Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 22:53

Migratsiya sohasida Rossiya bilan imzolangan kelishuvlar kuchga kirdi


Sh.Mirziyoev va V.Putin Kremldagi uchrashuv chog‘ida.
Sh.Mirziyoev va V.Putin Kremldagi uchrashuv chog‘ida.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida mehnat migratsiyasi sohasida imzolangan hukumatlararo kelishuvni tasdiqladi. Ayni paytda¸ Rossiyadagi o‘zbek muhojirlari hayotida¸ bunday kelishuvlar ortidan¸ hozircha ijobiy o‘zgarish kuzatilmayotgani aytilmoqda.

Mirziyoev migratsiya masalasidagi Kelishuvni tasdiqladi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev mintaqalararo hamkorlikka ko‘maklashish bo‘yicha O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida imzolangan hukumatlararo kelishuvni tasdiqlovchi qaror chiqardi.

19 iyunda imzolangan PP-3069-sonli “Xalqaro shartnomalarni tasdiqlash to‘g‘risida” nomli hujjat matnida aytilishicha, ikki davlat hukumatlari O‘zbekiston vatandoshlarini Rossiyada vaqtinchalik mehnat qilishga uyushgan holda jalb etish hamda migratsiya sohasida mutasaddi idoralar vakolatxonalarini ta’sis etishga kelishgan.

“2017 yilning 5 aprelida Moskva shahrida imzolangan "O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi hukumatlari o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasi vatandoshlarini Rossiya Federatsiyasida vaqtinchalik mehnat faoliyati bilan shug‘ullanishga uyushgan holda jalb etish to‘g‘risida"gi Kelishuvi; "O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi hukumatlari o‘rtasida migratsiya sohasida o‘zaro hukumat mutasaddi idoralar vakolatxonalarini ta’sis etish Kelishuvi Tasdiqlansin”, deyiladi prezident qarorida.

Bu kelishuvlar Shavkat Mirziyoevning joriy yilning 4-5 aprelida Rossiyaga tashrifi vaqtida imzolangan edi.

Hujjat bor, vaziyat o‘zgargani yo‘q...

Karimov hukumati yillar davomida Rossiyada millionlab o‘zbekistonlikning mehnat muhojiratida yurganini tan olmay kelgan bo‘lsa¸ Mirziyoev hukumati bu masalani Rossiya bilan muzokaralar kun tartibiga qo‘yishga kirishdi.

Mirziyoevning o‘zi Rossiyada yurgan o‘zbekistonliklar haq-huquqini himoyalash lozimligi haqida o‘z chiqishlarida tez-tez gapirib kelmoqda.

- Rossiya Federatsiyasiga davlat tashrifi chog‘ida mehnat migratsiyasi bo‘yicha muhim kelishuvga erishdik. Bizning bu boradagi pozitsiyamiz aniq: odam qaerda bo‘lishidan qat’iy nazar ishlashi, oilasi - bola-chaqasini boqishi kerak. Rossiya Federatsiyasi bilan qo‘l qo‘yilgan migratsiya bo‘yicha muhim kelishuv yillar davomida – 10-15 yil davomida, - bizga azob berib kelardi. Bizga yoqadimi-yoqmaydimi, bizning farzandlarimiz o‘sha yerda ishlayapti! Ularning tinchligi-osoyishtaligi bizga kerak.

Shuning uchun biz ikki taraflama shartnoma imzoladikki, rahbarlari oldida bu masalani ko‘ndalang qo‘ydik: “Xudo hayrlaringni bersin, sizlarning iqtisodiyotlaringga bizni xalq xizmat qilayapti. O‘zbekistondan kelgan har bir fuqaroni sizlar tinchligini, sog‘ligini kafolatlagan sharoitlarni yaratib bering”, deb, birinchi marotaba qo‘l qo‘ydik, dedi Rossiya safari yakunlari haqida gapirgan prezident Shavkat Mirziyoev.

Bunday bayonotlar olqishlanayotgan bir paytda¸ Tomskdagi “O‘zbekiston” milliy-madaniy avtonomiya siraisi Hamza Hamroev, Ozodlik bilan suhbatda, Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida migratsiya masalasida imzolangan shartnomalar ta’siri kundalik hayotda hozircha sezilmaganini aytadi:

- Yangi prezident reformator sifatida yangilik kiritmoqchi, kiritdi deyishayapti. Lekin oddiy grajdaningacha ular yetib kelganicha yo‘q! Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida hujjatlar tuzilgan deyishayapti, ammo birortasini ko‘rmadik. Ularni ochiq-oydik ko‘rsatish kerak, qanaqadir hujjatlar qo‘shilganini xalq bilsin. Odamlarni Rossiyaga ishga yuborishga yollashayapti ekan, lekin bu Moskva kabi katta megapolislarga kelishi mumkin, bizning shaharlarimizda unday katta ishlab chiqarish yo‘q.

Qolaversa, rossiyalik o‘rta va mayda ishlab chiqaruvchilar davlat bilan shartnoma tuzmasdan, soliqdan qochish uchun migrantlarni noqonuniy ishlatishdan manfaatdor. Rossiyaning o‘zida ham vaziyat o‘zgargani yo‘q. Aksincha, murakkablashayapti. Patent narxlari har yili ko‘tarilayapti, medstraxovkani majburiy qilib qo‘ydi, FGUP kabi tashkilotlar tuzilib, ishlari faqat migrantdan pul undirish bo‘lib qolayapti, dedi Hamza Hamroev.

Bugunga kelib, ayrim hisob-kitoblarga ko‘ra, Rossiyada 3 millionga yaqin o‘zbekistonlik muhojiri yashab, mehnat qilmoqda.

Rossiya Ichki ishlar vazirligi ulardan 1,7 millionigina rasman qaydda turishini bildirgan.

XS
SM
MD
LG