Линклар

Prezident Mirziyoevning prokuratura tizimini surunkali tanqid qilishi ortidan respublika idoralararo komissiyasi tomonidan sud-adliya va prokuratura tizimidagi korrupsiyaga qarshi kurash dasturi ishlab chiqilgan. Bu dasturga muvofiq¸ sudya va prokurorlarga uch oydan beri maxsus seminar-treninglar o‘tkazilmoqda.

“Korrupsiyaga qarshi kurashish choralarining samarali amalga oshirilishini ta’minlash” mavzusidagi seminar-treningni o‘tkazayotganlar orasida davlat idoralari vakillari barobarida¸ Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ "Demokratiya va inson haqlari instituti" kabi nohukumat guruhlari ekspertlari ham bor.

Mart oyidan beri o‘tkazilayotgan bu seminarlarining navbatdagisi¸ O‘zbekiston prezidentining 13 iyun kungi kengaytirilgan videoselektor majlisida prokuratura tizimini “poraxo‘rlik illati” urchigan tizim deb tanqid qilganidan keyin¸ 20 iyun kuni boshlangan.

O‘zbekiston adliya-sud va prokuratura tizimidagi adolatsizlik va poraxo‘rlik tanqidiga bag‘ishlagan bu videoselektorda Mirziyoev “prokuratura xodimlarining 70 foiziini ishdan olib tashladik¸ kerak bo‘lsa¸ yana olamiz” deya ta’kidlagan edi.

Ayni majlisda bu yalpi tozalash sababiga to‘xtalgan prezident: “Nega desangiz, ba’zi noinsoflar prokuraturaga illat tashlab ketgan¸ poraxo‘rlik illatini”¸ dedi.

“Biz o‘tkazayotgan seminar-trening prokuratura tizimlarida ana shu poraxo‘rlik illati va korrupsiyaga barham berishni maqsad qilgan” deydi Ozodlik bilan suhbatda seminar tashkilotchisi.

Bosh prokuratura rasmiy saytida berilgan xabarga¸ 20 iyun kuni boshlangan seminarda ishtirok etgan 70 dan ziyod prokuratura xodimi korrupsiya va poraxo‘rlikka qarshi maxsus test topshirmoqda.

"Testda seminarda qatnashgan xodim o‘tilgan mavzular yuzasidan qo‘yilgan savolnomaga javob beradi. Bu savolnomada korrupsiya bilan bog‘liq real holatlardan chiqish yo‘llaridan uchtasi variant sifatida beriladi. Testni muvaqqqiyatli topshirgan xodimlarga sertifikat beriladi¸ bu sertifikat xodimning keyingi karyerasi uchun muhim hujjat bo‘ladi" deydi seminar tashkilotchisi.

Bu mulozim Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi tomonidan tasdiqlanayotgan mavzulardagi seminar-treninglarning kelasi oy ham davom etajagini qo‘shimcha qildi.

Prokuraturada lyustratsiya boshlandimi?

Ozodlik muxbiri bu savolni O‘zbekiston adliya tizimida uzoq yillar ishlagan 2-darajali davlat adliya maslahatchisiga berdi:

- Lyustratsiya¸ total chistka desak, kuchli gapirgan bo‘lamiz. Prokuratura korrupsiyaga moyil kadrlardan tozalanmoqda, desak to‘g‘riroq bo‘ladi. Bir nechta viloyat va o‘nlab tumandagi prokurorlar ishdan olindi. Ularning bir qismi pensiyaga ketdi. Bir qismi uyida ishsiz o‘tiribdi. Bir qismi ustidan jinoiy ish ochilib¸ hibsga olindi¸ deydi suhbatdosh.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi tizimidagi 70 foiz xodimning “ishdan ketkazilishi” borasida tafsilotlarni so‘rab Ozodlik muxbiri prokuratura matbuot xizmatiga murojaat qildi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati vakili Gulnoza Rahimova Ozodlikning telefon orqali berilgan savolini izohsiz qoldirdi.

Prokuratura MXX ta’siridan qutulmoqdami?

O‘zbekiston prokuratura tizimida jiddiy islohotlar bo‘lishidan manfaatdorligini ta’kidlagan Bosh prokuratura rasmiysining Ozodlik bilan mikrofonsiz muloqotda “prokuraturaning MXX nazoratidan qutulaëtganini” ta’kidladi.

