Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 10:13

Jizzaxda yana bir ayol tug‘uruqdan o‘ldi. Uch yetim oldida kim javob beradi?


Ozodlik Jizzax viloyatida tug‘uruqdan keyin nazoratsiz qolgan ayol o‘limi uchun na bir tashkilot va na bir shaxs javobgarlikka tortilmaganini aniqladi. 31 yashar Gulchehra Xolmurodova ​21 maydan 22 mayga o‘tar kechasi Jizzax shahridagi Perinatal markazda ko‘zi yorigan. Ikki kun o‘tib o‘tib uyiga - Zarbdor tumanidagi qishlog‘iga jo‘natilgan. Uch farzandning onasi 8 iyun kuni bachadonda boshlangan kuchli infeksiya oqibatida hayotdan ko‘z yumgan. Yanvar oyi boshida prokuratura xodimlari bilan uchrashgan prezident Shavkat Mirziyoev O‘zbekistonda onalik va bolalikni muhofaza qilish, aholi reproduktiv salomatligini mustahkamlash borasida yetarli nazorat o‘rnatilmaganini qayd etgan edi.​

O‘limga eltgan tug‘uruq

21 may kuni kechqurun to‘lg‘og‘i tutgan Gulchehra Xolmurodova Jizzax viloyatidagi eng yangi tibbiy jihozlar bilan ta’minlangan Perinatal markaziga olib kelingan.

Yarim soat-o‘tib o‘tmay 4900 gramlik o‘g‘il chaqaloq tuqqan Gulchehraning ahvoli ham¸ tug‘ruqdan keyingi tibbiy xulosaga ko‘ra¸ sog‘lom bo‘lgan.

Kami besh kun¸ yo‘qsa¸ bir hafta tug‘uruqxonada vrachlar nazoratida qolishi kutilgan Xudoyqulovaga 24 may kuni¸ ikki sutka o‘tib-o‘tmay uyiga javob berilgan.

Ammo tug‘uruqdan keyingi tibbiy nazorat va muolajalardan mahrum etilgan yosh ayol bir necha kundan so‘ng kuchli isitma bilan kasalxonaga qaytishga majbur bo‘lgan.

Bachadonida kuchli yallig‘lanish boshlangan Gulchehra bir necha muvaffaqiyatsiz jarrohlik aralashuvidan so‘ng¸ 8 iyun kuni kasalxonada jon bergan.

O‘lim sababi haqida berilgan tibbiy xulosa mazmunidan¸ Gulchehra Xudoyqulovaning operatsiyadan so‘ng boshlangan tomirlarda qon tiqilishi oqibatida o‘pkaga havo yetmaslikdan jon bergani anglashiladi.

Ammo yaqinlari Gulchehraning o‘limi uchun uni qonunda ko‘rsatilgan tibbiy yordamsiz qoldirgan sog‘liqni saqlash tizimi¸ birinchi galda esa¸ ikki kundan so‘ng uyiga jo‘natib yuborgan Perinatal markaz vrachlarini ayblamoqda.

- 21 dan 22 mayga o‘tar kechasi soat 2 da farzandlik bo‘layapti-da¸ 24-kuni ertalab eri xabar olishga borsa¸bolang ham¸ o‘zing ham sog‘lom¸ deb javob berib yuborayapti. Uch kundan keyin uyida mazasi bo‘lmay¸ isitma chiqib¸ Zarbdor tumanidagi ginekologiyaga borsa¸ matkangda qon qotib qolgan¸ qaerda tuqqan bo‘lsang¸ shu joyga bor deyapti¸ singlim yana Jizzaxga qaytib kelayapti. Tug‘ruqxona buni genikologiyaga yotqazayapti¸ analiz qilsa¸ ichida qon qotib qolgan¸ olib tozalayapti. Tuqqandan keyin tozalamagan ular¸ infeksiya shundan boshlangan¸ - deydi Gulchehraning akasi Suyunbek Begimqulov.

