Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 07:42

"Malomat"dan qochgan Mirziyoev Toshkentda yangi aeroport qurishni to‘xtatdi


"Toshkent-4" loyihasining telekanallar namoyish etgan surati nusxasi.
"Toshkent-4" loyihasining telekanallar namoyish etgan surati nusxasi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev 30 iyun kungi qarori bilan Toshkentda joriy yil qurilishi boshlanishi belgilangan qariyb yangi milliard dollarlik yangi xalqaro aeroport loyihasini to‘xtatib qo‘ydi. Uyi buziladigan yuzlab oila malomatiga qolishni istamagan prezident qarori bilan yangi aeroport qurish o‘rniga¸ hozirgi “Vostochniy” (yangi nomi Islom Karimov) aeroporti bazasida fuqaroviy aviatsiyasining zamonaviy kompleksi barpo etiladigan bo‘ldi.

Mirziyoev "uyi buziladigan xalq malomati"ga qolishni istamadi

Prezident Mirziyoevning 30 iyun kungi qarori "Toshkent-Vostochniy” aerodromi bazasida fuqarolik (ishbilarmonlik) aviatsiyasining zamonaviy kompleksini barpo etish chora tadbirlari to‘g‘risida” (O merax po realizatsii proekta «Stroitelstvo sovremennogo aeroportovogo kompleksa grajdanskoy (delovoy) aviatsii na baze aerodroma «Tashkent-Vostochniy») deb nomlangan.

Bu qarorga muvofiq¸ “Toshkent-4” deb nomlangan yangi xalqaro terminal qurilishi “vaqtincha to‘xtatiladi”; yangi aeroport qurish o‘rniga eskisi ta’mirdan chiqariladi.

O‘zbekiston prezidenti rasmiy saytida e’lon qilingan matnda berilgan izohga ko‘ra¸"yangi aeroport qurilishi juda ko‘p uy va noturar joy binolarini buzish¸ Qorasuv kanalining bir qismini ko‘chirish¸ odamlarni yashab kelgan joyidan chiqarishni talab qilishi¸ bu esa¸ qurilish hududidagi ayrim aholi tomonidan malomatlar bo‘lishiga olib kelishini nazarda tutib¸ mazkur loyihani to‘xtatish haqida qaror chiqarilgan.

“O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasining yer inshootlari va aerodromlar boshqarmasi direktori Anton Xodjayan yanvar oyida matbuotga Toshkent aeroportining yangi terminali qurilishi munosabati bilan 540 oila yashayotgan 1400 uy-xonadonning buzilishi¸ u yerda yashab kelganlarning yangi joyga ko‘chirilishini bildirgan edi.

"O‘zbekiston havo yo‘llari" aviakompaniyasi bosh direktori¸ uyi buziladiganlarning hammasi rozi qilinishini va’da etgan bo‘lsa-da¸ buncha uy-joyning buzilish rejasi aholi noroziligiga sabab bo‘lmay qolmadi. Aytilishicha¸ uyi buzilishga tushganlar prezident portaliga tinimsiz shikoyat xati yo‘llagan.

To‘xtatildimi¸ bekor qilindi?

“O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasining Ozodlik suhbatlashgan rasmiysi¸ qarorda yangi aeroport qurilishining noma’lum muddatga to‘xtatilgani aytilsa-da¸ amalda bu loyihaning bekor etilganini e’tirof qildi.

“Qarorda qurilish vaqtincha to‘xtatilsin¸ deyilgan. Bu vaqtinchami¸ yoki qaysidir muddatda qurilish loyihasi qayta boshlanadimi¸ bunisini biz ham bilmaymiz. Loyiha bekor qilindi¸ desa ham bo‘ladi”¸ dedi milliy aviakompaniyaning shaxsi ochiqlanishini istamagan rasmiysi.

Ozodlik suhbatlashgan loyihaga yaqin mulozimlar¸ Toshkentda yangi xalqaro aeroport qurish rejasi kelajakda qayta tiklangan taqdirda ham¸ uning dastlab ajratilgan hududda bo‘lmasligini bildirdilar.