"Ishdan ketgan 70 foiz xodim bu 2005 yildan keyin shakllangan tarkibga oid. Ungacha prokuraturada xo‘jako‘rsin tarzida bo‘lsa-da¸ qonun doirasida ishlash uslubi mavjud edi. 2005 yilda prokuratura o‘z mustaqilligini yo‘qotib¸ butkul MXX ta’siriga tushdi. MXX raisining 1-o‘rinbosari Hayot Sharifxo‘jaev (2015 yilda ishdan chetlatilgan - tahr.) O‘zbekiston Bosh prokuraturasining Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Ulug‘bek Xurramov (Ozodlik manbalariga ko‘ra¸ u ham ishdan olingan) bilan birgalikda boy tadbirkorlarni sog‘ish va talash tizimiga asos soldi. Taqdir taqozosi bilan o‘z vaqtida Abdulla Aripov (hozir Bosh vazir) va Kozim To‘laganov (hozir Arxitektura-qurilish nazorati davlat inspektsiyasi boshlig‘i) kabi mulozimlar ham Xurramov tarafidan kamsitilib¸ so‘roq qilindi. Mirziyoev davlat rahbarligiga saylanganidan keyin ikki oy ichida Xurramov va Toshkent shahar prokurorining korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlar bo‘yicha o‘rinbosari Mirag‘lam Mirzaev ishdan olindi. Ulug‘bek Xurramov korrupsiyada ayblanib 18 yilga qamaldi"¸ deydi suhbatdosh.

Ozodlik joriy yil fevralida bu ikki mulozimning ishdan olinganligi haqida respublika prokuraturasi tergovchisiga tayanib ma’lum qilgan edi.

Ulug‘bek Xurramovning qamoqqqa olingani va so‘ngra sud qilinib, 18 yilga qamalganligini Bosh prokuraturada ishlovchi bir-biridan mustaqil ikki xodim tasdiqladi. Bundan tashqari O‘zbekiston marhum prezidentining qayinjiyani Akbarali Abdullaev joriy yilning fevralida Kievda o‘tkazilgan sud majlisida o‘z ustidan jinoiy ish ochgan shaxs - Ulug‘bek Xurramovning 17 yilga qamalganini tilga olgan edi.

Hozircha Bosh prokuratura rasmiy saytida Xurramovning na ishdan olingani va na jazoga tortilganiga oid xabar bor.

Mirziyoevning prokuraturaga uch zarbasi

Respublika prokuraturasi xodimining aytishicha¸ O‘zbekistonning yangi rahbari prokuratura tizimini isloh qilish uchun so‘ngi olti oy ichida uch marta chiqish qilgan.

"Shavkat Miromonovich shu yilning 7 yanvarida Prokuratura organlari xodimlari kuni munosabati bilan yig‘ilish o‘tkazdi va ilk martotaba¸ ohista bir tarzda tizimni tanqid qildi. To‘g‘risini aytish kerak¸ biz bayram kunida bu tanqidni kutmagan edik. Keyin 9 fevraldagi majlisda Mirziyoev O‘zbekiston prokuraturasini "repressiv tizim" deb atadi. Bu safar tanqid darajasi ancha keskin bo‘ldi. O‘sha majlisdan keyin Mirag‘lam Mirzaev va Ulug‘bek Xurramov prokuratura tizimidan chetlashtirildi. Ko‘p xodimlarga o‘zlaridan bilib¸ ishdan ketish taklif qilindi. Tozalash boshlandi. 13 iyun kungi videoslektorda esa prezident O‘zbekiston prokuratura tizimini butkul tozalash haqida gapirdi¸" deydi suhbatdosh.

O‘zbekiston prezidentning davlat telekanallari bir necha bor namoyish qilgan¸ ayni paytda¸ YouTube portalida ham ëyinlangan 13 iyun kungi nutqida Mirziyoev ”prokuratura organlari xodimlarining faqat qoralovchi, jazolovchi tizim vakillari bo‘lib qolishiga barham” berilajagini ta’kidlagan.

XS
SM
MD
LG