Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 17:30

O‘g‘li qiynab o‘ldirilganini iddao qilgan ona prezident qabuliga borayotganda hibsga olindi


Karomat Qodirova
Karomat Qodirova

Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumani ichki ishlar bo‘limida 33 yashar o‘g‘li qiynab o‘ldirilgani va asosiy aybdorlar jazodan qutulib qolayotganidan shikoyat qilgan surxondaryolik ona Karomat Qodirova 19 iyun kuni prezident devonidagi kelishilgan uchrashuvga borayotgan paytda, Darband postida to‘xtatib qolindi. Orqadan yetib kelgan militsiya xodimlari Karomat Qodirovani tumanga qaytarib olib borgan va u yarim kechasi sud qilinib, to‘rt sutkalik qamoq jazosiga hukm qilingan.

"Opa, moshindan tushing, Jarqo‘rg‘onga qaytamiz"

Joriy yilning 20 yanvar kuni tuman ichki ishlar bo‘limida 33 yashar o‘g‘li Murodilla Omonovning qiynab o‘ldirilganini iddao qilib kelayotgan jarqo‘rg‘onlik tadbirkor Karomat Qodirova 19 iyun kuni prezident xalq qabulxonasida belgilangan uchrashuvga borish uchun yo‘lga chiqqanida Surxondaryo viloyatidan chiqishdagi Darband postida to‘xtatib qolingan.

Bu haqda o‘zbekistonlik mustaqil jurnalist Malohat Eshonqulova o‘zining Feysbukdagi sahifasida yozdi.

Karomat Qodirovaning marhum o‘g‘li Murodilla Omonov
Karomat Qodirovaning marhum o‘g‘li Murodilla Omonov

Karomat Qodirovaning singlisi Muhabbatning Ozodlik radiosiga aytishicha, jarqo‘rg‘onlik militsiya xodimlari uni Toshkentga bormasligi uchun ataylab janjal uyushtirgan:

- Opam o‘tgan kuni o‘zimizning Surxon posyolkasida viloyat hokimi ishtirok etgan “Xalq bilan muloqot” uchrashuviga borgan. O‘sha yerda bir xotin ataylab opam bilan janjal qilgan, opamni haqorat qilgan. Xullas, ikki ayol ancha janjallashgan. Hokim “bularning ikkisini ham 15 sutkadan qamanglar”, deb aytibdi. Keyin opam xafa bo‘lib uyga keldi. Orqasidan uchastka noziri yetib keldida, tushuntirish xati yozdirib, olib ketdi. Kecha esa prezident devoni tayinlagan uchrashuvga ketaman deb, yo‘lga chiqqan edi. Lekin kechga tomon “meni milisalar qaytarib olib kelyapti”, deb telefon qildi, deydi Muhabbat.

Uning aytishicha, opasi yarim kechasi sud qilinib, Termiz shahar ichki ishlar bo‘limi izolyatoriga olib ketilgan:

- Kechasi soat birgacha biz melisaxonaning oldida edik. Opamni bizga ham ko‘rsatmasdan, sudyani uyidan chaqirtirib, sud qilishibdi. To‘rt sutkalik qamoq jazosi beribdi. Bularning maqsadi, opamni 22 iyun kuni prezident xalq qabulxonasida bo‘ladigan uchrashuvga yubormaslik bo‘lgan, dedi Muhabbat.

