi va turli manbalarda 2,5 milliondan 5 millionga qadar ko‘rsatiladi.

Bugunga kelib Rossiyaning 85 mintaqasida 190 ziyod millat va elat vakillari yashab keladi.

Bu hududlarning deyarli barchasida - markaziy mintaqalarda hatto bir nechtadan, - o‘zbeklar milliy-madaniy birlashmalari mavjud.

Oxirgi yillarda kuzatuvchilar milliy nodavlat uyushmalari davlat idoralari qattiq nazoratiga olinayotgani borasida Ozodlik oldin ham xabar bergan.

Xususan, 2013 yilning noyabrida Sankt-Peterburgda o‘zbekistonliklarning “Umid” jamiyati faoliyati Rossiya Adliya vazirligi talabi bilan to‘liq to‘xtatilgan edi.

Milliy-madaniy tashkilotlarning aniq soniga oid rasmiy ma’lumotlar mavjud bo‘lmasada, O‘zbekistondan kelib ishlayotgan muhojirlar va Rossiyada muqim yashayotganlar soni jihatidan o‘zbek diasporalari eng yiriklardan biri bo‘lib qolmoqda.

XS
SM
MD
LG