"Bizdan ketganda soppa-sog‘ edi..."

Jizzax shahridagi Perinatal markazi rahbari izohiga ko‘ra¸ Gulchehra Xudoyqulova Zarbdor tumani tug‘ruqxonasida tug‘ishi lozim holda¸ to‘lg‘oq boshlanishi bilan o‘zicha shahar markaziga kelgan.

"Markazimizda 165 ta o‘ringa 220 dan oshiq ayol bo‘lishi¸ jiddiy peregruz bilan ishlayotganimizga qaramay¸ biz bu ayolni orqaga qaytarmadik. Yo‘lda tug‘ib qiynalmasin deb¸ uni oldik va yarim soatdan keyin soppa-sog‘lom bola tug‘di. Ona va bola sog‘lom bo‘lsa¸ ularga ikki kunda javob berishga haqqimiz bor. Shunga Xudoyqulovani uyiga jo‘natdik. Rayonlardagi tug‘ruqxonalar 50 foizga ishlatgan bir paytda¸ biz 200 foiz ishlayapmiz. Vrachlar¸ koyka yetishmaydi. Shahar tug‘ruqxonasi¸ bir-ikkita rayondagi tug‘ruqxona remontga yopilganidan bizda shunaqa peregruz¸" dedi Jizzax Perinatal markazi mutasaddisi.

Bu mutasaddining ta’kidlashicha¸ Xudoyqulova 1 iyun kuni markazga qaytib kelishi bilan¸ unga barcha zaruriy muolajalar qilingan¸ infeksiyani to‘xtatish uchun antibiotik berilgan¸ bachadon tozalangan¸ biroq natija bermagan.

Bunday vaziyatda bachadon infeksiya o‘chog‘iga aylangani uchun vrachlar 8 iyun kuni Xudoyqulovaning bachadonini butunlay olib tashlashga qaror qildi va operatsiya normal o‘tdi. Uni sun’iy nafas olishga qo‘yishdi¸ lekin bir necha soatdan keyin o‘pka arteriyasi tromboemboliyasi sababidan vafot etdi. Bunaqa paytda yurak urishi va nafas olish birdaniga to‘xtaydi va o‘lim bexosdan bo‘ladi. Deyarli hech narsa qilib bo‘lmaydi”¸ dedi Jizzax Perinatal markazi mutasaddisi.

Sog‘liqni saqlash boshqarmasi: Hamma mas’ul¸ lekin hech kim aybdor emas!

Tibbiy hujjatlarda soppa-sog‘ tug‘di¸ deb qayd etilgan Gulchehra Xudoyqulova ahvolining murakkab jarrohlikni talab qiluvchi og‘ir holga tushishi uchun mas’ul kim¸ degan savolga Jizzax viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasining Ozodlik suhbatlashgan mutasaddisi ayol o‘limi uchun aybdor sifatida biror shaxsni tilga ola olmasligini bildirdi.

Bu ayolning hayotini saqlab qolish uchun hamma qo‘lidan kelganini qildi. Lekin ayni paytda¸ o‘lim uchun homiladorlikni olgan Zarbdor tuman ko‘p tarmoqlik markaziy poliklinikasidan tortib¸ hamma mas’ul. Biz o‘z ichimizda bu voqeani konfedensial tartibda muhokama qildik. Hozir Toshkentdagi ekspertlar o‘rganayapti¸ javobini bizga jo‘natishadi. Bitta o‘lim ham juda ko‘p va juda fojiali. Uchta bolaning onasiz qolgani uchun hammamiz ichimizdan ezilib o‘tiribmiz. Lekin beayb parvardigor. O‘lim uchun mana shu odam aybdor¸ deya olmayman”¸ - dedi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi rasmiysi.