“Prezident vakili opani uchrashuvga taklif etdi”

O‘zbekistonlik mustaqil jurnalist Malohat Eshonqulovaning aytishicha, farzandining o‘limi yuzasidan bir necha bor shikoyat yozgan Karomat Qodirovani prezident virtual qabulxonasi 22 iyun kuni soat 10ga uchrashuvga taklif qilgan edi:

- Karomat opa prezident portaliga o‘g‘lining qotillarini topib jazolash haqida ko‘p shikoyat yozgan. Men ham shu haqda bir videofilm qilib portalga jo‘natgan edim. Uch kun oldin menga portaldan qo‘ng‘iroq qilgan mulozim, “opaga yetkazing, 22 iyun kuni soat o‘nda Ichki ishlar vazirligining san’at saroyida Surxondaryo viloyati sud-huquq tizimi bo‘yicha arizalar tinglanadi, shunga kelsinlar”, deb aytdi. Keyin men opaga tel qilib aytdim, xursand bo‘ldilar va ertagayoq yo‘lga chiqaman, dedilar. Kecha esa soat 20.05da tel qilib, meni milisalar Darbanddan qaytarib olib ketishyapti, deydi Malohat Eshonqulova.

Jarqo‘rg‘on tumani huquq-tartibot idoralaridan birining o‘zini tanishtirmagan mulozimi Karomat Qodirova 19 iyun kuni kechasi soat 12da Jarqo‘rg‘on tumani fuqarolik sudi tomonidan to‘rt sutkaga ma’muriy qamoqqa olinganini tasdiqladi.

Mulozimga ko‘ra, QodirovaO‘zbekiston Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 183 – mayda bezorilik va 194 – militsiya xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik to‘g‘risidagi moddalari bilan ayblangan.

"Yarim kechasi ham sud qilishadimi?"

Mustaqil jurnalist Malohat Eshonqulova fikricha, Karomat Qodirovani sud qilishdan maqsad, uni prezident vakillari bilan bo‘ladigan uchrashuvdan olib qolish bo‘lgan:

- Juda ham qiziq holatlar ro‘y beryapti. Agar ularning opani qamash niyatlari bor ekan, nega kuni bilan uni sudga chaqirmadi? Nega orqasidan quvib kelib, yarim yo‘ldan ushlab olib ketyapti? Nega yarim kechasi, o‘g‘rincha sud qilyapti? Agar opa haqiqatan mayda bezorilik sodir qilgan bo‘lsa, nega o‘sha moddaning birinchi qismi - jarimani qo‘llamayapti, nega aynan ayol kishiga qamoq jazosi beryapti? Yarim kechasi sudyani qaerdan topib kelyapti? Nega mahkamani kunduziga qoldirmayapti? Bularning hammasi nimani ko‘rsatyapti? Buning javobi bitta, ya’ni opani prezident qabuliga yubormaslik, gunohlari ochilib qolishdan hadik, dedi Malohat Eshonqulova.

Ozodlik Jarqo‘rg‘on tumani Fuqarolik ishlari sudidan bu masalaga munosabat ololmadi.

Voqea tarixi

Jarqo‘rg‘onlik tadbirkor Karomat Qodirova tuman militsiyasi xodimlari uning 33 yashar o‘g‘li Murodilla Omonovni qiynab o‘ldirganlikda ayblab keladi.

Joriy yilning 21 yanvar kuni militsiya xodimlari Murodilla Omonovni IIB oldida to‘xtatib, hibsga olgan edi.

“O‘n besh sutkaga qamalgan” deb aytilgan Murodilla Omonov o‘sha kuni kechqurun ichki ishlar bo‘limi izolyatorida o‘lgan.

Rasmiy ma’lumotda, uni o‘z kurtkasi bilan xona eshigi panjarasiga o‘zini osgan, deb ma’lumot berilgan.

Murodilla Omonov
Murodilla Omonov

Bu ish bo‘yicha O‘zbekiston JKning 207-moddasi bilan "mansabga sovuqqonlik, o‘z vazifasiga loqaydlik yoki vijdonsizlarcha munosabatda bo‘lish", degan jinoyat ishi ochilgan va bir nafar militsiya xodimi ishdan bo‘shatilgan.

Ammo, Karomat Qodirova o‘g‘lini militsiya xodimlari urib o‘ldirgan, bu “buyurtma qotillik” deb, iddao qiladi.

XS
SM
MD
LG