Uchmay qolgan "Humo"

2016 yilning avgust oyida Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) "Toshkent – 4" deb nomlangan yangi yo‘lovchi terminalini qurish loyihasining texnik-iqtisodiy asosini O‘zbekiston hukumatiga tantanali ravishda taqdim etgan edi.

Koreyalik mutaxassislar 7 oy davomida ishlab chiqqan bu loyihaga ko‘ra¸ Toshkentda umumiy maydoni 86¸94 ming kvadrat metrlik yangi aeroport qurilishi lozim edi.

Joriy yil boshlanib¸ 2019 yilda foydalanishga topshirilishi belgilangan yangi aeroportning bir yilda 5¸7 million yo‘lovchiga xizmat qilishi¸ Toshkent aeroportini xalqaro habga aylantirib¸ mamlakatga kelayotgan sayyohlar oqimini ko‘paytirishga xizmat qilishi haqida o‘nlab chiqishlar bo‘ldi.

“Toshkent-4” deb nom olgan yangi terminal ishga tushganidan keyin soatiga 1500 yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniga ega bo‘ladi. Terminal binosi qanotini keng yoygan Xumo qushiga o‘xshagan bo‘ladi. Terminalda 36 samolyotga chiqish perronlari va 1700 ta avtomobil turar joyi bo‘ladi”¸ deb xabar bergan edi mahalliy nashrlar.

Olti oyda 100 million dollarga qimmatlagan loyiha

2016 yil avgustida koreyalik mualliflar yangi aeroport loyihasi qiymatini 336¸443 million AQSh dollar deb e’lon qilgan bo‘lsa¸ 2017 yil boshiga kelib¸ O‘zbekiston tomoni yangi aeroport narxining 430 million dollar bo‘lishi haqida gapira boshladi.

Ayni paytda¸ Toshkent rasmiylari loyiha mualliflari hisobidagi narx bilan o‘zlari hisoblagan narx o‘rtasidagi qariyb 100 million dollarlik farqning qaerdan kelib chiqqaniga biror izoh bergani yo‘q.

“O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi 430 million dollarning 200 millionini Janubiy Koreyaning “Eksimbank”i tomonidan ajratilishi¸ qolgan qismi kompaniyaning o‘z mablag‘lari va davlat byudjetidan berilishini bildirgan edi.

Janubiy Koreyaning Inchon aeroportida qo‘llanilgan texnologiyalar asosida qurilishi aytilgan yangi aeroport terminaliga joy hozirlash uchun buzilishga tushgan uy-joylar taqdiri haqida hozircha Toshkent shahar hokimligidan aniq ma’lumot olishning imkoni bo‘lmadi.

Ozodlik suhbatlashgan ayrim hukumat mulozimlari¸ aeroport qurilishi to‘xtatilishining asosiy sababi¸ pul yo‘qligi bilan bog‘liqligini bildirdilar.

"Islom Karimov" Toshkentning yagona havo darchasi bo‘lib qoladi

Prezident qarori bilan fuqarolik aviatsiyasining zamonaviy kompleksiga aylantirish topshirilgan "Toshkent-Vostochniy” aerodromining xalqaro terminaliga 4 may kuni Islom Karimov nomi berilgan edi.

O‘zbekistondagi eng yirik xalqaro kirish punkti - mamlakatning asosiy havo darvozasi deb ataladigan bu aeroport esa¸ dunyodagi eng yomon aeroportlardan biri hisoblanadi.

Mirziyoevning 30 iyun kungi yangi qarorida bu aeroportda jiddiy modernizatsiya va rekonstruksiya ishlari¸ kapital remont qilish amalga oshirishni ko‘zda tutuvchi yangi loyihani ishlab chiqish topshirilgan va bu loyiha nazorati yana Bosh vazirga yuklatilgan.

XS
SM
MD
LG