Ayni paytda bu suhbatdosh¸ bunday fojialar takrorlanmasligi uchun umuman ayollar¸ xususan, homilador ayollar ham to‘g‘ri xulosa chiqarishi lozim¸ degan bayonotni qildi.

Har bir ona yoki bolaning o‘limi katta fojia. Uchta bola yetim qoldi. Biz ham yig‘ladik bu voqeadan. Lekin odamlarimiz ham vaziyatni to‘g‘ri tushunishi kerak. Jizzaxdagi Perinatal markazga 28-32 haftalik homiladorlik paytida tibbiy nazoratga muhtoj ayollar yotqizilishi kerak. Bu markazda homiladorlikning so‘nggi haftalari va tug‘ruq paytida yuzaga chiqadigan murakkablik uchun zarur barcha tibbiy uskuna bor. Lekin ayniqsa¸ Zomin va Zarbdordagi homiladorlar normal tug‘ruq uchun o‘zicha kelayapti. Ularni qaytarishga qo‘rqib¸ olishayapti¸ deydi Shunga peregruz. Keyin¸ ayollarimiz shuncha tushuntirishlarga qaramay¸ o‘z salomatliklari sog‘lom homiladorlikka yo‘l beradimi yo‘qmi¸ bunisi bilan ishi yo‘q¸ 3-4-bolani organizm tug‘ruqdan keyin tiklanib olishi uchun lozim uch yilni kutmay¸ tug‘ishga shoshishadi. Nechta bola ko‘rish ularning ishi¸ lekin bundan mas’uliyatli qarorni berishdan oldin¸ o‘z salomatlikalrini tiklab olishsa¸ vrach maslahatiga quloq solishsa¸ bunaqa fojialar bo‘lmaydi”¸ deydi Jizzax viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi mutasaddisi.

Prokuratura jar solgani yo‘q!

Marhumaning turmush o‘rtog‘i Aliqul Xolmurodov ham uning akasi Suyunbek Begimqulov ham Gulchehrani tuproqqa berganidan beri hozirgacha har xil ma’rakalar bilan o‘ralashib qolganlari bois biror rasmiy idora¸ xususan prokuraturaga shikoyatchi bo‘lmaganini aytadi.

7 yanvar kuni O‘zbekiston prokuratura tizimi xodimlari bilan uchrashuvda prezident Shavkat Mirziyoev bu tizimga onalar va bolalar o‘limi sabablarini o‘rganib¸ bu haqda jamoatchilikka jar solish mas’uliyatini alohida eslatgan edi.

-Onalik va bolalikni muhofaza qilish aholi reproduktiv salomatligini mustahkamlash borasida ham yetarli nazorat o‘rnatilmagan. Oqibatda onalar o‘limi Surxondaryo, Farg‘ona, Xorazm viloyatlarida, go‘daklar o‘limi esa Toshkent va Sirdaryo viloyatlarida ko‘paygani kuzatilmoqda. Nima uchun bir go‘dakning o‘limidan keyin o‘sha viloyat prokurori jar solmaydi? Nimaga buning tagiga yetib borilmaydi? Kimning aybi bilan hayotdan ko‘z yumdi bular? Nima uchun shifokor o‘z vaqtida qaramagan? Shuning uchun hammasini yaxshilab o‘ylab yozinglar, hammasi uchun javob beradigan vaqt keldi¸ - degan edi prokuratura xodimlariga prezident Mirziëev.

19 iyun kuni Jizzax viloyat yoki shahar prokuraturasining Gulchehra Xudoyqulova o‘limi yuzasidan hozirgacha tergov boshlagan-boshlamaganini aniqlashning imkoni bo‘lmadi.

Ammo, yaqinlariga ko‘ra¸ Xudoyqulova o‘limini o‘rganish¸ xususan¸ bu o‘lim yuzasidan jar solish¸ hozircha Jizzax viloyat prokuraturasi uchun ahamiyatli hodisalar sirasiga kiritilmagan.

XS
SM
MD
LG