Линклар

"O‘zbekipaksanoat" rahbari bir yilda ikki marta pilla yetishtirish rejalanayotganini ma’lum qildi. Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi mutaxassislari mamlakatning tog‘ oldi, salqin hududlarida bu rejani bajarish mumkinligini aytmoqda. Ayrim fermerlar O‘zbekiston iqlimida bu imkonsiz, demoqda.

«O‘zbekipaksanoat» uyushmasi boshqaruvi raisi Bahrom Sharipov O‘zA axborot agentligiga bergan intervyusida bu yil kuzda ikkinchi marta pilla boqilishini ma’lum qildi.

Rais tut bargining bahorda 20 kunda, kuzda bir haftada qotib qolishini aytar ekan, kuzdagi hosil bir muncha kam bo‘lishini aytgan.

O‘zbekiston Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining pillachilikni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Qahhor Yovqochdievning Ozodlikka aytishicha, pilladan ikki marta hosil olish sinab ko‘rilgan:

- Bundan ikki-uch yil oldin ham ikkinchi marta ipak qurti boqib ko‘rganmiz. Bu asosan tog‘li, salqin zonalarda bo‘ladi. Ikkinchi jarayon avgust oyida boshlanadi. Ungacha tutga suvini berib, yaxshi qaralsa, novdalari bir yarim metrgacha o‘sadi. Qurtning kichik yoshida tutning ostidagi endi o‘sayotgan yumshoq bargini berib boqadi. Keyin sekin-sekin, katta barglaridan berib boradi. Bunda novda kesilmaydi, barg terib beriladi, deydi mutaxassis.

Qahhor Yovqochdievning aytishicha, 2014-15 yillarda Xitoydan olib kelingan urug‘ bilan pilladan ikkinchi hosil yetishtirish sinab ko‘rilgan:

- O‘shanda har qutidan 30 kilogrammgacha hosil olingan edi. To‘g‘ri, bahordagi hosilday bo‘lmaydi, lekin qilsa bo‘ladi. Uning uchun maxsus plantatsiyalar qilish kerak, bargi qotmaydigan maxsus tut navlaridan ekish kerak, dedi mutaxassis.

Farg‘onalik fermer Ochil Begmatov bu usul sobiq ittifoq paytida ham sinab ko‘rilgani, biroq foyda bermagani uchun bekor qilinganini aytadi:

- Esimda bor, 1956 yilda pilladan ikkinchi hosil olishga harakat qilingan edi. Lekin, o‘zini oqlamagani uchun boshqa qilmay qo‘yishgan edi. Hozir ham bu usul o‘zini oqlamaydi, chunki bizda tutning bargi tez qotadi. Qurt juda nozik bo‘ladi, barg qotsa emay qo‘yadi va o‘ladi. Buning o‘rniga pillaning xarid narxini oshirib, uni o‘z vaqtida to‘lasa, aholi o‘zi boqib beradi. Bu yil pilla xaridida bizda inqilob bo‘ldi. Prezidentimiz zo‘r qaror qabul qildi, kilosini 15 ming so‘mdan olib, o‘sha joyning o‘zida pulini naqd sanab beryapti. Odamlar yanagi yil pilla boqish uchun ariza beryapti, dedi Ochil Begmatov.

O‘zbekistonda fermerlar pilla xarid narxining pastligi va mashaqqatli mehnatidan tegishli daromad ololmayotganidan shikoyat qilib keladi.

Ayni paytda, O‘zbekistonda ipak qurti boqish fermerlarga majburiy ravishda yuklatilgan. Fermerlar esa, ishchilar haqini bug‘doy yoki somon bilan beradi.

Bu yil ham ba’zi hududlarda aholi pilla pulini ololmayotganidan Ozodlikka bir necha bor shikoyat qilgan edi.

"Men sizga Samarqand viloyati Payariq tumanidan yozmoqdaman. Pilla qurtini bu yil ham boqdik. Davlat haqqini berarmikin? 2016 yilda aytilgan pilla rejasini bajardik, ya’ni 112 kilo pilla yetishtirdik. Biroq, bir so‘m ham bermadi. 2017 yilda esa rejadan ortib, 183 kilo yetishtirdik. Biroq, "pulning o‘rniga bug‘doy beramiz", deb aytmoqda. Yangi prezidentimiz mehnatimizga yarasha haqqimizni berarmikin?" deb yozgan edi samarqandlik pillachilar.

O‘zbekistonda pilla xom ashyosini qayta ishlab, uni tolaga aylantiradigan 26ta korxona faoliyat yuritadi.

“O‘zbekyengilsanoat” davlat hissadorlik kompaniyasidan Ozodlik olgan ma’lumotga ko‘ra, bu korxonalar pilla tayyorlash shirkatlari bilan har yili shartnoma tuzgan.

O‘z ismini ochiqlamagan kompaniya mulozimiga ko‘ra, O‘zbekistonda tayyorlangan pilla tolasining 70 foizi eksport qilinadi, 30 foizi mamlakat ichkarisidagi ipakchilik korxonalari ehtiyoji uchun ishlatiladi.

Yangi tashkil etilgan «O‘zbekipaksanoat» uyushmasi boshqaruvi raisining O‘zA agentligiga aytishicha, uyushma bundan so‘ng fermerlar bilan emas, balki pilla yetishtiradigan xonadonlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzadi.

XS
SM
MD
LG