Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 14:16

FSB Tulada bir muhojirni hibsga oldi, Vladimir viloyatida - otib o‘ldirdi


O‘zbek muhojiri Tula viloyatida hibsga olindi
O‘zbek muhojiri Tula viloyatida hibsga olindi

19 iyun kuni Rossiyaning Tula viloyatida hibsga olingan o‘zbekistonlik muhojir "Islomiy davlat"ga odam yollaganlikda ayblanmoqda. O‘zbekistonlik Zohid Aslonovni qo‘lga olishda FSB, Ichki ishlar vazirligi va Rosgvardiya kuchlari ishtirok etgani xabar qilindi.

O‘zbek muhojiri qo‘lga olinmasdan "jinoyatchi"ga chiqarildi

2017 yilning 19 iyun kuni Tula viloyatining Novomoskovsk shahridagi ko‘p qavatli uylardan birida FSB, Ichki ishlar vazirligi va Rosgvardiya jangchilari ishtirokida olib borilgan maxsus amaliyot davomida o‘zbekistonlik yana bir muhojir qo‘lga olindi.

Rossiya ommaviy axborot vositalari bu shaxsning ismi Zohid Aslonov va uning yoshi 45 ekanini ma’lum qildi. NTV telekanali o‘zbek migrantini qo‘lga olish jarayonini o‘z reportajlaridan birida yoritdi.

(NTV telekanalining Z.Aslonov haqidagi reportaji)

Telekanalda namoyish etilgan videoda o‘nlab maskalilar kvartirani qurshab oladi.

Taqillagan eshikni ochgan va hech narsani anglamayotgan ko‘rinishidan osiyolik shaxs jangchilar tomonidan pod’ezdning o‘zida erga yiqitiladi.

-Kim biladi – o‘ta xavfli jinoyatchi Zohid Aslonovning cho‘ntagida har narsa bo‘lishi mumkin. Ma’lumki, jinoyatchi nafaqat pistolet, balki granata bilan ham qurollangan bo‘lishi mumkin, - deya izoh beradi FSBning bu harakatlariga sharhlovchi jurnalist.

NTVning bu xabari ortidan Rossiyaning barcha ommaviy axborot vositalari Zohid Aslonovni “jinoyatchi”, “terrorchi” va “IShIDga yollovchi radikal” deb e’lon qilishga tushdi.

Xonaga sudrab kiritilgan o‘zbekistonlik muhojir esa kamera ko‘targan jurnalistlar uchun uyushtirilgan so‘roq davomida boshini ko‘tarib:

- Men oddiy grajdaninman. Ishlayman. Oilaviy odamman. Men bunday ishlar bilan hech qachon shug‘ullanmaganman, - deydi.

Xabarda Zohid Aslonov avvaliga terrorchilik faoliyatiga aloqachi yo‘qligini aytgani, tergov davomida esa “o‘z aybiga iqror bo‘lgani” ma’lum qilindi.

Biroq, lavha davomida o‘zbekistonlikning "aybiga iqror bo‘layotgani" namoyish etilmadi.

Keyin, rus jurnalistlari Zohid kvartirasida “radikal islomiy g‘oyalarni targ‘ib etishga mo‘ljallangan verbovka markazi” tashkil etgani va “Suriyaga urushga odam jo‘natib turganini” aytadi.

Isbot tariqasida fsbchilar kamera oldida “diniy adabiyot” va 3 ming dollar musodara qilinganini ko‘rsatdi.

Shuningdek, o‘zbekistonlikdan jangovar granata, pistolet va patronlar musodara etilgani xabar qilindi.

Buxoroning Buxoro tumanidan bo‘lgan Zohid Aslonovdan Rossiya va O‘zbekiston vatandoshligi pasportlari musodara qilindi.

FSB Zohid Aslonov O‘zbekistonda ham ekstremizm uchun qidiruvda ekani va sirtdan hibs etilganini ochiqladi.

Ozodlik Sankt-Peterburgda sodir etilgan portlash ortidan Rossiyaning turli mintaqalarida “terrorchilik”, “ekstremizm” va IShIDga aloqadorlikda gumonlanib o‘nlab markaziy osiyolik, xususan o‘zbekistonlik muhojirlar qo‘lga olinayotgani to‘g‘risida xabar berib kelmoqda.

Terrorchilik va ekstremizmda ayblanib, qo‘lga olingan o‘zbek, tojik va qirg‘iz migrantlarining aksari ularga qo‘yilayotgan ayblovlarni rad etib kelmoqda.

Vladimirda yana bir muhojir otib o‘ldirildi

Bu xabar chiqishi barobarida Rossiyaning Vladimir viloyatidagi Kovrov shahrida FSB xodimlari ularga go‘yo qarshilik ko‘rsatgan markaziy osiyolikni otib o‘ldirganini e’lon qildi.

Rossiya FSBsining Vladimir viloyat boshqarmasi matbuot xizmati ismi va aniq qaysi davlat vatandoshi ekani sir tutilayotgan muhojir pistoletdan fsbchilarga qarata o‘q uzganidan keyin o‘ldirilganini ma’lum qildi.

O‘ldirilgan migrant “uyida portlovchi moslamalarni yasash bilan shug‘ullanib kelgani” aytildi.

Joriy yilning aprel oyida xuddi shu Vladimir viloyatining Aleksandrov tumanida “qarshilik ko‘rsatgan” yana ikki muhojir otib o‘ldirilgani to‘g‘risida Ozodlik xabar bergandi.

XS
SM
MD
LG